Mehnat kodeksi 237-moddasida homiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bola parvarishlash ta’tili ijtimoiy ta’til ekanligi keltirilgan.
Endi qarang! MK 239-moddasida barcha ijtimoiy ta’tillar vaqtida xodimning avvalgi ish joyi (lavozimi) saqlanib qolishi belgilangan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 405-moddasiga ko‘ra bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Biroq bu o‘qituvchi necha soat bilan dekretga chiqqan bo‘lsa, shu soat bo‘yicha ishga qaytishi kerak degan qoidan bermaydi.
Bu holatda “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami 3271) 15 va 19-bandlari dars taqsimotiga nisbatan qo‘llaniladi.
Ushbu nizomning 19-bandiga ko‘ra homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Demak, dekretdan qaytgan o‘qituvchi ham o‘zining natijalariga erishgan yutuqlariga ko‘ra dars olishi mumkin.