Dereliksiyaning fuqarolik-huquqiy tabiati
Mulk huquqining bekor boʻlish asoslarini aniqlash fuqarolik huquqining muhim masalalaridan biridir. Fuqarolik kodeksiga koʻra, mulk huquqi mulkdorning bir tomonlama qarori asosida ham bekor boʻlishi mumkin . Mazkur norma mulkdorning irodaviy harakati orqali mulk huquqini tugatish imkoniyatini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, mulkdan voz kechish (dereliksiya) institutining huquqiy tabiatiga oid masala hanuzgacha bahsli boʻlib qolmoqda. Anʼanaviy yondashuvlarda u koʻpincha oddiy huquqiy fakt sifatida talqin qilinsa-da, bunday yondashuv mulkdorning irodasi va harakatining huquqiy maqsadini toʻliq ochib bermaydi.
Dereliksiya nima?
Dereliksiya (mulkdan voz kechish) fuqarolik huquqida mulk huquqining bekor boʻlishiga olib keluvchi asoslardan biri sifatida qaraladi. Uning mohiyati mulkdorning oʻziga tegishli mol-mulkdan ixtiyoriy ravishda voz kechishi, yaʼni ushbu mol-mulkka nisbatan egalik, foydalanish va tasarruf etish huquqlaridan ongli ravishda voz kechishida namoyon boʻladi.
Tarixiy jihatdan dereliksiya instituti rim huquqiga borib taqaladi. Rim huquqida mulkdor tomonidan mulkdan voz kechish natijasida ushbu mol-mulk “res nullius” – yaʼni egasiz mulk maqomini olgan va uni birinchi boʻlib egallagan shaxs mulk huquqini qoʻlga kiritgan. Bunda muhim jihat shundan iborat ediki, mulkdorning mol-mulkdan voz kechishi faqat uning aniq va ongli irodasi mavjud boʻlgan taqdirdagina huquqiy ahamiyat kasb etgan.
Dereliksiya haqida klassik yondashuvlar
Dereliksiyaning huquqiy tabiatini aniqlashda eng koʻp uchraydigan yondashuv – uni oddiy huquqiy fakt sifatida talqin qilishdir. Ushbu yondashuv, ayniqsa, Rossiya fuqarolik huquqi doktrinasida uzoq vaqt davomida ustuvor boʻlib kelgan.
RF Fuqarolik kodeksiga koʻra, mulkdor oʻz mol-mulkidan voz kechishi mumkin boʻlib, bu uning irodaviy harakati orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, amaldagi huquqiy tartibga koʻra, mulk huquqi voz kechishning oʻzi bilan darhol bekor boʻlmaydi, balki ushbu mol-mulk boshqa shaxs tomonidan egallanganda tugaydi. Yaʼni, dereliksiya huquqiy natijani yuzaga keltiruvchi murakkab yuridik tarkibning bir qismi sifatida namoyon boʻladi.
Biroq RF fuqarolik huquqida dereliksiyaning aniq kvalifikatsiyasi masalasida yakdil pozitsiya mavjud emas. Bir qator yondashuvlarda u faktik harakat sifatida baholansa, boshqa ilmiy qarashlarda u bir tomonlama bitim sifatida talqin qilinadi. Sud amaliyotida ham ushbu institutga nisbatan turlicha yondashuvlar uchrab, ayrim hollarda voz kechish huquqni bekor qiluvchi asos sifatida eʼtirof etilsa, boshqa hollarda esa huquq saqlanib qoladi degan pozitsiya ilgari suriladi. Bu esa mazkur institutning huquqiy tabiatiga oid masala hanuzgacha toʻliq hal etilmaganligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligida dereliksiya tushunchasi alohida institut sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri ifodalanmagan boʻlsa-da, uning huquqiy asoslari mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksining 197-moddasida mulk huquqi mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiluvchi bir tomonlama qarori asosida bekor boʻlishi mumkinligi belgilangan. Mazkur norma dereliksiyani bevosita nomlamasa-da, uning asosiy elementlarini oʻzida mujassam etadi.
