Skip to main content

Familiyadagi “ov” “ova” olib tashlasa boʻladimi?

Kundalik hayotimizda ayrim hollarda kishilarni familiyalarida “ov” qoʻshimchasi yoʻqligini uchratganmiz. Hozirgacha koʻpchilikni oʻylantirgan savol bor buni oʻzgartirsa boʻladimi degan. Yaʼni ayrim shaxslar familiyasiga “ov” qoʻshimchasini qoʻshtirishga harakat qilsa, ayrimlar uni olib tashlashni xohlaydilar.

Savolga bevosita javob beradigan boʻlsak, dastlab, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunga yuzlanadigan boʻlsak, uning 15-moddasida quyidagicha eʼtirof etiladi: “Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, oʻz millatidan qatʼi nazar, oʻz ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy anʼanalarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar”.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 19-moddasida fuqaro qonunda belgilangan tartibda oʻz ismini oʻzgartirishga haqli ekanligi belgilangan. Bunda fuqaroning oʻz ismini oʻzgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi.

Yuqoridagi qoidalarning mazmuni, shaxsga oʻzining ism yoki familiyasini oʻzgartirish huquqini beradi.

“Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga ish yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Adliya Vazirining buyrugʻining 111-bandiga binoan: “Agar shaxs Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra shaxsning familiyasiga “-ev”, “-ov”, “-eva”, “-ova”, ismiga “-xon”, “-xoʻja”, “-xoji”, “-bek”, “-bonu”, “-bibi”, “-begim”, “-zoda”, “mir-”, “abdu-” kabi qoʻshimchalarni, ota ismini yozishda “-evich”, “-ovich”, “-evna”, “-ovna”, “qizi”, “oʻgʻli”, “-iy”, “-zoda” kabi qoʻshimchalarni kiritishni yoki olib tashlashni istasa, bu dalolatnoma yozuviga qoʻshimcha kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.”

Buning uchun fuqarodan FHDY organiga murojaat qilishi talab etiladi.

Xulosa sifatida aytadigan boʻlsak, shaxs ism va familiyasini oʻzgartirishi mumkin. Buning uchun FHDY organlariga murojaat qilish lozim.

Categories: Oila huquqi