Pensioner shifokorlarning toifasi saqlanadi
Pensioner shifokorlar — sogʻliqni saqlash tizimida uzoq yillar davomida ishlab, pensiyaga chiqqan tibbiyot xodimlaridir. Ular oʻz kasb-hunarining eng yuqori darajasida boʻlib, katta tajriba va bilimga ega boʻlgan mutaxassislardir.
Ularning mehnatiga haq toʻlashda malaka toifasi inobatga olinadi. Umumiy qoida boʻyicha malaka toifasi muddati tugagach, vrachlarga mutaxassis stavkasida haq toʻlanadi.
Biroq Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-sentabrdagi 477-son qaroriga ilovada tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga koʻra tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanayotgan va qonunchilikka muvofiq pensiya yoshiga toʻlgan shifokor va farmatsevtlar navbatdagi malaka toifasini berish boʻyicha majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.
Qoidaning mazmuni shundan dalolat beradiki, pensiya yoshidagi shifokorlarning toifasi saqlanadi.