
Limon qonuni: Isteʼmolchilarning zamonaviy qalqoni
Nuqsonli mahsulotlar oldida huquqiy adolat qanday tiklanadi?
Massaviy ishlab chiqarish zamonida mahsulotlarning barchasi mukammal holatda boʻlishi amri mahol. Shu bois, dunyo boʻylab isteʼmolchilar orasida yaroqsiz, nuqsonli mahsulotlar bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi tabiiy holat. Bunday holatlar isteʼmolchi uchun nafaqat moliyaviy, balki xavfsizlik jihatidan ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ana shunday vaziyatlarga huquqiy yechim sifatida AQShda “Lemon Law” nomi bilan mashhur qonunlar tizimi ishlab chiqilgan.
“Lemon Law” atamasining kelib chiqishi
“Lemon” soʻzining ingliz tilidagi ilk maʼnosi nordon meva boʻlib, keyinchalik bu soʻz nosoz yoki foydasiz mahsulotga nisbatan qoʻllanila boshlagan. 20-asr boshlarida avtomobil sanoatining jadal rivojlanishi natijasida, sifatsiz avtomobillarni isteʼmolchilarga sotish holatlari koʻpaydi. Bu esa davlatni isteʼmolchilarni himoya qiluvchi qonuniy mexanizmlarni ishlab chiqishga undadi. Birinchi rasmiy “Lemon Law” Kaliforniyada 1982-yilda qabul qilingan.
Lemon Law federal va shtatlar darajasida mavjud. Misol uchun, asosiy federal huquqiy asos quyidagilardan iborat:
№ | Qonun nomi | Qonunning maqsadi |
---|---|---|
1 | Magnuson-Moss Warranty Act (1975) | Ishlab chiqaruvchilarni mahsulot kafolatlari haqida aniq maʼlumot berishga majbur qiluvchi qonun. |
2 | Uniform Commercial Code (UCC) | Savdo shartnomalari boʻyicha umumiy qoidalarni belgilaydi. UCC doirasida yaroqsiz mahsulot boʻyicha isteʼmolchining pulini qaytarib olish yoki mahsulotni almashtirish huquqi mavjud boʻlsa-da, “lemon” taʼrifi aniq berilmagan |
AQShning deyarli barcha shtatlarida oʻziga xos Lemon Law qonunlari mavjud. Bu qonunlarda:
- ➖Qanday holatda avtomobil “lemon” deb hisoblanishi;
- ➖Isteʼmolchining huquqlari;
- ➖Ishlab chiqaruvchining majburiyatlari;
- ➖Arbitraj va sud tartiblari belgilangan.
Misol uchun, koʻp shtatlarda agar avtomobil xavfsizlik nosozligi bir martalik taʼmirda tuzatilmasa, yirik nuqson 3-4 martalik taʼmirda bartaraf etilmasa, yil davomida 30 kundan ortiq taʼmirda boʻlsa, u holda isteʼmolchi avtomobilni almashtirish yoki pulini qaytarib olish huquqiga ega boʻladi.
Mercedes va Tesla ishida Limon qonunlari
Marco ismli xaridor Mercedes avtomobilida xavfsizlik kamarlari nosozligiga duch keladi. Bir necha taʼmir urinishlariga qaramay, muammo davom etadi. Barcha hujjatlarni saqlab, ishlab chiqaruvchini xabardor qilgan Marco, mahalliy Lemon Law asosida avtomobilni almashtirishni talab qiladi.
Tesla ishidagi Montgomery esa 100 ming dollarlik Tesla Model S xarid qilib, 66 kunlik taʼmirlardan soʻng refund talab qiladi. Ish sudgacha borib, natijada Tesla xaridor xarajatlarini ham oʻz ichiga olgan holda avtomobilni qaytarib oladi.
Oʻzbekiston qonunchiligida toʻgʻridan-toʻgʻri “Lemon Law” mavjud emas. Ammo “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun va Fuqarolik kodeksining kafolatga oid moddalarida shunga oʻxshash normalar mavjud. Yaroqsiz mahsulot uchun pulni qaytarish, almashtirish yoki bepul taʼmirlash huquqlari belgilangan.
Lemon Law — bu zamonaviy isteʼmolchilar huquqini amaliy jihatdan taʼminlovchi mexanizm. AQShda bu qonunlar nafaqat nazariy himoya, balki real chora (pulni qaytarish) va tovarni almashtirishga olib keladi. Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan huquqiy tizimlarda ham ushbu tajribani oʻrganish va milliy qonunchilikka tatbiq etish isteʼmolchilar manfaatini yanada yaxshiroq taʼminlashga xizmat qiladi.