Shu bilan birga, milliy fuqarolik huquqida mulk huquqining bekor boʻlishiga oid boshqa normalar, xususan, mol-mulkni tugatish, olib qoʻyish yoki boshqa asoslar – batafsil tartibga solingan boʻlsa-da, mulkdan voz kechishning huquqiy mexanizmi alohida va tizimli ravishda ochib berilmagan. Bu esa ushbu institutni amaliyotda qoʻllashda muayyan noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Dereliksiya – bir tomonlama fuqarolik-huquqiy bitim sifatida
Dereliksiyaning huquqiy tabiatini aniqlashda asosiy masala uni oddiy huquqiy fakt sifatida emas, balki yuridik ahamiyatga ega boʻlgan irodaviy harakat sifatida baholash zaruratidan kelib chiqadi. Mulkdan voz kechish tasodifiy yoki majburiy harakat emas, balki mulkdorning ongli ravishda qabul qilgan qarori natijasida yuzaga keladi.
Fuqarolik huquqida bitim deganda shaxslarning fuqarolik huquq va majburiyatlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlari tushuniladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, dereliksiya mulk huquqini bekor qilishga qaratilgan boʻlib, u mazkur taʼrifga toʻliq mos keladi.
Mazkur yondashuv Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 197-moddasi bilan ham mos keladi. Ushbu moddaga koʻra, mulk huquqi mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiluvchi bir tomonlama qarori asosida bekor boʻlishi mumkin. Demak, qonunchilikning oʻzi ham mulk huquqini bekor qilishda mulkdorning irodaviy harakatini mustaqil asos sifatida eʼtirof etadi.
Shu bilan birga, dereliksiyani toʻliq bir tomonlama bitim sifatida baholash masalasi muayyan murakkabliklarga ham ega. Xususan, mulk huquqining tugashi faqat voz kechish faktiga bogʻliq emas. Amaldagi huquqiy yondashuvga koʻra, mulk huquqi boshqa shaxs ushbu mol-mulkni egallagan paytdagina toʻliq tugaydi. Bu esa dereliksiyani oddiy bitim sifatida emas, balki murakkab yuridik tarkibning bir elementi sifatida koʻrib chiqish zaruratini yuzaga keltiradi.
Dereliksiya – murakkab yuridik tarkib sifatida
Dereliksiyani fuqarolik-huquqiy bitim sifatida talqin qilish bilan bir qatorda, uning huquqiy oqibatlarini toʻgʻri anglash uchun mazkur institutni murakkab yuridik tarkib sifatida tahlil qilish zarur. Chunki mulk huquqining bekor boʻlishi dereliksiya doirasida bitta harakat bilan emas, balki bir nechta oʻzaro bogʻliq yuridik faktlar natijasida yuzaga keladi.
Fuqarolik huquqida yuridik tarkib deganda muayyan huquqiy oqibatni yuzaga keltiruvchi bir nechta yuridik faktlarning yigʻindisi tushuniladi. Dereliksiya aynan shunday kompleks mexanizm sifatida namoyon boʻladi.
Birinchi bosqich mulkdorning irodaviy harakati – yaʼni mulkdan voz kechishdir. Bu bosqichda mulkdor oʻzining mol-mulkka nisbatan egalik, foydalanish va tasarruf etish huquqlaridan ongli ravishda voz kechadi. Mazkur harakat yuqorida taʼkidlanganidek, bir tomonlama bitim sifatida baholanishi mumkin.
Biroq mazkur harakatning oʻzi bilan mulk huquqi darhol tugamaydi. Bu jihat dereliksiyaning eng muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Amaldagi huquqiy yondashuvga koʻra, mulk huquqining toʻliq bekor boʻlishi uchun ikkinchi yuridik fakt – yaʼni boshqa shaxs tomonidan ushbu mol-mulkning egallanishi zarur.
Demak, dereliksiya ikki asosiy elementdan iborat murakkab yuridik tarkibni tashkil etadi:
- mulkdorning mulkdan voz kechishi;
- boshqa shaxs tomonidan mol-mulkning egallanishi.
