Skip to main content

Subsidiya uchun qanday mezonlar bor, qayerga murojaat qilish kerak?

Subsidiya olish uchun davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali ariza beriladi. Bunda anketa-ariza elektron tarzda toʻldiriladi va mazkur xizmat mutlaqo bepul hisoblanadi.

Subsidiya daromadi yuqori boʻlmagan fuqarolar yoki oilalarga beriladi. Ariza beruvchi va/yoki uning turmush oʻrtogʻining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) oʻrtacha daromad miqdori:

➖ Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha*;

➖ Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha boʻlishi zarur.

Ariza beruvchi oʻzining daromadi yetmasa, uning xohishiga koʻra, daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.

Subsidiya ajratishning mezonlari bor, ularning birinchisi yuqorida keltirilgan oylik daromad miqdori sanaladi. Ikkinchisi, arizachining amaldagi turar joyining maqomi:

➡️ijara (er-xotinning oʻz mulkida uy-joyi mavjud emas) egasining ruxsati bilan tekin turar joy (er-xotinning oʻz mulkida uy-joyi mavjud emas) ariza beruvchining oʻz mulkida yakka tartibdagi uy-joyi mavjudligi (yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun). Uchinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslar:

➡️ “labor-migration” dasturida roʻyxatdan oʻtgan mehnat migranti;

➡️olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi;

➡️yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar. Toʻrtinchidan, ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxslarning quyidagi toifaga mansubligi:

➡️birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs;

➡️surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi;

➡️ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan. Ijtimoiy mezonlar asosida 30 (jami 50 baldan) va undan yuqori ball toʻplaganlarga subsidiya beriladi.

Quyidagi hollarda subsidiya ajratish rad etiladi:

1 arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

2 maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlganda;

3 ilgari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida kvartira yoki uy-joy hamda subsidiya olganlar ariza berganida;

4 joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;

5 ariza beruvchi va/yoki oilaning oʻrtacha oylik daromadi yuqorida koʻrsatilgan daromaddan koʻp yoki kam boʻlganida. Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas, ariza rad etilganidan soʻng yana qayta murojaat qilish mumkin. Subsidiya oluvchilar koʻp boʻlganda, dastlab birinchi ariza berganlarga subsidiya ajratiladi.

 Dastlabki toʻlov uchun 30 mln soʻm subsidiya beriladi. Shuningdek, subsidiya asosida olingan kredit foizining 12 foizidan oshgan qismi qoplab beriladi, ilgari 10 foizidan oshgan qismiga berilgan. 2025 yildan boshlab esa faqat Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan miqdor qoplab beriladi.

*Izoh:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12.08.2024 yildagi PF-108-son Farmoniga koʻra 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori — oyiga 1 155 000 soʻm etib belgilangan.