Online firibgarlik va erk-irodani oldindan cheklash
So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar fuqarolik muomalasining tashkiliy asoslarini tubdan o‘zgartirdi. An’anaviy modelda bitimlar, odatda, taraflarning shaxsiy ishtiroki yoki ularning vakillari orqali, aniq identifikatsiya va irodaning bevosita ifodalanishi asosida tuzilgan bo‘lsa, raqamli muomalada bitimlar tobora ko‘proq masofaviy va avtomatlashtirilgan shaklga o‘tmoqda.
Elektron platformalar, onlayn bank xizmatlari, masofaviy kreditlash, elektron savdo tizimlari shaxsning jismoniy ishtirokini talab qilmagan holda, minimal texnik identifikatsiya orqali majburiyatlarni vujudga keltirish imkonini bermoqda. Natijada bitim tuzish jarayonida irodaning real mavjudligi emas, balki texnik ruxsat (login, SMS-kod, biometrik belgilar) ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Bu holat fuqarolik huquqining klassik konstruksiyasi — bitim iroda va erk-muxtoriyatining natijasidir — degan qoidasini jiddiy sinov ostiga qo‘ymoqda.
Onlayn firibgarlik: majburiyat bor, iroda yo‘q
Raqamli muomalada keng tarqalgan onlayn firibgarlik holatlarida paradoksal vaziyat yuzaga kelmoqda: shaxs nomidan kredit rasmiylashtiriladi, qarz majburiyati yoki tovar bo‘yicha to‘lov majburiyati paydo bo‘ladi, biroq ushbu majburiyatni vujudga keltirgan iroda real subyektga tegishli bo‘lmaydi.
Boshqacha aytganda, bunday holatlarda:
- ▪️majburiyat shaklan mavjud,
- ▪️huquqiy oqibatlar yuzaga kelgan,
- ▪️lekin ularning asosi bo‘lgan iroda yo‘q.
Fuqarolik huquqida esa iroda — bitimning zaruriy sharti sifatida e’tirof etiladi. Iroda mavjud bo‘lmagan joyda bitimning huquqiy mavjudligi ham shubha ostiga tushadi. Shunga qaramay, amaliyotda jabrlangan shaxslar ko‘pincha “nomidan tuzilgan” bitimlar bo‘yicha majburiyatni bajarishga majbur bo‘lib qolmoqda.
Bu holat onlayn firibgarlikni faqat jinoyat-huquqiy muammo sifatida emas, balki fuqarolik huquqining iroda bilan bog‘liq tizimli muammosi sifatida ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
Amaldagi mexanizmlarning yetarli emas
Onlayn firibgarlikka qarshi amaliyotda qo‘llanilayotgan mexanizmlar asosan axborot va texnik choralar bilan cheklanadi. Xususan, davlat xizmatlari platformalari orqali shaxs o‘z kredit tarixiga kirishni cheklashi mumkin (my.gov.uz saytida shunday xizmat mavjud). Natijada banklar va kredit tashkilotlari ushbu shaxsning kredit tarixini ko‘ra olmaydi va, odatda, kredit ajratmaydi.
Biroq bunday mexanizm shaxsning erk-muxtoriyatini cheklamaydi, irodaning ifodalanishiga huquqiy taqiq qo‘ymaydi, faqat uchinchi shaxslarning axborotga kirish imkoniyatini cheklaydi.
Shu sababli kredit tarixini cheklash — firibgarlikning ayrim shakllarini qisman to‘sishi mumkin bo‘lsa-da, bu tizim faqat banklarda qo‘llaniladi, bankdan tashqari kredit uyushmalari va onlayn do‘konlar yoki platformlarda bu cheklov ishlamaydi. Shuningdek, bunday tizim iroda yo‘qligi muammosini tizimli ravishda hal qilmaydi. U shaxs nomidan tuzilgan bitimni huquqiy jihatdan shubhali yoki haqiqiy emas deb baholash uchun mustaqil asos bo‘la olmaydi.
Demak, mavjud mexanizmlar muammoning ildiziga — irodaning himoyasiga — yetib bormaydi.
Bitim erk-irodaning o‘rni
Fuqarolik huquqida bitim subyektlarning huquq va majburiyatlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan irodaviy harakati sifatida tavsiflanadi. Bunda erk-iroda muayyan bitimni tuzishda uni ma’lum shaklda ifoda etish yoki o‘z erkini oldindan cheklashi mumkin. Fuqarolik muomalasida erk-iroda turli shakllarda ifodalanishi mumkin:
- ▪️shaxs tomonidan bevosita,
- ▪️vakil orqali,
- ▪️elektron yoki masofaviy vositalar yordamida.
Raqamli muomalada aynan uchinchi shakl ustuvorlik kasb etadi. Biroq elektron iroda ifodalanishining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u ko‘pincha iroda egasining real ishtirokini kafolatlamaydi, balki texnik identifikatsiya bilan chegaralanadi.
Umumiy qoida bo‘yicha, agar bitim tuzishda iroda mavjud bo‘lmasa, bitim yo haqiqiy emas deb topiladi yoki umuman tuzilmagan deb baholanadi.
Raqamli firibgarlik holatlarida aynan shu masala eng keskin ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va yangi huquqiy yondashuvlarni talab etadi.