Mazkur elementlar oʻzaro bogʻliq boʻlib, faqat ularning yigʻindisi mulk huquqining toʻliq tugashiga olib keladi. Agar mulkdor mulkdan voz kechgan boʻlsa-da, lekin ushbu mol-mulk hali hech kim tomonidan egallanmagan boʻlsa, huquqiy munosabat toʻliq yakunlanmagan.
Bu holat dereliksiyani oddiy yuridik fakt sifatida talqin qilishning yetarli emasligini koʻrsatadi. Chunki bunday yondashuv mulk huquqining bekor boʻlish jarayonidagi bosqichlilikni va qoʻshimcha yuridik faktlarning ahamiyatini inkor etadi.
Murakkab yuridik tarkib nazariyasi dereliksiyaning huquqiy tabiatini yanada chuqurroq ochib beradi. Unga koʻra, dereliksiya – bu faqat mulkdorning irodaviy harakati emas, balki huquqiy natijaga olib keluvchi bosqichma-bosqich jarayon hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu yondashuv amaliy ahamiyatga ham ega. Xususan, mulk huquqining qaysi vaqtda tugaganligini aniqlash, nizolarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi. Agar huquqning tugash vaqti notoʻgʻri belgilansa, bu mulk huquqiga oid nizolarda notoʻgʻri xulosalarga olib kelishi mumkin.
Dereliksiyani amaliy qoʻllash muammolari (avtotransport vositalari misolida)
Dereliksiya institutini nazariy jihatdan fuqarolik-huquqiy bitim va murakkab yuridik tarkib sifatida asoslash mumkin boʻlsa-da, uni amaliyotda qoʻllashda bir qator muhim muammolar yuzaga keladi. Ushbu muammolar, ayniqsa, alohida huquqiy tartibga ega boʻlgan mol-mulk turlari, jumladan avtotransport vositalari misolida yaqqol namoyon boʻladi.
Avtotransport vositalari huquqiy jihatdan maxsus tartibga solinadigan obyekt hisoblanadi. Ularning muomalasi davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan uzviy bogʻliq boʻlib, mulk huquqining vujudga kelishi va bekor boʻlishi ham tegishli roʻyxatga olish harakatlari orqali rasmiylashtiriladi. Shu sababli bunday obyektlarga nisbatan umumiy fuqarolik-huquqiy qoidalarni toʻliq qoʻllash har doim ham mos kelavermaydi.
Amaldagi qonunchilikda mulkdorning avtotransport vositasidan oddiy tarzda, yaʼni hech qanday qoʻshimcha tartib-taomillarsiz voz kechish mexanizmi nazarda tutilmagan. Yaʼni mulkdor oʻz irodasini bildirgan holda transport vositasidan voz kechgan taqdirda ham, bu holatni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish va mulk huquqini bekor qilishning aniq tartibi mavjud emas.
Mazkur holat dereliksiya nazariyasining asosiy qoidalari bilan ziddiyatga kiradi. Yuqorida taʼkidlanganidek, dereliksiya ikki bosqichdan iborat murakkab yuridik tarkibni tashkil etadi: birinchidan, mulkdorning voz kechishi, ikkinchidan esa boshqa shaxs tomonidan mol-mulkning egallanishi. Aynan ushbu ikkinchi bosqich mulk huquqining toʻliq tugashini taʼminlaydi.
Biroq avtotransport vositalariga nisbatan milliy qonunchilikda bunday mexanizm mavjud emas. Xususan, mulkdor tomonidan voz kechilgan transport vositasini boshqa shaxs tomonidan egallash orqali mulk huquqini vujudga keltirish asoslari va tartibi aniq belgilanmagan. Bu esa quyidagi muammolarni keltirib chiqaradi:
Birinchidan, mulk huquqining bekor boʻlish vaqti noaniq boʻlib qoladi. Mulkdor voz kechgan boʻlsa-da, transport vositasi rasmiy reyestrda uning nomida qolaveradi. Natijada u mulkdor sifatida jarimalar yoki boshqa majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlib qolishi mumkin.
