Merosni egallash bo‘yicha amaliy qo‘llanma
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, meros masalasi eng ko‘p nizolar, tushunmovchiliklar va kechikishlarga sabab bo‘ladigan huquqiy sohalardan biridir. Aksariyat hollarda muammo qonunning murakkabligida emas, balki meros “o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi” degan noto‘g‘ri tasavvurda bo‘ladi.
Ko‘p odamlar quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yadi:
- ➖meros qoldiruvchi vafot etgach, notariusga murojaat qilmaydi;
- ➖6 oylik muddatning ahamiyatini bilmaydi yoki e’tiborsiz qoldiradi;
- ➖ “men bu uyda yashab kelayapman, demak meros meniki” deb hisoblaydi;
- ➖qarindoshlar o‘rtasida og‘zaki kelishuv bilan cheklanadi.
Natijada esa meros huquqi o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaydi, notarius guvohnoma berishdan bosh tortadi, masala sudgacha yetib boradi.
Aslida esa meros masalasida har bir bosqichning o‘z huquqiy qoidasi va aniq tartibi mavjud. Fuqarolik kodeksi va notariat to‘g‘risidagi qonunchilik meros:
- ➖qachon ochilishi,
- ➖qayerda rasmiylashtirilishi,
- ➖qanday egallanishi,
- ➖qaysi hollarda voz kechilishi yoki taqsimlanishi kabi savollarga aniq javob beradi.
Ushbu maqolaning maqsadi merosni egallash jarayonini oddiy, tushunarli va amaliy tarzda tushuntirishdan iborat. Har bir norma avvalo qisqacha izohlanadi, so‘ng real hayotiy misol bilan ochib beriladi.
Maqola Fuqarolik kodeksi normalari va amaldagi notarial reglamentlarga asoslangan bo‘lib, u oddiy fuqarolar uchun ham, amaliyotda ishlayotgan yuristlar uchun ham foydali qo‘llanma bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
I. Merosning ochilishi vaqti
Merosni egallash jarayonida eng birinchi aniqlanishi lozim bo‘lgan masala – meros qachon ochilgan hisoblanishidir. Chunki merosning ochilish vaqti keyingi barcha huquqiy oqibatlar, xususan, merosxo‘rlar doirasi, 6 oylik muddatning boshlanishi, notariusga murojaat qilish va guvohnoma berish masalalarini belgilab beradi.
Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga ko‘ra, meros quyidagi hollarda ochiladi:
- 1. fuqaroning vafoti munosabati bilan;
- 2. fuqaro sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinganda.
Bunda meros ochilgan vaqt sifatida fuqaroning o‘lgan kuni, zarurat bo‘lsa, aniq vafot etgan payti, agar shaxs sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa, sud qarori qonuniy kuchga kirgan kun (agar qarorda boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa) hisoblanadi.
Misol: Fuqaro Azizov Kabir 2024-yil 10-yanvar kuni vafot etdi. Uning farzandlari meros masalasi bilan 2024-yil iyul oyida shug‘ullana boshladi va “hali 6 oy to‘lmagan” degan fikrda bo‘ldi. Aslida esa 6 oylik muddat vafot etgan kundan boshlab, ya’ni 10-yanvardan hisoblanadi va 10-iyul kuni tugaydi.
Bir sutkada vafot etish holati (komoriyentlar) haqida quyidagi maqolamiz orqali to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin.
Merosni egallashda birinchi qadam – merosning ochilish vaqtini to‘g‘ri aniqlashdir. Aynan shu vaqt 6 oylik muddatning boshlanishini, notariusga murojaat qilish vaqtini, merosxo‘rlar doirasini belgilaydi.
II. Merosning ochilish joyi
Merosni egallashda ikkinchi muhim masala – merosning ochilish joyini to‘g‘ri aniqlashdir. Amaliyotda meros ishlari aynan shu masalada ko‘p hollarda noto‘g‘ri notariusga murojaat qilingani sababli kechikadi yoki rad etiladi.
Fuqarolik kodeksining 1117-moddasiga ko‘ra, meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar bu joy noma’lum bo‘lsa:
- ➖ko‘chmas mulk mavjud bo‘lsa – ko‘chmas mulk (yoki uning asosiy qismi) joylashgan manzil;
- ➖ko‘chmas mulk bo‘lmasa – ko‘char mulkning asosiy qismi joylashgan manzil merosning ochilish joyi deb e’tirof etiladi.
