Pedagog xodimlarning attestatsiya jarayonida o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ko‘ra attestatsiya natijasi ular kutgandek bo‘lmaydi. Misol uchun internetning vaqtincha uzulib qolishi, binoda elektr energiyasida uzulishlar kuzatilishi, testlardagi texnik yoki boshqa xatoliklar va boshqalar.
Bunday vaqtlarda pedagog xodimlarga zudlik bilan apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqlaridan foydalanish tafsiya etiladi.
Huquqiy jihatdan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bunga asos bo‘ladi.
Ushbu nizomning 55-bandiga ko‘ra attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog kadrlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida apellyasiya komissiyasiga yozma ravishda ariza (shikoyat) berishlari mumkin.
Bunda ariza (shikoyat) ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Nizomning 59-bandiga ko‘ra apellyasiya komissiyasi pedagog kadrning attestatsiya jarayonlariga oid murojaatini ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
№ | Apellyatsiyani ko‘rib chiqish | Natijada qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qaror |
1 | pedagog kadrning to‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar, shuningdek, sinovlarni o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmasligi | attestatsiya natijalarini o‘zgartirishsiz qoldirish |
2 | pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlanishi | attestatsiya natijalarini o‘zgartirish |
3 | o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovlarini o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlanishi | test sinovlarining qaytadan topshirilishini tashkil etish |
Shunga ko‘ra apellyatsiya natijasida yuqoridagi qarorlardan biri qabul qilinishi mumkin.