Skip to main content

Merosda taqdim qilish va transmissiya nisbati

Fuqarolik huquqida murakkab va shu bilan birga eng qiziq institutlardan biri vorislikdir. Ushbu institut o‘z ichiga:

  • vorislik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar;
  • vasiyat bo‘yicha vorislik;
  • qonun bo‘yicha vorislik;
  • merosni egallash kabi subinstitutlarni oladi.

Qonun bo‘yicha vorislik bilan bog‘liq qoidalar qatorida taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik hamda meros transmissiyasi bir biriga anchagina yaqin va ko‘p holatlarda chalkashtirishga olib keladi.

Biroq bu ikki qoida bir qator farqli jihatlari bilan bir biridan ajralib turadi. Keling, ular o‘rtasidagi farqlarni ko‘rib chiqamiz.

  1. Taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik Fuqarolik kodeksining 1140-moddasi bilan tartibga solib, unga ko‘ra qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra, merosxo‘r meros qoldiruvchidan avval vafot etganda u taqdim etuvchi sifatida o‘zining ulushini avlodlariga o‘tkazadi. E’tibor beradigan bo‘lsak, qoidada “avlodlar” jumlasi qo‘llanilgan. Mazkur normaga muvofiq taqdim etish huquqi vertikal ko‘rinish kasb etib, taqdim etuvchining merosdagi ulushi faqat avlodlar mavjud bo‘lgandagina o‘tadi.

Taqdim etuvchining avlodlari 2 guruhga ajratiladi.

To‘g‘ri shajara bo‘yicha avlodlarYon shajara bo‘yicha avlodlar
Bola, nevara, chevara, evara va boshqalarJiyanlar
Amakivachchalar (tog‘avachchalar) va ammavachchalar (xolavachchalar)

Misol uchun Valiyev Jasur 2022-yil 2-aprelda vafot etdi. U vafot etgan paytda uning onasi, turmush o‘rtog‘i va 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bor edi. U vafot etganda qonun bo‘yicha vorislik qoidalari qo‘llanilib, merosxo‘rlar o‘z ulushlari egallashdi. Oradan vaqt o‘tib, 2024-yil 23-fevralda onasi Valiyeva Elmira vafot etdi. Ma’lumki, FK 1135-modda bo‘yicha Valiyev Jasur onasidan qolgan merosni olishda 1-darajali merosxo‘rlar tarkibiga kiradi. Lekin u onasidan avval vafot etgani sababli o‘z ulushini ololmagan. Shu sababli J.Valiyevning ulushi uning avlodlariga ( 3ta farzandiga) o‘tishi taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik deb ataladi.

2. Fuqarolik kodeksining 11401-moddasiga asosan vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi. Bu meros transmissiyasi sanaladi.

    Demak, merosxo‘r meros qoldiruvchi vafot etgandan so‘ng o‘ziga tegishli ulushni ololmay vafot etganda unga tegishi kerak bo‘lgan ulushlar uning qonuniy merosxo‘rlarga o‘tadi. Vorislikning bu ko‘rinishi gorizontal ko‘rinishga ega bo‘lib, ulushlar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqdimlanadi.

    Masalan, Davronov Sharif 2023-yil 4-iyunda vafot etdi. Uning farzandi Davronova Asliya otasi vafotidan keyin og‘ir kasallikka chalinib, otasidan qolgan merosdan ulushni olishga ulgurmay 2023-yil 21-dekabr kunida olamdan o‘tdi. Bunday holatda uning merosdagi ulushi Davronovaning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi.

    Bunda FK 1135-moddasiga muvofiq Davronovaning bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega.

    Quyidagi jadvalda taqdim etish va meros transmissiyasi o‘rtasidagi farqlarni ko‘rib o‘tamiz.

     FarqlariTaqdim qilish huquqiMeros transmissiyasi
    1.Qo‘llanilishiFaqat qonun bo‘yicha vorislikdaVasiyatnoma va qonun bo‘yicha vorislikda
    2.Vujudga kelish asosiTaqdim qiluvchi meros qoldiruvchidan avval vafot etgandaTransmittent meros qoldiruvchidan keyin, lekin merosdagi ulushni olmasdan vafot etganda
    3.Merosxo‘rlarAvlodlarQonun bo‘yicha merosxo‘rlar
    4.Huquqning o‘tishiTo‘g‘ri shajara bo‘yicha avlodlar o‘rtasida cheklanmagan doirada o‘tadi;Faqat birinchi darajali merosxo‘lar o‘rtasida taqdimlanadi. 1-darajali merosxo‘rlar bo‘lmaganda keyingi darajalarga o‘tmaydi
    Yo shajara bo‘yicha avlodlar o‘rtasida tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) o‘rniga uning jiyanlariga;

    Ular bo‘lmaganda meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) o‘rniga uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari)ga o‘tadi.
    Transmissiya asosidagi meros ulushi transmissiarning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi.
    Meros ochilgandan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan merosxo‘rga vasiyatnomada meros qoldiruvchi tomonidan vorisdan keyingi voris tayinlangan hollarda meros transmissiya bo‘yicha o‘tmaydi.
    Majburiy ulush sifatida qabul qilib olish huquqi tranmissiya sifatida o‘tmaydi. Chunki merosdan majburiy ulush olish huquqi merosxo‘rning shaxsi bilan ajralmas tarzda bog‘liqdir.
    Categories: Fuqarolik huquqi