
Onlayn kredit olishni taqiqlash mumkin?
Bugungi kunda firibgarlar tomonidan fuqarolar nomiga ularning roziligisiz kredit rasmiylashtirish holatlari ortib bormoqda. Bunga qarshi samarali huquqiy mexanizm sifatida fuqarolarga oʻz nomiga kredit olishni taqiqlash imkoniyati yaratildi.
Bu imkoniyat Oʻzbekiston Respublikasi “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunga koʻra, har bir jismoniy shaxs oʻz xohishiga koʻra, uning ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi tuzilishini taqiqlovchi ariza topshirishi mumkin. Bu ariza kredit byurosi tomonidan maxsus roʻyxatga olinadi va shu bilan fuqaro ishtirokisiz kredit rasmiylashtirish qatʼiyan man etiladi.
Taqiq kiritish uchun fuqarolar quyidagi usullardan birini tanlashi mumkin:
- ➖Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron shaklda;
- ➖Davlat xizmatlari markazlari orqali yozma shaklda;
- ➖Kredit byurolariga elektron yoki yozma koʻrinishda.
Qulaylik uchun havola: https://portal.infokredit.uz/login
Ariza yuborilganidan soʻng fuqaro “kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri”ga kiritiladi. Kredit tashkilotlari ushbu reyestrdan maʼlumot olmasdan turib kredit rasmiylashtira olmaydi. Agar reyestr tekshirilmasa va kredit bitimi tuzilsa, barcha huquqiy oqibatlar uchun moliyaviy tashkilotlarning oʻzi javobgar boʻladi.
Qonun buzilgan taqdirda, Markaziy bank kredit byurolariga qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma yuborishi yoki bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 ming baravari miqdorida jarima qoʻllashi mumkin.