
Iste’molchilarning o’zlari bilmaydigan muhim huquqlari
Har kuni bizda o‘z maishiy ehtiyojimizni qondirish uchun bozor, do‘kon, rastalardan biror mahsulot sotib olishimizga to‘g‘ri keladi. Iste’molchilarning huquqlari buzilish holatlari ham ko‘p uchrab turadi. Shuning uchun quyida ular bilishi kerak bo‘lgan muhim huquqlari:
“Mahsulot almashtirilmaydi” degan yozuv — qonunga zid. Ko‘plab do‘konlarda: “Mahsulot almashtirilmaydi” degan yozuvni ko‘rish mumkin. Bu mutlaqo qonunga zid. Qonunga ko‘ra, nuqsonli tovar iste’molchi xohishiga ko‘ra:
- •yangisiga almashtirilishi;
- •ta’mirlanishi;
- •yoki puli qaytarilishi kerak.
Noto‘g‘ri reklama bo‘yicha shikoyat qilish huquqiga egasiz. Agar reklama orqali:
- •mahsulot (yoki xizmat) to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan bo‘lsa;
- •uning foydasi asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilgan yoki iste’molchini chalg‘ituvchi mazmundagi axborot berilgan bo‘lsa,
Siz Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga tegishli tartibda murojaat qilish huquqiga egasiz. Eslatib o‘tamiz, noto‘g‘ri reklama tarqatish — amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi.
Siz xarid qilgan mahsulot arzonlashtirilgan narxda bo‘lsa-da unga kafolat berishi lozim. Ya’ni ayrim hollarda do‘konlarda “aksiya” yoki “chegirma”ga tushgan mahsulotlar uchun kafolat yo‘qligi da’vo qilinadi. Biroq agar mahsulot nuqsonli bo‘lsa, xaridor sotuvchidan nuqsonli tovarni ta’mirlash, almashtirish yoki pulni qaytarishni talab qilishi mumkin. Kafolat arzonlashtirilgan mahsulot uchun ham to‘liq amal qiladi.
Xarid qilingan tovar uchun chek olish. Tovar kassa yoki tovar chekisiz sotilishi mumkin emas. Kassa yoki tovar cheki — xaridorning mahsulot yoki xizmat uchun to‘lagan pulini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, u iste’molchi huquqlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Chek mavjud bo‘lsa, xaridor nuqsonli mahsulotni qaytarish yoki almashtirish huquqidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.