
Jismoniy shaxslarning bankrotligi
Bugungi iqtisodiy sharoitda har bir inson turli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Baʼzida bu qiyinchiliklar shunchalik jiddiy tusga kiradiki, shaxs oʻz majburiyatlarini bajara olmay qoladi va toʻlovga qobiliyatsizlik holatiga tushadi. Jismoniy shaxslarning bankrotligi, yaʼni fuqarolarning toʻlovga qobiliyatsizligi masalasi dunyoning koʻplab mamlakatlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maqolada jismoniy shaxslar bankrotligining mohiyati, oqibatlari va uni hal qilish yoʻllari haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Jismoniy shaxs toʻlovga qobiliyatsizligi nima?
Fuqarolik kodeksi ushbu tushunchaga huquqiy tarifni nazarda tutadi. Uning 261-moddasiga koʻra jismoniy shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Soddaroq aytganda jismoniy shaxsning bankrotligi – bu fuqaroning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlarini toʻliq hajmda bajara olmasligidir. Bunda shaxs oʻz qarzlarini toʻlash uchun yetarli mablagʻ yoki mulkka ega boʻlmaydi. Bankrotlik (toʻlovga qobiliyatsizlik) holati sud tomonidan eʼtirof etilgandan soʻng, qonuniy kuchga ega boʻladi.
Bankrotlik jarayoni shaxsga moliyaviy qayta tiklash imkoniyatini beradi. Ammo bu jarayon oddiy emas – u muayyan huquqiy va moliyaviy oqibatlarga olib keladi.
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonun 195-moddasi jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi alomatlarini belgilab beradi.
Unga koʻra Toʻlovga qobiliyatsizlik – bu jismoniy shaxsning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlarini yoki davlatga nisbatan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻliq hajmda bajarish imkoniyatidan mahrum boʻlishi bilan bogʻliq huquqiy holatdir.
Agar qarzdor jismoniy shaxs oʻzining moliyaviy majburiyatlarini uch oy ichida bajara olmasa va uning qarzi bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobariga yetgan boʻlsa, u toʻlovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi.
Faraz qilaylik, fuqaro Anvar tijorat bankidan 80 million soʻm miqdorida kredit oldi va har oy maʼlum bir qismini toʻlab borishi kerak edi. Bundan tashqari, u davlat oldida 10 million soʻmlik soliq qarzi ham mavjud.
Anvarning daromadi keskin kamayishi oqibatida u uch oy davomida bankka ham, davlatga ham hech qanday toʻlov amalga oshira olmadi. Shu bilan birga, uning umumiy qarzdorligi 90 million soʻmga yetdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12.08.2024 yildagi PF-108-sonli Farmoniga koʻra 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab bazaviy hisoblash miqdori — 375 000 soʻm etib belgilanganligini hisobga olsak, uning 200 baravari 75 000 000 soʻm boʻladi.
Demak, bu holatda Anvar rasmiy ravishda bankrot deb eʼtirof etilishi mumkin. Shu holatda kreditorlar yoki davlat uning mol-mulkini sotib, qarzni undirish yoʻlini qidirishadi.
Aytish kerakki, bu qoidalar fuqarolarning haddan tashqari qarzga botib ketishining oldini olish va ularga qonuniy asosda muammolarni hal qilish imkonini berish uchun joriy qilingan.
Kimlar jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish uchun daʼvo qilishga haqli?
