Pravani almashtirish tartibi qanday?
Haydovchilik guvohnomasini almashtirishning ma’lum tartiblari va mezonlari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qaroriga 2-ilovada tasdiqlangan nizomda belgilangan.
Ushbu Nizomning 57-bandiga binoan milliy haydovchilik guvohnomasi egasining belgilangan tartibdagi arizasi, uning oldingi haydovchilik guvohnomasi (eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari uchun — uning taloni ham) hamda egasining fuqarolik pasporti yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat taqdim etilganidan so‘ng almashtiriladi.
Mazkur qarorning 58-bandiga ko‘ra avtomototransport vositalarini oxirgi o‘n ikki oy davomida boshqargan shaxslarning milliy haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtiriladi.
Mazkur qarorning 60-bandida avtomototransport vositasini oxirgi o‘n ikki oy davomida boshqarmagan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladi.
Bunda bir necha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqi berilgan bo‘lsa, imtihon olish komissiyasining qaroriga ko‘ra «B» yoki «C» toifadagi avtotransport vositasida, «D» toifadagi avtotransport vositasini boshqarish huquqi berilgan bo‘lsa, faqat «D» toifadagi avtotransport vositasida amaliy imtihonlar olinadi.