Skip to main content

Autsorsing shartnomasining huquqiy tabiati

Globallashuv va raqamli texnologiyalar rivojlanishi sharoitida biznesni tashkil etishning zamonaviy usullaridan biri sifatida autsorsing tobora ommalashib bormoqda. Autsorsing korxonalarga oʻz faoliyatining ayrim yoʻnalishlarini professional tashqi ijrochilarga topshirish orqali samaradorlikni oshirish va xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi. Biroq, Oʻzbekiston qonunchiligida autsorsing shartnomalarini tartibga solishning yagona huquqiy mexanizmi mavjud emasligi amaliyotda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Autsorsing tushunchasi va huquqiy tabiati

Autsorsing (inglizcha “outsourcing” – “tashqi manba”) – kompaniyaning oʻz biznes-jarayonlari yoki funksiyalarining bir qismini boshqa ixtisoslashgan tashkilotga oʻtkazishidir. Huquqiy nuqtayi nazardan, autsorsing shartnomasi fuqarolik-huquqiy shartnomalar tizimida oʻziga xos oʻrin tutadi. Bu shartnoma Fuqarolik kodeksida bevosita tartibga solinmagan boʻlsa-da, FKning 1-moddasida belgilangan shartnoma erkinligi prinsipi asosida tuzilishi mumkin.

Autsorsing shartnomasi oʻzining huquqiy tabiatiga koʻra aralash shartnoma hisoblanadi, chunki unda pudrat va xizmat koʻrsatish shartnomalariga xos elementlar mavjud. Shartnomaning predmetiga qarab, uning tartibga solinishida FKning tegishli normalari qoʻllaniladi.

Masalan, IT-autsorsing shartnomalariga nisbatan pudrat shartnomasi haqidagi normalar, buxgalteriya autsorsingiga esa xizmat koʻrsatish shartnomasi haqidagi normalar tatbiq etilishi mumkin.

Shartnomaning muhim shartlari

Autsorsing shartnomasining eng muhim sharti uning predmeti hisoblanadi. Shartnoma predmeti aniq va batafsil tavsiflangan boʻlishi, bajariladigan ishlar yoki koʻrsatiladigan xizmatlarning toʻliq roʻyxati, sifat standartlari, bajarish muddatlari va boshqa muhim parametrlarni oʻz ichiga olishi lozim.

Tomonlarning huquq va majburiyatlari ham shartnomada aniq belgilanishi kerak. Autsorser (Ijrochi)ni tanlaydigan va unga ish topshiradigan buyurtmachi hamda ishlarni professional darajada bajarishni oʻz zimmasiga oladigan ijrochi (autsorser)ning huquq va majburiyatlari, shuningdek javobgarlik masalalari batafsil yoritilishi lozim.

Shartnomaning narxi va toʻlov tartibi ham muhim ahamiyatga ega. Xizmatlar uchun toʻlov fixed (qatʼiy belgilangan) yoki time & material (vaqt va resurslar sarfiga qarab) usulida belgilanishi mumkin. Toʻlov muddatlari, valyutasi, hisob-kitob shakli aniq koʻrsatilishi maqsadga muvofiq.

Konfidensiallik masalalari alohida eʼtibor talab qiladi. Autsorsing jarayonida buyurtmachining tijorat siri, maxfiy maʼlumotlari autsorserga maʼlum boʻlishi mumkin. Shuning uchun shartnomada konfidensiallik majburiyatlari, maxfiy axborotdan foydalanish tartibi va ushbu majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari aniq belgilanishi kerak.

Amaliyotda autsorsing shartnomalarini tuzish va bajarishda qator muammolar uchraydi:

  1. 1. Shartnoma predmetining noaniq belgilanishi. Bu holat tomonlar oʻrtasida nizolar kelib chiqishiga sabab boʻladi. Yechim sifatida shartnomaga texnik topshiriq, ishlar/xizmatlar spetsifikatsiyasi va boshqa zarur hujjatlarni ilova qilish tavsiya etiladi.
  2. 2. Sifat standartlarining yetarli darajada belgilanmasligi. Buning oldini olish uchun shartnomada sifat koʻrsatkichlari, baholash mezonlari va nazorat mexanizmlari aniq koʻrsatilishi lozim.
  3. 3. Intellektual mulk huquqlari bilan bogʻliq muammolar. IT-autsorsing shartnomalari doirasida yaratilgan dasturiy mahsulotlarga nisbatan mulkiy huquqlarning taqsimlanishi aniq belgilanishi lozim.

Autsorsing shartnomasi zamonaviy biznesning muhim elementi sifatida tobora keng qoʻllanilmoqda. Autsorsing shartnomalarini tuzishda tomonlar shartnomaviy huquqiy asoslarni to‘g‘ri belgilashlari, muhim shartlarni aniq ko‘rsatishlari hamda risklarni hisobga olishlari lozim. Shu bilan birga, qonunchilik va amaliyotni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilishi muhim.

Categories: Fuqarolik huquqi