Ushbu norma Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qaroriga 5-ilova bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentda ham mustahkamlangan.
Xususan, reglamentga ko‘ra, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma meros ochilgan joydagi notarius tomonidan beriladi. Bu qoida notarius tomonidan meros ishini qabul qilish yoki rad etishda asosiy mezon hisoblanadi.
Misol: Karimov Anvar Rustamovich Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turgan, Farg‘onada esa vaqtincha yashab kelgan. U vafot etgach, o‘g‘li Karimov Jamshid Anvarovich Farg‘onadagi notariusga murojaat qiladi. Notarius meros ishini ochishni rad etadi, chunki qonunga ko‘ra meros marhumning oxirgi doimiy yashash joyida, ya’ni Toshkent shahrida ochilishi lozim.
III. Merosni egallashning umumiy qoidalari
Meros ochilgani bilan u avtomatik ravishda merosxo‘r nomiga o‘tib ketmaydi. Fuqarolik kodeksining 1145-moddasi merosni egallashning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Mazkur moddaga ko‘ra, merosxo‘r o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan merosni yoki uning ulushini olish huquqiga meros ochilgan vaqtdan e’tiboran ega bo‘ladi, agar u:
- ➖merosdan voz kechmagan bo‘lsa;
- ➖vorislik huquqidan mahrum etilmagan bo‘lsa;
- ➖vasiyat bo‘yicha merosxo‘r etib tayinlash haqidagi farmoyish haqiqiy emas deb topilmagan bo‘lsa.
Bu norma shuni anglatadiki, merosxo‘rda huquq mavjud, biroq bu huquqni amalda rasmiylashtirish alohida harakatlarni talab qiladi.
Misol: Karimov Anvar Rustamovich vafot etgach, uning qizi Karimova Dilnoza Anvarovna merosxo‘r hisoblanadi. U otasining uyida yashab qoladi, lekin 6 oy davomida notariusga murojaat qilmaydi. Dilnoza Anvarovna merosxo‘r bo‘lish huquqiga ega bo‘lsa-da, merosni rasmiy egallash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirmagan hisoblanadi.
Amaliyotda ko‘plab nizolar aynan shundan kelib chiqadiki, merosxo‘r o‘z huquqi borligini biladi, ammo uni belgilangan tartibda rasmiylashtirish zarurligini e’tibordan chetda qoldiradi. Shu sababli “men merosxo‘rman” degan tushuncha bilan “men merosni egalladim” degan tushuncha bir xil emas.
IV. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish tartibi
Merosni egallash jarayonida asosiy bosqich – merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma olishdir. Aynan ushbu hujjat merosxo‘rga meros tarkibidagi mol-mulkni o‘z nomiga rasmiylashtirish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqini beradi.
Fuqarolik kodeksining 1146-moddasiga ko‘ra:
- ➖meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga binoan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berishi shart;
- ➖ushbu guvohnoma, qoida tariqasida, meros ochilgan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach beriladi;
- ➖agar notarius boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma 6 oylik muddat tugamasidan oldin ham berilishi mumkin.
Mazkur qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qaroriga 5-ilova bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentda batafsil ochib berilgan.
Reglamentga muvofiq merosxo‘r notariusga yozma ariza bilan shaxsan yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal (my.gov.uz) yoxud E-notarius axborot tizimi orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin, elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi lozim. Agar zarur hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa yoki meros ishi kechiktirilgan bo‘lsa, notarius guvohnoma berishni rad etishga haqli.
Misol: Karimov Anvar Rustamovich vafot etgach, uning yagona merosxo‘ri bo‘lgan o‘g‘li Karimov Jamshid Anvarovich notariusga murojaat qiladi. Boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi hujjatlar bilan tasdiqlangani sababli, notarius Jamshid Anvarovichga 6 oy to‘liq o‘tmasdan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi.
Merosni egallashda guvohnoma asosiy huquqni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi, guvohnomasiz merosxo‘r mulkni o‘z nomiga rasmiylashtira olmaydi.