Erk-muxotiyat yoki irodani cheklash
Fuqarolik huquqida erk-muxtoriyatni cheklash institutlari, asosan, tashqi mexanizmlar orqali shakllangan bo‘lib, ular shaxs ixtiyoriga emas, balki uning huquqiy maqomiga yoki qonunda nazarda tutilgan holatlarga bog‘liq holda qo‘llaniladi.
Muomala layoqatining cheklanishi bunday institutlarning klassik ko‘rinishi bo‘lib, voyaga yetmagan shaxslar hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolar mustaqil bitim tuzish huquqidan mahrum etiladi yoki bu huquq cheklanadi. Bu holatlarda huquq alohida bitim bo‘yicha bildirilgan irodaga emas, balki shaxsning umumiy huquqiy holatiga tayanadi, ya’ni cheklov irodaning mazmuniga emas, subyektning statusiga qaratilgan bo‘ladi.
Mazkur yondashuv fuqarolik huquqi irodani cheklash mexanizmlariga ega ekanini ko‘rsatsa-da, bunday cheklovlar faqat tashqi omillar orqali amalga oshiriladi va shaxsning o‘zi tomonidan irodaning oldindan cheklanishi mustaqil institut sifatida hali shakllanmagan…
Shaxsning erk-muxtoriyati va irodasini ifodalash usullarini oldindan cheklash
Raqamli muomaladagi xavflar shaxsni erk-muxtoriyatiga nisbatan faol yondashuvni shakllantirishga majbur qilmoqda. Shu sharoitda shaxsning o‘z irodasini oldindan cheklashi huquqiy jihatdan asoslangan ehtiyoj sifatida namoyon bo‘ladi. Erk-irodani cheklash layoqatli shaxs tomonidan o‘z irodasining ayrim ifodalanish shakllariga ixtiyoriy va huquqiy taqiq qo‘yilishini anglatadi. Bunda gap huquqdan voz kechish yoki muomala layoqatini yo‘qotish haqida emas, balki irodaning aniq ifodalanish shakllarini boshqarish haqida boradi.
Cheklovning obyekti irodaning o‘zi emas, balki uning muayyan ifodalanish shakli bo‘lib, masofaviy kreditlar yoki elektron bitimlar kabi munosabatlarga tatbiq etilishi mumkin. Bunday cheklov erk-muxtoriyatiga zid emas, balki uning ongli ifodasi hisoblanadi va huquqiy ahamiyatga ega bo‘lishi uchun ixtiyoriy, aniq, qayta bekor qilinuvchan hamda uchinchi shaxslar uchun ochiq bo‘lishi lozim.
Bunday cheklovga zid bitimlarning huquqiy kvalifikatsiyasi
Agar shaxs o‘z erk-muxtoriyati doirasida irodasining muayyan shaklda ifodalanishini oldindan qonuniy ravishda cheklagan bo‘lsa, ushbu cheklovga zid tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas hisoblanadi va huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Bunday bitimning haqiqiy emasligi irodaning yo‘qligi bilan emas, balki irodani ifodalashga qo‘yilgan qonuniy taqiq buzilgani bilan izohlanadi. Shu sababli mazkur bitim asosida shaxs zimmasiga majburiyat yuklanishi mumkin emas.
Bunday bitimlar bo‘yicha isbotlash yukining taqsimlanishi ham o‘ziga xos. Bunda shaxs o‘z erk-muxtoriyatini cheklash haqidagi faktni ko‘rsatishi kifoya bo‘lib, bank yoki boshqa professional ishtirokchi ushbu cheklov mavjud emasligini yoki unga rioya qilinganini isbotlashi lozim. Bu yondashuv risklarni adolatli taqsimlash prinsipiga mos keladi, chunki professional ishtirokchi bitim tuzishdan oldin zarur huquqiy tekshiruvni amalga oshirish imkoniyatiga ega hisoblanadi.
Amaliy mexanizm
Taklif etilayotgan modelni amalga oshirish uchun iroda ifodalanishini cheklash bo‘yicha yagona reyestr joriy etilishi lozim. Ushbu reyestr orqali shaxs irodasining qaysi shakllari va qaysi muddatga cheklanganini belgilaydi. Banklar va boshqa professional ishtirokchilar uchun reyestrni tekshirish majburiy bo‘lib, uni tekshirmasdan tuzilgan bitimlar bo‘yicha huquqiy oqibatlar professional subyekt zimmasida qoladi.
Fuqarolik kodeksi shaxsning irodasini ifodalashning ayrim shakllarini cheklash huquqini tan olishi hamda bunday cheklovga zid bitimlar huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligini belgilashi lozim.
Onlayn firibgarlik muammosi texnik kamchiliklar bilan emas, balki irodaning himoyasizligi bilan bog‘liq. Raqamli muomalada shaxsning irodasi ko‘pincha texnik identifikatsiya bilan almashtirilmoqda. Iroda ifodalanishini oldindan cheklash instituti esa ushbu muammoga fuqarolik-huquqiy yechim taklif etadi.
Taklif qilinayotgan model shaxs manfaatlarini kuchliroq himoyalashga, risklarni adolatli taqsimlashga va fuqarolik huquqini raqamli muomala sharoitlariga moslashtirishga xizmat qiladi.