
To‘ylarda dasturxonidagi quruq mevalar prokatmi?
Toshkent davlat yuridik universiteti fuqarolik huquqi kafedrasi oʻqituvchisi — Buriyev Yoʻlchi Xudaynazarovich |
O‘zbekistonda to‘ylar va katta tadbirlarda mehmonlar uchun dasturxonlarda turli xil quritilgan mevalar, masalan, mayiz, bodom, pista, o‘rik qoqisi kabilar mevalar qoʻyiladi. Bu xalqimiz orasida odat shakliga kirib qolgan. Ko‘pincha bunday quruq mevalar marosimlar o‘tkazilishidan oldin maxsus xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar yoki tadbirkorlar tomonidan tayyorlanib, bezatilgan holatda dasturxonga qo‘yiladi va marosim tugaganidan so‘ng isteʼmol qilinmagan mevalar qaytarib olinadi.
Amalda, to‘y egasi mevalarning to‘liq hajmini sotib olmaydi, aksincha mevalar maʼlum soatlarga taqdim etiladi, mehmonlar ularni iste’mol qiladi, qolgan qismi esa xizmat ko‘rsatuvchi toʻyxona tomonidan qaytarib olinadi. Shundan kelib chiqib, ko‘pchilik fuqarolar bu jarayonni “mevalarni ijaraga olish” deb nomlaydi. Ammo huquqiy nuqtayi nazardan bunday shartnoma orqali tartibga solinishi to‘g‘ri emas. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bu holatni ijaraviy munosabat sifatida emas, balki boshqa turdagi shartnoma bilan izohlash kerak.
Quyida ushbu amaliyot O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi asosida tahlil qilinadi.
Quritilgan mevalarni “ijaraga berish” — bu aslida haqiqiy ijara emas.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 535-moddasiga ko‘ra, Mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi. Bunda eng muhim talab shundaki, ijara predmetini tasarruf etish huquqi uning mulkdorida qoladi, ijarachi egalik qilish orqali foydalanilgan narsani shartnoma muddati tugagach, ayni holatda, normal eskirishini hisobga olgan holda egasiga qaytarib berishi lozim.
Toʻylardagi quruq mevalarning quyidagi xususiyatlari mavjud:
- 1) quritilgan mevalar iste’mol qilinadigan ashyolar hisoblanadi;
- 2) mehmonlarga bu mahsulotlarni tanovul qilishi uchun mo‘ljallangan;
- 3) toʻy marosimlari tugagach, ularning barchasi qaytarilmaydi.
- 4)shartnoma tuzishda mahsulotning qisman iste’mol qilinishi rejalashtirilgan bo‘ladi.
Bu holat Fuqarolik kodeksining 537-moddasidagi ijara obyekti xususiyatlariga zidligi ayon boʻladi. Unga ko‘ra, faqat foydalanish jarayonida o‘zining tabiiy xususiyatlarini yo‘qotmaydigan boshqa ashyolar (iste’mol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijaraga berilishi mumkin.
Demak, quritilgan mevalarni to‘y marosimlarida isteʼmol uchun qoʻyilishi munosabati ijara shartnomasiga xos belgilarga ega emas. Bunga quyidagilar asos boʻladi:
- 1) quruq mevalar isteʼmol qilinmaydigan ashyo sirasiga kirmaydi, chunki quruq mevadan foydalanilganda yaʼni tanovul qilinganda oʻz xususiyatini yoʻqotadi;
- 2) bir marta foydalanilishi natijasida oʻz xususiyatini yoʻqotganligi tufayli uni qaytarib boʻlmaydi;
- 3) quruq mevadan maqsad undan foydalanish emas, balki iste’mol qilish.
Shunday ekan, mazkur amaliyotni ijara shartnomasi sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu boshqa turdagi fuqarolik-huquqiy munosabatdir.
Bunday munosabatlar fuqarolik qonunchiligi nuqtai nazarida odatda aralash shartnoma haqidagi qoidalar yoki xizmat koʻrsatish shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Xizmat ko‘rsatish shartnomasi Fuqarolik kodeksining 703 — 708-moddalari bilan tartibga solinadi. Uning tub mohiyati shundaki, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha ijrochi buyurtmachining topshirig‘i bilan ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq to‘lash majburiyatini oladi. To‘yda quruq mevalarni taqdim etish, ularni dasturxonlarga bezab qo‘yish, tadbir tugagach ortiqchasini yig‘ishtirib olish kabi jarayonlar xizmat ko‘rsatish doirasiga kiradi.
Xizmat koʻrsatish shartnomasidan tashqari oldi-sotdi shartnomalari haqidagi qoidalarni qoʻllash ham maqsadga muvofiqdir. Bu haqidagi qoidalar Fuqarolik kodeksining 386 — 404-moddalarida keltirilgan.
Oldi-sotdi shartnomasining mazmuni shundaki, bunda bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to‘lash majburiyatini oladi. Bu yerda mulk huquqi iste’mol qilingan mahsulotga nisbatan o‘tadi, ya’ni iste’mol qilingan quruq mevalar to‘y egasining mulkiga aylangan deb qaraladi.
Yuqoridagi ikkala shartnomaning ham bir paytda qoʻllanilishi toʻy stolidagi yeguliklar bilan bogʻliq munosabatlarni yana mustahkamroq tartibga soladi. Fuqarolik kodeksining 354-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, taraflar turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin. Aralash shartnoma bo‘yicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, elementlari aralash shartnomada bo‘lgan shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi. Demak, toʻy egasi va toʻyxonani tashkil etuvchi tadbirkor oʻrtasida munosabatlarga ham xizmat koʻrsatish ham oldi-sotdi shartnomasi haqidagi aralash shartnoma qoidalarining qoʻllanilishi mevalar va boshqa yeguliklarni mehmonlarning isteʼmolga muvofiq hisob-kitob qilishni toʻgʻri va yetarli tartibga soladi.
Buning afzalligi quyidagilarda namoyon boʻladi:
- 1) Xizmat koʻrsatish shartnomasi asosida quruq mevalar va boshqa yeguliklar yetkazish va dasturxonga bezab joylashtirish amalga oshiriladi;
- 2) Oldi-sotdi shartnomasi asosida esa faqatgina iste’mol qilingan mahsulotlar miqdori doirasi uchungina to‘lov amalga oshirilishi. Dasturxonda qolgan mahsulotlar (yeguliklar) esa sotilmagan deb hisoblangan holda toʻyni tashkil etgan tadbirkorga qaytariladi.
Bu yondashuv shartnomani huquqiy jihatdan to‘g‘ri va asosli tarzda tartibga soladi va taraflar oʻrtasidagi kelajakda paydo boʻladigan muammolarning oldini oladi.