
Daraxt kesganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Daraxtlar tabiat va inson hayotida beqiyos ahamiyatga ega. Ular atrof-muhitni obodonlashtirib, yashash uchun qulay sharoit yaratadi. Shuningdek, daraxtlar shahar va qishloqlarda estetik goʻzallik, salqinlik va osoyishtalik manbai hisoblanadi. Biroq, shunga qaramasdan koʻpchilik kishilar shaharlardagi daraxtlarni kesib, tabiatni zaharlayotganini koʻrish mumkin.
Bunga qarshi kurashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2021-yil 30-dekabrda qabul qilgan “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida daraxtlarni kesishga moratoriy yaʼni taqiq qoʻyildi.
Daraxtlarni kesganlik uchun javobgarlik bir nechta hujjatlarda belgilangan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 198-moddasiga muvofiq, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni qonunga xilof ravishda kesish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
- ➖bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasiga koʻra, daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish:
- ➖fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha;
- ➖ mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 2-bandiga binoan, ushbu nizom talablari yuridik yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining mulki boʻlgan va ular tomonidan yogʻoch hamda hosil olish maqsadida ekilgan daraxtlar va butalar (teraklar va boshqa tez oʻsadigan daraxt turlari, tutzorlar, mevali daraxtlar va butalar)ga tatbiq qilmaydi deyilgan.
Yaʼni shaxs oʻzining tomorqasidagi mevali daraxt yoki butalarni kesishi qonunga xilof hisoblanmaydi.