Ikkinchidan, uchinchi shaxslar uchun huquqiy noaniqlik yuzaga keladi. Agar boshqa shaxs tashlab ketilgan transport vositasini egallasa ham, u ushbu obyektga nisbatan mulk huquqini qonuniy ravishda rasmiylashtira olmaydi. Chunki bunday asos qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Uchinchidan, amaliyotda “egasiz transport vositasi” instituti deyarli ishlamaydi. Holbuki, dereliksiya konsepsiyasiga koʻra, mulkdor voz kechgan mol-mulk egasiz obyekt sifatida keyinchalik boshqa shaxs tomonidan egallanishi mumkin boʻlishi lozim.
Qisqacha xulosa qiladigan boʻlsak, mavjud huquqiy tartib dereliksiyaning toʻliq amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiladi. Mulkdorning irodaviy harakati mavjud boʻlsa-da, uni yakunlovchi huquqiy mexanizm – yaʼni boshqa shaxs tomonidan mulkni egallash va rasmiylashtirish tartibi yetarli darajada ishlab chiqilmagan.
Mazkur muammoni hal etish uchun, avvalo, mulkdorning transport vositasidan voz kechish tartibini normativ jihatdan aniq belgilash maqsadga muvofiq.
Dereliksiya institutini takomillashtirish boʻyicha takliflar
Yuqorida keltirilgan tahlillar shuni koʻrsatadiki, dereliksiya instituti fuqarolik huquqida nazariy jihatdan mavjud boʻlsa-da, uning amaliy qoʻllanishi, ayniqsa alohida tartibga ega obyektlarga nisbatan, yetarli darajada tartibga solinmagan. Shu sababli ushbu institutni normativ jihatdan takomillashtirish zarur. Bunda:
1. Amaldagi Fuqarolik kodeksining 197-moddasida mulk huquqining bekor boʻlishi mulkdorning bir tomonlama qarori bilan bogʻlangan boʻlsa-da, mazkur norma umumiy xarakterga ega boʻlib, dereliksiyaning huquqiy mexanizmini toʻliq ochib bermaydi.
Shu munosabat bilan Fuqarolik kodeksiga 1971-moddasini kiritish maqsadga muvofiq:
| “Mulkdor oʻziga tegishli mol-mulkdan voz kechishga haqli. Mulkdan voz kechish mulkdorning ushbu mol-mulkka nisbatan egalik, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini saqlab qolmaslikka qaratilgan irodaviy harakati orqali amalga oshiriladi. Mulk huquqi mol-mulk boshqa shaxs tomonidan egallangan paytdan eʼtiboran bekor boʻladi.” |
2. Avtotransport vositalariga nisbatan dereliktsiya mexanizmi amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan bo‘lib, bu amaliy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli quyidagi normativ yechim taklif etiladi:
| “Avtotransport vositasidan voz kechish vakolatli organga ariza berish orqali rasmiylashtiriladi va transport vositasi maxsus reyestrda voz kechilgan mol-mulk sifatida qayd etiladi. Bunday transport vositasi vaqtincha egasiz mol-mulk maqomini oladi va boshqa shaxs tomonidan egallanishi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi orqali mulk huquqi vujudga keladi. Transport vositasi reyestrga kiritilgan paytdan boshlab sobiq mulkdorning ushbu obyekt bilan bog‘liq majburiyatlari bekor qilinadi.” |
Mazkur tadqiqot shuni koʻrsatdiki, dereliksiya fuqarolik huquqida oddiy huquqiy fakt sifatida emas, balki mulk huquqini bekor qilishga qaratilgan bir tomonlama bitim sifatida talqin qilinishi lozim. Shu bilan birga, uning huquqiy natijasi murakkab yuridik tarkib asosida, yaʼni mulkdorning voz kechishi va boshqa shaxs tomonidan mol-mulkning egallanishi orqali yuzaga keladi.