Dastlabki shartnoma: amaliyotdagi munozarali masalalar
Dastlabki shartnoma (предварителный договор) fuqarolik huquqidagi muhim institutlardan biri bo‘lib, uning asosiy mazmuni tomonlarning kelajakda muayyan shartlarda asosiy shartnoma tuzish majburiyatini o‘z zimmasiga olishidan iborat. Ushbu shartnomaviy konstruksiya mulkiy munosabatlarni rasmiylashtirish jarayonida muhim o‘rin tutadi, chunki u tomonlarga asosiy bitim tuzishdan oldin yuridik kafolat olish imkonini beradi. Dastlabki shartnoma tuzilishi uchun asosiy shartnomaning predmeti va boshqa muhim shartlari to‘liq kelishilgan bo‘lishi shart. Biroq, amaliyotda ushbu institutning qo‘llanilishi bir qator bahsli va munozarali masalalarni keltirib chiqaradi, bu esa huquqshunoslar tomonidan chuqur tahlil qilinishini talab etadi.
1. Dastlabki shartnomani asosiy shartnomaga qayta kvalifikatsiya qilish muammosi
Dastlabki shartnoma instituti doirasidagi eng keskin munozaralardan biri uning nomiga qaramay, aslida asosiy shartnoma sifatida tan olinishi bilan bog‘liq. A.G. Karapetov tahliliga ko‘ra, agar tomonlar o‘z shartnomalarini “dastlabki” deb nomlasalar-u, lekin unga asosan kelajakdagi asosiy shartnoma bo‘yicha pul to‘lovining to‘liq yoki sezilarli qismini kiritishni nazarda tutsalar, sud amaliyoti bunday bitimni dastlabki shartnoma deb kvalifikatsiya qilmasligi kerak. Bunday shartnoma, aslida, oldindan to‘lov (avans) kiritishni nazarda tutgan, lekin qarshi majburiyatni (asosiy mulkiy taqdim etishni) talab qilib olishgacha qoldirgan, to‘laqonli asosiy shartnoma deb tan olinishi lozim. Bunday qayta kvalifikatsiyaning asosiy maqsadi — tomonning puli kiritilgan, lekin asosiy majburiyat hali bajarilmagan shartnoma asosida to‘laqonli shartnomaviy huquqlarga ega bo‘lishini ta’minlashdir.
2. Imperativ normalarni chetlab o‘tishga urinishlar va real shartnomalar muammosi
Yana bir munozarali holat — tomonlarning dastlabki shartnoma konstruksiyasidan foydalanib, qonunning ayrim imperativ normalarini, xususan, ayrim shartnomalarning real tabiatiga (ya’ni, shartnoma tuzilishi uchun mulkni topshirish zarurligi) oid qoidalarni chetlab o‘tishga urinishlaridir. Ayrim yuristlar, dastlabki shartnomada nazarda tutilgan asosiy shartnomani tuzishga majburlash da’vosi orqali, real shartnoma (masalan, qarz beruvchini pul o‘tkazishga) majbur qilish mumkin deb hisoblashadi. Biroq, A.G. Karapetov bunday amaliyotni normal deb tan olish qiyinligini ta’kidlaydi, chunki agar qonun biron bir shartnomaning real tabiatini imperativ ravishda belgilasa, dastlabki shartnoma orqali bu qoidani aylanib o‘tish maqsadga muvofiq emas. Bu, shartnoma erkinligi va qonunning majburiy qoidalari o‘rtasidagi nozik muvozanat masalasidir.
3. Dastlabki shartnoma shakli va uning oqibatlari
Dastlabki shartnomaga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri – uning yozma shaklda tuzilishidir. Asosiy shartnoma uchun qonun yanada qat’iy shaklni (masalan, notarial rasmiylashtirish yoki yagona hujjat shaklini) talab qilsa, dastlabki shartnoma ham shu shaklga rioya qilishi kerak. Masalan, ko‘chmas mulk oldi-sotdisining dastlabki shartnomasi tomonlar imzolagan yagona hujjat shaklida tuzilishi shart. Biroq, shartnomaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shartnoma shakliga emas, balki uni tuzish tartibi elementiga kiradi. Shu sababli, asosiy shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan taqdirda ham, dastlabki shartnomaning o‘zini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.
4. Asosiy shartnomani tuzishga majburlash da’vosining huquqiy tabiati
Dastlabki shartnoma asosida asosiy shartnomani tuzishdan bosh tortilgan taqdirda qo‘llaniladigan huquqiy himoya choralari nazariy jihatdan muhimdir.
Bir tomondan, kontragent asosiy shartnomani tuzishga majburlash talabini qo‘yish huquqiga ega. Boshqa tomondan, Braginskiy va Vitryanskiy “negativ manfaat”ni (shartnoma tuzishga umid qilish natijasida ko‘rilgan zarar) qoplash bilan kifoyalanishni ham imkoniyat sifatida keltiradi. A.G. Karapetovning ta’kidlashicha, asosiy shartnomani tuzishga majburlash da’vosi rasman “ijroga oid da’vo” (иск о присуждении) bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida u “transformatsiya qiluvchi” (преобразователный) tabiatga ega. Bu shuni anglatadiki, sud da’voni qanoatlantirganda, sud qarori javobgar tomonning asosiy shartnomani tuzishdagi xohish-irodasini almashtiradi (волезамещающее решение). Natijada, sud qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab, asosiy shartnoma sud qarorida ko‘rsatilgan shartlar asosida tuzilgan hisoblanadi. Shundan so‘ng, asosiy shartnomani bajarishdan bosh tortish, endi tuzilgan shartnomaning buzilishi sifatida baholanadi va tegishli sanksiyalarni qo‘llashni talab qiladi.
Dastlabki shartnoma fuqarolik huquqida o‘zining aniq funksiyasiga ega bo‘lgan samarali vositadir. Uning huquqiy tabiati bo‘yicha nazariy yondashuvlar (xususan, Braginskiy va Vitryanskiyning umumiy yondashuvi hamda Karapetovning amaliyot va muammolarni tahlil qilishga asoslangan sharhi) ushbu institutning murakkabligini ko‘rsatadi.
Amaliyotda, ayniqsa, katta miqdordagi pul to‘lovlari kiritilgan hollarda dastlabki shartnomani asosiy shartnomaga qayta kvalifikatsiya qilish, shuningdek, uning real shartnomalar tabiatini chetlab o‘tish maqsadida noto‘g‘ri qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyatga ega. Da’vo chorasi sifatida esa, sud tomonidan majburlash da’vosining “transformatsiya qiluvchi” rolini tushunish asosiy shartnoma munosabatlarini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.