
O‘quvchilar sochi necha santimetr boʻlishi kerak?
Bilamizki, maktablarda yagona forma tashkil qilingan boʻlib, forma bilan birgalikda taʼlim oluvchilarning sochlarining uzunligi ham tartibga solinadi.
Yagona maktab formasini tashkil etishdan maqsad oʻquvchilarning bilimli, odob-axloqli, sogʻlom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs boʻlib yetishishiga koʻmaklashish, oʻzaro tenglik va belgilangan tartib-qoidalarga itoatkorlik hissini uygʻotish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratish, oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish hisoblanadi.
Maktablarda yagona maktab formasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustda qabul qilingan 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida tartibga solinadi.
Ushbu nizomning 7-bandiga muvofiq oʻgʻil bolalarning sochi 2-3 santimetrdan oshmasligi va soqol qoʻymasligi lozim.
Shuningdek, oʻgʻil bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin rangga boʻyagan holda kelishi taqiqlanadi.