Skip to main content

Sharʼiy nikohda tugʻilgan bolaning nasabi qanday belgilanadi?

Hozirda jamiyatimizda sharʼiy nikoh asosida oila qurib yashab kelayotganlar ham mavjud. Sharʼiy nikoh asosida farzand dunyoga kelsa, bu farzandlarga tugʻilganlik haqidagi guvohnomani olishda muammolarga duch kelinmoqda. Yaʼni bunday holatda ota-onasi, nasl-nasabini aniqlashga toʻgʻri kelmoqda.

Bolaning shu onadan tugʻilganligi (onalik) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga koʻra, bola tibbiy muassasada tugʻilmagan holda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi.

Ota-onaning arizasi boʻyicha bolaning nasl-nasabini belgilash Oila kodeksining 61-moddasiga koʻra bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaxsning otaligi oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.

Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda oʻzini bolaning otasi deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi.

Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.

Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza bolaning tugʻilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tugʻilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash toʻgʻrisida bola tugʻilgandan soʻng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni boʻlmay qolishi yoki mushkul boʻlishini koʻrsatuvchi asoslar mavjud boʻlsa, tugʻilajak bolaning oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli.

Misol uchun, sharʼiy nikoh asosida farzand dunyoga keldi. Bu farzandga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olish kerak boʻladi va mazkur guvohnomaga otasini ismi yozilishi kerak. Bu paytda sharʼiy nikoh asosida farzand dunyoga kelsa, ushbu farzandga otalikni belgilash toʻgʻrisida FXDYO ga ariza topshirishi mumkin.

Categories: Blog