Amaliyotda turli baxtsiz hodisalar natijasida xizmat vazifasini bajarayotgan xodim vafot etgan holatlar ham uchrab turadi. Bunday holatda ish beruvchilar oldida xodimning yaqinlariga kompensatsiya to‘lash majburiyati vujudga keladi.
Bunday holatga nisbatan Mehnat kodeksi 329-moddasida qonun chiqaruvchi alohida qoidani belgilaydi. Unga ko‘ra boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga quyidagilarni to‘lashni o‘z ichiga oladi:
- bir yo‘la beriladigan nafaqani;
- boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlarni;
- qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni.
Demak, xodim mehnat majburiyatini bajarish chog‘ida vafot etsa, uning qaramog‘ida shaxslar ish beruvchidan yuqoridagi to‘lovlarni to‘lashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Savol tug‘iladi, bir yo‘la to‘lanadigan nafaqaning miqdori qanday aniqlanadi? Uni ish beruvchi qancha muddatda to‘lashi kerak?
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Qoidalarning 29-bandiga ko‘ra:
boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga ish beruvchi vafot etganning kamida oltita o‘rtacha yillik ish haqining ushbu shaxslar soniga bo‘lingan summasida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘laydi.
Bunda oltita o‘rtacha yillik ish haqi miqdori mazkur Qoidalarga muvofiq hisoblab chiqilgan vafot etganning o‘rtacha oylik ish haqi (daromadi)ni yetmish ikkiga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Misol uchun, ish joyida baxtsiz hodisa sababli vafot etgan xodimning u vafot etishidan oldingi o‘rtacha oylik ish haqi 5.400.000 so‘mni tashkil etsa, uning 6ta yillik o‘rtacha oylik ish haqi 388.800.000 so‘mni tashkil etadi. Demak, bu xodimning qaramog‘ida shaxslar ushbu summani olishga haqli bo‘ladi.
Bunda Qoidalarning 55-bandiga asosan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa zararni undirish huquqi olingan kundan boshlab bir oy mobaynida to‘lanadi.