
Sirtqi taʼlim endilikda tugatiladimi?
Bilamizki, Oʻzbekistonda shu paytgacha taʼlimning kunduzgi, sirtqi, masofaviy va kechki shakllari mavjud edi. Kunduzgi taʼlim shaklining muddati 3 yildan kam boʻlmasligi lozim. Masofaviy taʼlim boʻyicha oʻqish davomiyligi tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan oʻqish davomiyligi muddatidan kam boʻlishi mumkin emas.
Sirtqi va kechki (smenali) taʼlim shakli Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi 930-sonli qaroriga muvofiq nizom orqali tashkil qilingan boʻlib, sirtqi taʼlimda oʻqish muddati 5 yilni, kechki (smenali) oʻqish muddati esa kamida 4,5 yilni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-76 sonli “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonining 7-bandining “a” kichik bandiga muvofiq 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatilib, kunduzgi taʼlimdan boshqa muqobil taʼlim shakllari boʻyicha kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Yaʼni endilikda sirtqi taʼlim uchun boʻlgan kvotalarni taʼlim kunduzgidan boshqa shakllari boʻlmish masofaviy va kechki shakliga taqsimlanishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, bu yil OTMga hujjat topshiruvchi abituriyentlar sirtqi taʼlim boʻyicha hujjat topshira olmaydi. Buning oʻrniga ular kunduzgi, masofaviy yoki kechki taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirishi mumkin.