Nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishning kafolatlari kengaymoqda
| Aliyev Umidjon Hakimovich Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi |
Sud-huquq islohotlarining iqtisodiy sudlar faoliyatidagi eng ahamiyatli yangiliklaridan biri — mediativ kelishuvga real ijro kuchi berish mexanizmining joriy etilganidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi (bundan keyin Kodeks) bu bo‘yicha 292-bob, ya’ni myediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish bobi bilan to‘ldirilib, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishga oid alohida prosessual tartib mustahkamlandi.
Darhaqiqat, nizolarni sudgacha hal qilish masalasi bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biriga aylanib ulgurgan edi. Sud–huquq sohasidagi tezkor rivojlanish hamda mazkur sohadagi zamonaviy tendensiyalarning kundan kunga taraqqiy etib, zamon talabiga moslashib borayotganligi mediatsiya institutining ham bevosita keyingi bosqichga chiqishiga sabab bo‘ldi.
Xususan, 2025 yil 20 oktyabrda qabul qilingan O‘RQ–1089-son Qonun bilan nizolarni muqobil hal etish tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator huquqiy yangiliklar joriy etildi. Ushbu hujjat amaldagi qonunchilik bazasini takomillashtirish orqali mediatsiya institutining amaliy ahamiyatini kuchaytirishni nazarda tutadi.
Mazkur yangilangan tahrirga muvofiq, mediatsiya nizolarni hal qilishning samarali muqobil usuli sifatida qo‘llanilishi rag‘batlantirilmoqda. Fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarda kelishuvga asoslangan yechimlarga ustuvorlik berish orqali sudlar ish yuklamasini maqbul darajaga keltirish maqsad qilingan.
Shuningdek, eng muhim masalalardan biri bu – mediativ kelishuvning ijro mexanizmi aniqlashtirildi. Agar kelishuv ixtiyoriy tartibda bajarilmasa, uni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish masalasi kelishuv tarafining arizasi asosida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Ayta olamizki, ushbu o‘zgarish haqiqatan ham mediatsiya institutining muhim rivojlanish bosqichlaridan biri bo‘ldi. Sababi mazkur yangilik amalga kiritilgunga qadar mazkur sohada bir qancha muammolar taxlanib qolgan edi. Xususan, oldingi tartib bo‘yicha mediativ kelishuv shartlari bajarilmaganda, taraflar yana qaytadan sudga boshidan murojaat etishi lozim bo‘lar edi. Va bu esa tomonlarni ortiqcha ovoragarchilikka va xarajatga qo‘yar edi.
Mazkur institut amaliyot nuqtai nazaridan iqtisodiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash, shartnomaviy intizomni kuchaytirish va tadbirkorlik muhitida huquqiy ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Ilgarigi tartibda mediativ kelishuv, asosan, taraflarning ixtiyoriy ijrosiga tayanadigan hujjat bo‘lgan bo‘lsa, endi esa, agar kelishuv ixtiyoriy bajarilmasa, manfaatdor taraf iqtisodiy sudga murojaat qilib, ijro varaqasi olish huquqiga ega.
Bu orqali esa mediativ kelishuv asosida ham taraflar suddan ijro varaqa olib, tegishli undiruv harakatlarini amalgi oshirishi mumkin bo‘ladi. Hamda mediativ kelishuv tadbirkor uchun shunchaki kelishuv emas, balki ta’minlangan majburiyatga aylandi va eng asosiysi, mediatsiya institutiga bo‘lgan ishonch sezilarli darajada oshdi.
Sudning ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ajrimining darhol ijro etilishi esa mediatsiya jarayonini amaliy va ta’sirchan mexanizm sifatida shakllantirdi.
Kodeksning 23210 — 23214 -moddalari mediatsiyadan kelib chiqqan ijro masalalarini alohida, ixcham va maqsadli tartibga soladi.
Xususan, myediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak.
Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
Kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra agar mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza mediativ kelishuv tuzgan manfaatdor tarafning vakili tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.
Myediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan bir qatorda, mazkur o‘zgarishlar mediator faoliyatiga nisbatan talablarni ham kuchaytirdi. Mediatsiya to‘g‘risidagi qonunchilik normalari yoki kasb etikasi qoidalarini buzish mediatorga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilishiga asos bo‘lishi ham mazkur o‘zgarishlarning eng muhim nuqtalaridan bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.
Umuman olganda, mazkur yangiliklar sud amaliyotida kelishuv madaniyatini mustahkamlash, investisiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda iqtisodiy nizolarni tezkor va samarali hal etishga xizmat qildi.
Xulosa sifatida ayta olamizki, iqtisodiy sud amaliyoti uchun ushbu institut quyidagi ijobiy natijalarni bermoqda: sud yuklamasi kamayadi — chunki nizo mazmunan ko‘rib chiqilmaydi, myediatsiya jozibadorligi oshadi — tadbirkor mediativ kelishuvning real ijro kafolatiga ishonadi, shartnomaviy intizom mustahkamlanadi — taraflar kelishuv shartlarini bajarishga jiddiy yondashadi, investisiyaviy muhit yaxshilanadi — nizolar tez va prognoz qilinadigan tartibda hal etiladi.
Shu ma’noda, qonunchilikdagi mazkur yangilik va o‘zgarishlarni iqtisodiy adolatni amalga oshirish sohasidagi sifat jihatidan yangi bosqich, deb baholash mumkin.