Skip to main content

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun mehnatga haq toʻlash tartibi qanday?

Mehnat kodeksining 245-moddasiga asosan, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning oʻzida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir.

Tibbiyot xodimlari uchun ham normativ-huquqiy hujjat mavjud boʻlib, 276-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida batafsil tarif setkasi qayd etilgan. Unga koʻra, malaka toifasiga qarab,

◾️ Kichik tibbiyot xodimlari uchun tarif setkasi boʻyicha quyidagicha haq toʻlanadi:

1. Barcha nomlardagi sanitarka va boshqa kichik tibbiyot xodimlari-1 842 000 soʻm;

2.Bemorlarni parvarish qiluvchi kichik hamshira-1 842 000 soʻm;

3. Xoʻjalik bekasi-2 027 025 soʻm;

4.Tuman kasalxonalari va ixtisoslashtirilgan klinikalarning reanimatsiya boʻlimlari (intensiv terapiya boʻlimlari)da ishlaydigan, bemorlarni parvarish qiluvchi kichik hamshiralarga 2 027 025 soʻm miqdorda haq toʻlanadi.

◾️ Oʻrta tibbiyot xodimlari uchun esa quyidagicha haq toʻlanadi:

1.Oliy maʼlumotga ega boʻlmagan davolovchi jismoniy tarbiya yoʻriqchisiga va metodistiga-2 027 025 soʻm;

2.Tibbiy roʻyxatdan oʻtkazuvchi, dezinfektor-2 027 025 soʻm;

3. Barcha nomlardagi tibbiyot hamshirasi, shafqat hamshirasi, feldsher, akusherka, laborant, rentgen laboranti, tibbiyot statistigi, tish texnigi, tibbiy-ijtimoiy xodimga

— toifasiz boʻlsa 2 027 025 soʻm;

— II toifaga ega boʻlgan xodimga 2 230 305 soʻm;

— I toifali xodimga 2 452 065 soʻm;

— oliy toifali xodimga 2 698 080 soʻm haq toʻlanadi.

4.Operatsiya hamshirasi, anestezist-hamshira, reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlari hamshirasi, tugʻuruqxona (boʻlim)ning akusherkasi, sanitariya vrachining yordamchisi, parazitolog vrachning yordamchisi, entomologning yordamchisi

— toifasiz boʻlganda 2 230 305 soʻm;

— II toifali xodim 2 452 065 soʻm;

— I toifali xodimga 2 698 080 soʻm;

— oliy toifali xodimga 2 968 350 soʻm miqdorda haq oladi.

5.Boʻlim (filial) feldsheri, akusherkasi; katta tibbiy hamshira, katta feldsher, katta akusherka; tish vrachi, shoshilinch yordam katta feldsheri, hamshiralik ishi mutaxassisi, yetakchi tibbiy hamshira

— toifasiz boʻlganda 2 452 065 soʻm;

— II toifasi boʻlganda 2 698 080 soʻm;

— I toifali xodimga 2 968 350 soʻm;

— oliy toifa uchun 3 265 185 soʻm miqdorda haq oladi.

6.Vrach xodimlar tarif setkasi boʻyicha quyidagi quyidagicha haq oladi:

◾️ Mutaxassis vrachga malakasiga qarab,

— toifasiz boʻlganda 2 968 350 soʻm;

— II toifali boʻlganda 3 265 185 soʻm;

— I toifa 3 623 235 soʻm;

— oliy toifa 4 021 710 soʻm miqdorda haq oladi.

◾️ Bemorlarni operatsiya qiladigan barcha nomlardagi vrach-xirurg; tezkor faoliyatni taʼminlaydigan va reanimatsiya chora-tadbirlarini amalga oshiradigan anesteziolog-reanimatolog vrach; davolash tadbirlarini amalga oshiradigan endoskopist vrach; tez tibbiy yordam koʻchma brigadasi mutaxassis vrachi; umumiy amaliyot vrachi

— toifasiz boʻlsa 3 265 185 soʻm;

— II toifali boʻlsa  3 623 235 soʻm;

— I toifa uchun 4 021 710 soʻm;

— oliy toifaga esa  4 465 230 soʻm miqdorda haq oladi.

Shuningdek, Diagnostika markazlarida va jarrohlik aralashuvini amalga oshirmaydigan boshqa muassasalarda ishlaydigan barcha nomlardagi vrach-xirurglarga mutaxassis vrach sifatida tarif belgilanadi va shu asosda haq oladi.

7.Davolash-profilaktika muassasalarining farmatsevtika xodimlari quyidagicha haq oladi:

◾️ Provizor kasbiga esa

— toifasiz holatda 2 452 065 soʻm;

— II toifa uchun  2 698 080 soʻm;

— I toifali boʻlsa  2 968 350 soʻm;

— oliy toifa uchun 3 265 185 soʻm miqdorda haq toʻlanadi.

◾️ Farmatsevtika xodimlari

— toifasiz boʻlganda 842 225 soʻm;

— II toifali boʻlsa  2 027 025 soʻm;

— I toifasi uchun  2 230 305 soʻm;

— oliy toifaga esa  2 452 065 soʻm miqdorda haq oladi.

8.Tibbiyot muassasalarida vrachlikdan boshqa faoliyatni bajarayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar yaʼni psixolog, biolog, zoolog, parazitolog, entomolog, ionlashtiruvchi va noionlashtiruvchi nurlanish manbalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha ekspert-fizik; davolovchi jismoniy tarbiya bo‘yicha yo‘riqchi; davolovchi jismoniy tarbiya bo‘yicha metodist  esa 2 968 350 soʻm miqdorda maosh oladi.

Izoh: Ushbu ish haqi miqdori vaqt mobaynida oʻzgarib turishi mumkin.  276-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida tibbiyot xodimlarining tarif setkasi yaʼni mehnatga haq toʻlash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari belgilangan. Tarif stavkasi miqdorini (lavozim maoshini) belgilash uchun tarif koeffitsiyenti mehnatga haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan eng kam miqdoriga ko‘paytiriladi.

2024-yil 1-oktabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m etib belgilangan.

(Ushbu koʻrsatkich vaqti bilan oʻzgarishi mumkin, bu raqamlar  oʻzgarishi bilan yuqorida belgilangan ish haqlarida ham oʻzgarish yuz beradi)

Categories: Tibbiyot