Qonunning 196-moddasiga asosan qarzdor jismoniy shaxs, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati va boshqa vakolatli organlar jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
№ | Subyektlar | Tasnif | Misol |
---|---|---|---|
1 | Qarzdor jismoniy shaxs | Agar shaxs oʻz qarzlarini oʻz vaqtida toʻlash imkoniyatidan mahrum boʻlsa, u mustaqil ravishda sudga bankrotlik toʻgʻrisida ariza berishi mumkin. | Fuqaro Alisher oʻzining yirik miqdordagi kreditlarini va uy-joy ipotekasini toʻlashga qodir emasligi sababli, sudga bankrotlik arizasi bilan murojaat qiladi. |
2 | Kreditor (qarz beruvchi shaxs yoki tashkilot) | Qarzdor oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kreditor uning bankrotligi toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilishi mumkin | Bank fuqaro Dilshodning kreditini muddati oʻtib ketganiga va u toʻlovlarni amalga oshira olmayotganiga asoslanib, sudga bankrotlik toʻgʻrisida ariza beradi |
3 | Davlat soliq xizmati | Agar fuqaro davlat oldidagi soliq qarzlarini toʻlay olmasa, soliq organlari uning bankrotligini tasdiqlash uchun sudga murojaat qilishi mumkin | Tadbirkor Aziza oʻzining soliq qarzlarini vaqtida toʻlamaganligi sababli, soliq qoʻmitasi sudga uning toʻlovga qobiliyatsizligi haqida ariza kiritadi. |
4 | Boshqa vakolatli organlar | Davlat tomonidan belgilangan boshqa organlar ham agar fuqaroning iqtisodiy ahvoli qiyinlashgan boʻlsa, sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega | MIB fuqaro Bahodirga nisbatan aliment qarzlari toʻlanmaganligi sababli, sudga uning toʻlovga qobiliyatsizligi masalasida ariza kiritadi |
Toʻlovga qobiliyatsizlik qanday oqibatlarga olib keladi?
Toʻlovga qobiliyatsizlik qarzdor jismoniy shaxsning vakolatlarini cheklashga olib kelishi mumkin. Xususan, qonunning 206-moddasi Ushbu modda jismoniy shaxs bankrotlik jarayonida boʻlsa, uning moliyaviy operatsiyalarini nazorat qilishni belgilaydi. Bu shaxs moliyaviy majburiyatlarini qayta tuzayotgan paytda, kreditorlar uning muayyan bitimlarni tuzishiga rozilik berishi kerak boʻladi.
Modda uchta asosiy cheklovni belgilaydi:
1. Mulkni, qimmatli qogʻozlarni va boshqa aktivlarni oʻtkazish yoki sotib olish cheklovi. Qarzdor oʻz mol-mulkini (bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan ortiq boʻlmagan qismida) yoki qimmatli qogʻozlarini, ustav fondidagi ulushlarini va transport vositalarini faqat kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan boshqa shaxslarga oʻtkazishi yoki sotib olishi mumkin.
✅ Misol: Fuqaro Nodir bankrotlik jarayonida, lekin unga tegishli boʻlgan mashinani sotmoqchi. U bu bitimni amalga oshirishdan oldin kreditorlar yigʻilishidan ruxsat olishi kerak. Agar kreditorlar rozilik bermasa, u mashinasini sota olmaydi.
2. Ssudalar, kreditlar, kafilliklar va mol-mulkni boshqaruvga topshirish boʻyicha cheklov. Qarzdor jismoniy shaxs kredit yoki ssuda olishi, kafillik yoki kafolat berishi, qarzni boshqa shaxsga oʻtkazishi, mol-mulkini ishonchli boshqaruvga topshirishi uchun ham kreditorlarning roziligi talab etiladi.
✅ Misol: Fuqaro Maftuna bankrotlik jarayonida boʻlsa-da, bankdan yangi kredit olishni rejalashtirmoqda. Lekin kreditorlar bunga rozi boʻlmasa, u kredit ololmaydi.
3. Mol-mulkni garovga qoʻyish cheklovi. Qarzdor oʻz mol-mulkini garovga qoʻyish orqali yangi majburiyatlar olishni kreditorlar roziligisiz amalga oshira olmaydi.
✅ Misol: Fuqaro Jamshid oʻzining uyini garovga qoʻyib, yangi qarz olishni xohlaydi. Biroq bankrotlik jarayoni tufayli, u avval kreditorlardan ruxsat olishi kerak. Agar kreditorlar bunga rozi boʻlmasa, u uyini garovga qoʻya olmaydi.
Daʼvomi bor…