
Kredit tarixi nima va uni qanday tekshirish mumkin?
Kredit tarixi — bu sizning moliyaviy intizomingiz, aniqrogʻi, qachon, qancha miqdorda qarz olganingiz va uni qanday qaytarganingiz haqida maʼlumotlar toʻplamidir. Bu maʼlumotlar banklar, mikromoliya tashkilotlari, lizing kompaniyalari va hatto baʼzi doʻkonlar tomonidan shakllantiriladi va almashiniladi.
Kredit tarixi nimalarni oʻz ichiga oladi?
Oʻzbekiston Respublikasining “Kredit maʼlumotlari almashinuvi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, kredit tarixida quyidagi maʼlumotlar aks etadi:
- ➖Qarzdor (jismoniy yoki yuridik shaxs) haqida umumiy maʼlumotlar;
- ➖Olingan kreditlar, muddati, miqdori, qoldigʻi va yopilgan sanasi;
- ➖Muddati oʻtgan qarzdorliklar haqida maʼlumot;
- ➖Garovga qoʻyilgan mol-mulk va uning egasi haqida;
- ➖Sud jarayonlariga tortilgan kreditlar;
- ➖Kredit tarixini tayyorlagan tashkilot haqida maʼlumotlar.
Shuningdek, kredit tarixida siz lizing oluvchi, kafil yoki sugʻurtalovchi sifatida qatnashgan holatlaringiz ham qayd etiladi.
Nega kredit tarixi muhim?
Bank yoki boshqa moliyaviy tashkilot sizga qarz berishdan oldin albatta kredit tarixingizni tekshiradi. Agar siz ilgari kredit olgan boʻlsangiz va uni oʻz vaqtida toʻlagan boʻlsangiz — bu ijobiy baholanadi. Aksincha, kechiktirishlar yoki toʻlovni bajarmaslik holatlari — sizning salbiy moliyaviy reputatsiyangizga sabab boʻlishi mumkin.
Misol uchun, siz ipoteka olishni rejalashtirgan boʻlsangiz, bank kredit tarixingizga qarab qaror qabul qiladi. Agar tarixingiz salbiy boʻlsa — kredit berilmasligi mumkin.
Kredit tarixini qanday tekshirish mumkin?
Siz kredit tarixingizni yiliga bir marta bepul tekshirishingiz mumkin. Buning uchun quyidagi rasmiy manbalardan foydalaning:
- ➖InfoKredit portali(KATM) — xizmat narxi 15 000 soʻm
- ➖Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) — xizmat narxi 13 500 soʻm
Tayyor boʻlgan hisobotni “harakatlar tarixi” boʻlimidan yuklab olishingiz yoki kuzatishingiz mumkin.
Kredit skoringi nima?
Kredit tarixdan tashqari yana bir muhim omil — bu kredit skoringi, yaʼni sizning qarz qaytarish imkoniyatingizni ball tizimi asosida baholashdir. Ushbu ball sizning toʻlov intizomingiz, daromadingizning barqarorligi, yoshingiz va oilaviy holatingiz asosida shakllanadi. Bu skoringni KATM ilovasi orqali bepul kuzatish imkoniyati mavjud.
Agar siz oʻz kredit tarixingizdan ruxsatsiz foydalanish xavfini kamaytirmoqchi boʻlsangiz, “Freeze” xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Bu xizmat orqali siz haqingizdagi maʼlumotlar vaqtincha kredit byurosi tomonidan taqdim etilmaydi. Xizmat narxi — 12 600 soʻm.