Ushbu guvohnoma berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 726-son qarori bilan batafsil tartibga solingan. Guvohnoma berish jarayonida notarius, qoida tariqasida, quyidagi hujjatlarni talab qiladi:
| № | Hujjat nomi | Qisqacha izoh |
| 1 | Meros qoldiruvchining o‘limi to‘g‘risidagi hujjat | O‘lim haqidagi guvohnoma, FHDYdan ko‘chirma yoki tibbiyot muassasasi bergan QR-kodli ma’lumotnoma |
| 2 | Oxirgi doimiy yashash joyi haqida ma’lumot | Ichki ishlar organlari ma’lumotnomasi yoki uy daftaridan ko‘chirma |
| 3 | Meros mulkiga egalikni tasdiqlovchi hujjat | Ko‘chmas mulk bo‘lsa – kadastr ma’lumotnomasi, boshqa mulk bo‘lsa – tegishli hujjatlar |
| 4 | Qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar | Tug‘ilganlik, nikoh guvohnomalari yoki FHDYdan ko‘chirmalar; zarurat bo‘lsa – sud hujjati |
| 5 | Vafot etgan merosxo‘rlar bo‘yicha hujjatlar | Merosxo‘r vafot etgan bo‘lsa – uning o‘limi haqidagi guvohnoma yoki QR-kodli ma’lumotnoma |
| 6 | Meros qoldiruvchining shaxsiy holat hujjatlari | Tug‘ilganlik, nikoh yoki ajrashganlik haqidagi guvohnomalar (yoki FHDY ko‘chirmalari) |
Ayrim fuqarolik holati dalolatnomalariga oid ma’lumotlar merosxo‘r tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, ular notarial idora tomonidan tegishli elektron axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda olinishi mumkin.
Hujjatlar yetishmagan holatda guvohnoma berish.
Agar qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan biri qarindoshlik munosabatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmasa, u boshqa barcha merosxo‘rlarning yozma roziligi asosida guvohnomaga kiritilishi mumkin. Bunday rozilik notarial idorada yozma ariza shaklida rasmiylashtiriladi
Davlat boji va to‘lovlar
Guvohnoma berishda meros tarkibiga kiruvchi mol-mulk turiga qarab davlat boji undiriladi. Bundan tashqari, notarial harakatlar bilan bog‘liq huquqiy va texnik xizmatlar uchun qonunchilikda belgilangan to‘lovlar amalga oshiriladi. Ushbu to‘lovlar guvohnoma berish jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Davlat boji va notarial (huquqiy-texnik) to‘lovlar hisob-kitobi
| To‘lov turi | Stavka | Hisoblash | Summa (so‘m) | Izoh |
| Davlat boji: ko‘chmas mulk / avtotransport | BHM 50% | 412 000 × 0.5 | 206 000 | Har bir ko‘chmas mulk yoki har bir avtomobil uchun |
| Davlat boji: boshqa mol-mulk turlari | BHM 30% | 412 000 × 0.3 | 123 600 | Har bir “boshqa turdagi” mol-mulk uchun |
| Huquqiy-texnik: tushuntirish (meros ishi) | BHM 20% | 412 000 × 0.2 | 82 400 | Odatda “meros ishi” bo‘yicha tushuntirish xizmatlari |
| Huquqiy-texnik: guvohnoma loyihasini tayyorlash | BHM 100% | 412 000 × 1.0 | 412 000 | Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma loyihasi |
| Jami | 824 000 | 1 ta ko‘chmas mulk meros obyekti bo‘lganda guvohnoma uchun summa | ||
V. Merosdan voz kechish
Merosxo‘r merosni egallashi bilan birga undan voz kechish huquqiga ham ega. Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga ko‘ra, merosxo‘r meros ochilgan kundan boshlab istalgan vaqtda merosdan voz kechishi mumkin. Voz kechish faqat meros ochilgan joydagi notariusga yozma ariza berish orqali amalga oshiriladi va keyinchalik bekor qilinmaydi.
FK 1148-modda esa ushbu huquqning chegaralarini belgilaydi. Merosdan faqat qonun yoki vasiyat asosida voz kechish mumkin, merosning muayyan qismidan voz kechish, shart qo‘yib yoki izoh bilan voz kechish mumkin emas.
Misol: Karimov Anvar Rustamovichning qizi Karimova Dilnoza Anvarovna otasidan qolgan merosdan voz kechish uchun notariusga ariza beradi. U keyinchalik fikrini o‘zgartirib, voz kechish arizasini qaytarib olishni xohlaydi, biroq qonunga ko‘ra bu mumkin emas.
