Mentor oʻqituvchi kim? U qanday tanlab olinadi?
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.06.2024 yildagi PQ 231-son qaroriga muvofiq maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari faoliyati samaradorligini, taʼlim sifatini oshirishga oid bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirilishi belgilandi.
Xususan, ushbu qarorga muvofiq “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar)da yuqori malakali oʻqituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-oʻqituvchilar tarkibi shakllantiriladi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi, xoʻsh mentor-oʻqituvchi oʻzi kim? U qanday tanlab olinadi?
Yuqoridagi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 7-avgustda 246-son buyrugʻi qabul qilingan. Mazkur buyruqqa 2-ilovada tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etish Tartibi yuqoridagi savollarga javob beradi.
“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etish uchun fanlar (yoki fanlar bloki) kesimida tanlab olingan yuqori malakali oʻqituvchilar mentor-oʻqituvchilar hisoblanadi.
Ushbu tartibning 10-bandida Hududiy ishchi guruhlar tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan taqdim etilgan mentor-oʻqituvchilar tarkibini tasdiqlashi belgilangan.
Bunda tartibning 35-bandiga asosan tuman (shahar) ishchi guruhlar tomonidan oʻquv yilining boshlanishiga qadar:
➖ umumiy oʻrta taʼlim maktablarida fanlar (yoki fanlar bloki) kesimida “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etishga masʼul boʻlgan yetakchi oʻqituvchilar roʻyxati shakllantiriladi.
➖ fanlar (yoki fan bloklari) kesimida har biri 25-30 nafar yetakchi oʻqituvchilardan (imkoniyatdan kelib chiqqan holda tegishli fandan dars beruvchi barcha oʻqituvchilardan) iborat ishtirokchilar guruhlari shakllantiriladi va tasdiqlanadi;
➖ malakali oʻqituvchilar orasidan tanlab olish asosida har bir guruh uchun 1 nafardan mentor-oʻqituvchilar tarkibi shakllantiriladi va tasdiqlash uchun hududiy ishchi guruhga taqdim etiladi.
Shuningdek, mentor-oʻqituvchini tanlashda uning kasbiy mahorati, faolligi va liderlik xususiyatlari hisobga olinadi.