Mashina boshqarish uchun ishonchnoma qanchalik asosli?
Avtomobil boshqarishda ishonchnoma talab qilinadimi, degan savol Oʻzbekiston amaliyotida faqat huquqiy masala boʻlib qolmay, bevosita moliyaviy oqibatlarga ega boʻlgan muammo sifatida namoyon boʻlmoqda. Amaldagi tartibga koʻra, transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirish fuqaro zimmasiga qoʻshimcha majburiy xarajatlarni yuklaydi. Bu xarajatlar davlat boji va notarial xizmatlar uchun undiriladigan toʻlovlar orqali ifodalanadi.
Xususan, 2025-yil holatiga koʻra bazaviy hisoblash miqdori 412 000 soʻmni tashkil etadi. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, avtomototransport vositalarini boshqarishga oid ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun yaqin qarindoshlarga berilganda BHMning 50 foizi, boshqa shaxslarga berilganda esa BHMning ikki baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Bundan tashqari, Adliya vazirining 2020-yil 29-maydagi 112-mh-son buyrugʻiga asosan, ishonchnoma rasmiylashtirish uchun notarius tomonidan BHMning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov olinadi. Natijada, avtomobilni boshqarish bilan bogʻliq oddiy hayotiy holat fuqaro uchun chorak million soʻmdan qariyb bir million soʻmgacha (fuqaro kamida 247 200 so‘mdan 865 200 so‘mgacha)boʻlgan majburiy moliyaviy yukni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur holat ishonchnoma institutiga nisbatan muhim savolni oʻrtaga qoʻyadi: transport vositasini boshqarish haqiqatan ham ishonchnoma talab qiladigan fuqarolik-huquqiy munosabatmi?
Fuqarolik huquqida ishonchnoma vakillik institutini vujudga keltiruvchi asoslardan biri hisoblanadi. Vakillik esa, oʻz mohiyatiga koʻra, bir shaxsning boshqa shaxs nomidan uchinchi shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy bitimlar tuzishi bilan bogʻliq munosabatdir.
Transport vositasini boshqarish jarayonida esa bitim tuzilmaydi. Haydovchi vakolat beruvchi nomidan uchinchi shaxslar bilan kelishuvga kirishmaydi, huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi yoki oʻzgartirmaydi. Shu bilan birga, uchinchi shaxslar manfaatlari majburiy sugʻurta mexanizmlari orqali himoyalangan. Shunga qaramay, aynan shu faoliyat uchun ishonchnoma talab qilinishi va bu talab moliyaviy xarajatlar bilan mustahkamlanishi, ishonchnoma institutining huquqiy mazmuni va amaliy qoʻllanilishi oʻrtasidagi jiddiy nomuvofiqlikni koʻrsatadi.
Ishonchnoma va vakillikning fuqarolik-huquqiy mazmuni
Ishonchnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga koʻra, bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi.
Mazkur taʼrifdan koʻrinadiki, ishonchnomaning huquqiy ahamiyati uning mavjudligida emas, balki u orqali vakillik munosabatining yuzaga kelishida namoyon boʻladi. Yaʼni, ishonchnoma — bu vakolat beruvchi bilan vakil oʻrtasidagi ichki kelishuv emas, balki uchinchi shaxslar uchun vakillik faktini tasdiqlovchi hujjatdir. Shu sababli ishonchnoma doimo tashqi huquqiy munosabatlarga, aniqrogʻi, vakilning uchinchi shaxslar bilan aloqalariga qaratilgan boʻladi.
Demak, ishonchnomani toʻgʻri tushunish uchun uni alohida hujjat sifatida emas, balki vakillikni vujudga keltiruvchi asoslardan biri sifatida koʻrib chiqish zarur. Bu esa, oʻz navbatida, vakillikning huquqiy mohiyatini aniqlashni talab qiladi.
Vakillik
Vakillik institutining huquqiy mazmuni Fuqarolik kodeksining 129-moddasida ifodalangan. Mazkur normaga koʻra, vakil tomonidan vakolat beruvchi nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi yoki bekor qiladi.
Ushbu norma vakillik institutining markaziy belgisi – bitim tuzish vakolati ekanini koʻrsatadi. Vakillik shundan iboratki, vakil uchinchi shaxslar bilan bitim tuzadi va ushbu bitimning huquqiy oqibatlari bevosita vakolat beruvchiga taalluqli boʻladi. Aynan mana shu jihat vakillikni oddiy faktik harakatlardan ajratib turadi.
Transport vositasini boshqarish: vakillikmi?
Fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan har qanday harakatni vakillik doirasiga kiritish uchun u uchinchi shaxslar bilan bitim tuzishga qaratilgan boʻlishi lozim. Transport vositasini boshqarish esa, oʻz mohiyatiga koʻra, bunday xususiyatga ega emas. Avtomobilni haydash jarayonida haydovchi odatda uchinchi shaxs bilan kelishuvga kirishmaydi, shartnoma tuzmaydi va vakolat beruvchi nomidan huquq yoki majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.
Shu sababli avtomobil boshqarishni bitim sifatida baholash mumkin emas. Bu harakat koʻproq faktik harakat boʻlib, uning huquqiy oqibatlari vakillik orqali emas, balki boshqa institutlar — xususan, maʼmuriy javobgarlik, delikt majburiyatlari va sugʻurta mexanizmlari orqali tartibga solinadi.
Avtomobil fuqarolik huquqida oshiqcha xavf manbai sifatida tan olinadi. Shu sababli, transport vositasini boshqarish bilan bogʻliq munosabatlarda asosiy eʼtibor vakolat masalasiga emas, balki javobgarlik va zarar qoplash mexanizmlariga qaratiladi.
Yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan taqdirda, uchinchi shaxslar oldidagi javobgarlik haydovchining ishonchnomaga ega-emasligiga emas, balki zarar yetkazish faktiga va sugʻurta qoplamasining mavjudligiga bogʻliq boʻladi. Demak, uchinchi shaxslarning huquqlari ishonchnoma orqali emas, majburiy sugʻurta orqali himoyalanadi.
Xorijiy davlatlarda bu masala qanday?
Rossiya va Qozogʻiston amaliyotida transport vositasini kundalik boshqarish uchun ishonchnoma talab qilinmaydi. Ushbu davlatlarda eʼtibor haydovchilik guvohnomasi, transport vositasining roʻyxat hujjatlari va sugʻurta polisiga qaratilgan. Vakillik hujjati faqat avtomobil bilan bogʻliq rasmiy-huquqiy amallarni bajarishda talab etiladi.
Yevropa Ittifoqi davlatlarida, jumladan Germaniyada, ishonchnoma (Vollmacht) haydash uchun emas, balki avtomobilni roʻyxatdan oʻtkazish, bojxona yoki boshqa rasmiy jarayonlarda qoʻllaniladi. Transport vositasini boshqarishda esa vakillik hujjati talab qilinmaydi.
Xitoy va Singapurda ham avtomobil boshqarishning oʻzi uchun ishonchnoma majburiy emas. Vakolat hujjatlari asosan tashkiliy va rasmiy amallarni bajarish uchun ishlatiladi. Bu davlatlarda asosiy eʼtibor sugʻurta va maʼmuriy nazoratga qaratilgan.
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan huquqiy tizimlarda ishonchnoma transport vositasini boshqarish uchun emas, balki faqat vakillik orqali huquqiy harakatlar amalga oshiriladigan holatlar uchun saqlab qolinadi.
Sugʻurta polisi — yetarli va muqobil huquqiy mexanizm
Majburiy fuqarolik javobgarligi sugʻurtasi tizimi aynan shunday vaziyatlar uchun joriy etilgan. Ushbu tizimga koʻra, transport vositasi kim tomonidan boshqarilayotganidan qatʼi nazar, uchinchi shaxslar manfaatlari sugʻurta mexanizmi orqali himoya qilinadi.
Shu maʼnoda, sugʻurta polisi:
- ➖uchinchi shaxslar manfaatlarini himoya qiladi;
- ➖zarar qoplash mexanizmini taʼminlaydi;
- ➖vakillik hujjatiga boʻlgan ehtiyojni bartaraf etadi.
Natijada, transport vositasini boshqarishda ishonchnoma talab qilish sugʻurta institutining huquqiy vazifasi bilan ham mantiqan mos kelmaydi.
Ishonchnoma fuqarolik huquqida vakillikni tasdiqlovchi hujjat boʻlib, u bitim tuzishga qaratilgan munosabatlar uchun moʻljallangan. Transport vositasini boshqarish esa bitim emas, balki faktik harakatdir. Shu bois, avtomobil boshqarish uchun ishonchnoma talab qilish vakillik institutining huquqiy mohiyatiga mos kelmaydi.
Oʻzbekiston qonunchiligida ushbu masala qayta koʻrib chiqilishi, ishonchnoma instituti oʻz funksional chegaralariga qaytarilishi, uchinchi shaxslar manfaatlarini himoya qilish esa sugʻurta va javobgarlik mexanizmlari orqali taʼminlanishi maqsadga muvofiqdir.