Merosdan voz kechish – yakuniy huquqiy harakat hisoblanadi. Shu sababli bunday qaror shoshilmasdan, oqibatlarini to‘liq tushungan holda faqat notarius orqali amalga oshirilishi lozim.
VI. Merosning taqsimlanishi
Merosni qabul qilib olgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlarning istalgan biri merosni taqsimlashni talab qilish huquqiga ega. Taqsimlash, avvalo, merosxo‘rlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi. Agar kelishuvga erishilmasa, meros sud tartibida taqsimlanadi.
Mazkur qoida vasiyatnoma bo‘yicha, meros ulushlari aniq mol-mulk bilan ko‘rsatilmagan hollarda ham qo‘llaniladi.
Misol: Karimov Anvar Rustamovichdan keyin qolgan uyni uning ikki farzandi – Karimov Jamshid Anvarovich va Karimova Dilnoza Anvarovna o‘zaro bo‘lisha olmaydi. Kelishuvga erishilmagani sababli, ulardan biri sudga murojaat qilib, merosni taqsimlashni talab qiladi.
VII. Hozir bo‘lmagan merosxo‘rlarning huquqlari
Agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma’lum shaxs bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar va notarius ularni aniqlash hamda vorislikka chaqirish choralarini ko‘rishi shart.
Agar merosxo‘r topilgan, biroq taqsimotda ishtirok etmagan bo‘lsa:
- ➖u xabardor qilingan kundan boshlab 3 oy ichida javob bermasa,
- ➖qolgan merosxo‘rlar uning ulushini ajratgan holda taqsimot qilishi mumkin.
Agar merosxo‘rning joyi 1 yil davomida aniqlanmasa, meros taqsimoti ushbu tartibda amalga oshiriladi.
Misol: Karimov Anvar Rustamovichning o‘g‘li Karimov Jamshid Anvarovich chet elda bo‘lib, uzoq vaqt aloqaga chiqmaydi. Qolgan merosxo‘rlar uni xabardor qilganidan so‘ng 3 oy o‘tsa-da, javob bo‘lmagani sababli, uning ulushi ajratilgan holda meros taqsimlanadi.
Hozir bo‘lmagan merosxo‘r butunlay chetlashtirilmaydi, uning ulushi saqlab qolinadi.
VIII. Ayrim merosxo‘rlarning imtiyozli huquqlari
Merosni taqsimlashda barcha merosxo‘rlar teng holatda bo‘lavermaydi. Fuqarolik kodeksining 1153-moddasi ayrim merosxo‘rlarga imtiyozli huquq beradi.
Unga ko‘ra:
- ➖meros ochilgunga qadar uch yil davomida meros qoldiruvchi bilan birga yashagan merosxo‘rlar uy-joy, kvartira, turar joy va ro‘zg‘or buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega;
- ➖meros qoldiruvchi bilan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar ushbu mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Bunda imtiyozli huquq boshqa merosxo‘rlarning mulkiy manfaatlarini buzmasligi kerak. Agar imtiyozli huquq amalga oshirilishi natijasida boshqa merosxo‘rlarga ulush ajratish imkoni bo‘lmasa, imtiyozli huquqdan foydalangan merosxo‘r pul yoki mol-mulk bilan kompensatsiya to‘lashi shart.
Misol: Karimov Anvar Rustamovich bilan uning qizi Karimova Dilnoza Anvarovna vafotidan oldingi uch yil davomida bir uyda yashab kelgan. Meros taqsimlanayotganda Dilnoza Anvarovna ushbu uyni olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi, biroq u boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlar uchun pul kompensatsiyasi to‘laydi.
Merosni egallash masalasi oddiy maishiy kelishuv bilan hal etiladigan masala emas. Fuqarolik kodeksi va notariat to‘g‘risidagi qonunchilik meros bo‘yicha aniq ketma-ketlik va majburiy tartibni belgilab qo‘ygan.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, meros bo‘yicha muammolarning aksariyati qonunni bilmaslik emas, balki belgilangan tartibga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqadi. Shu sababli meros masalasida har bir qadamni o‘z vaqtida va huquqiy asosda amalga oshirish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.