Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri bu mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqidir. Bunday ta’minotlardan biri pensiya olish sanaladi.
Ma’lumki, hozirda yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari mavjud va ular qonunda belgilangan asoslar vujudga kelganda to‘lanadi.
Shu bilan birga fuqarolar ushbu pensiyalarga qo‘shimcha ravishda jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘lovlarini olish huquqiga ham ega.
Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘lovlari o‘zi nima?
Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonun 3-moddasiga muvofiq fuqarolarni shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan davlat pensiyasiga qo‘shimcha ravishda pul mablag‘lari bilan ta’minlash – jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti hisoblanadi.
Ushbu jamg‘arma ta’minoti fuqarolarning mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan davrda uning ish haqidan majburiy ravishda ushlab qolish orqali shakllantiriladi. Yoki fuqarolarning ixtiyoriy asosda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ixtiyoriylik asosida kiritiladigan pul mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi.
Qachon to‘lanadi?
Ushbu qonun 16-moddasiga muvofiq jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar pensiya to‘lovlari oluvchi sifatida jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini qonunchilikka muvofiq davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgan taqdirda olish huquqiga ega.
Demak, shaxs pensiyaga chiqqan vaqtda u jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olishga haqli bo‘ladi.
Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘lovi qanday tartibda olinadi?
Bunda jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroda davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asosan bunday to‘lovlarni oluvchining yashash joyidagi Xalq banki filiali tomonidan to‘lanadi (qonun 20-moddasi).
Shunday ekan, shaxs pensiyaga chiqqandan so‘ng tuman pensiya Jamg‘armasining ma’lumoti asosida o‘zi yashaydigan hududdagi Xalq banki filialidan bu to‘lovni olishi mumkin. Bunda to‘lov murojaat qilingan oydan keyingi oyda to‘lanadi.
Agar shaxs bu to‘lovni ololmay vafot etsa, nima bo‘ladi?
Fuqarolik kodeksining 1113-moddasiga asosan meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Shuningdek, yuqoridagi qonunning 17-moddasiga binoan fuqaro vafot etgan taqdirda, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda merosga o‘tadi va merosxo‘rga bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, agar shaxs mazkur to‘lovni olmasdan turib vafot etganda, bu to‘lovlar vafot etgan shaxsning merosxo‘rlariga to‘lanadi.