Uy-joy sotilganda soliq to‘lanadimi?
Ko‘pchilik uchun eng ko‘p uchraydigan savollardan biri – uyini yoki kvartirasini sotgan jismoniy shaxs soliq to‘laydimi?
Soliq kodeksining 378-moddasi 7-bandiga muvofiq, agar fuqaro 36 oydan kam muddat davomida o‘z mulkida bo‘lgan turar joyni sotsa, daromad solig‘i to‘lash majburiyati paydo bo‘ladi. Boshqacha aytganda, mulk kamida uch yil sizning nomingizda bo‘lishi kerak, shundagina uyni sotishdan olingan daromad soliqdan ozod etiladi.
Misol:
Agar siz uyni 2025-yil 16-may kuni sotib olib, nomingizga rasmiylashtirgan bo‘lsangiz, u holda faqat 2028-yil 16-maydan keyin uni sotsangizgina soliq to‘lashdan ozod bo‘lasiz.
Agar siz uyni, masalan, 2027-yil 10-martda sotsangiz — bu 36 oydan kam muddat, demak, daromad solig‘i hisoblanadi.
Qancha soliq to‘lanadi?
Soliq kodeksining 375-moddasiga ko‘ra, soliqqa tortiladigan daromad — bu sotish narxi bilan uni olish qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq.
Agar sizda uyni sotib olganingizdagi hujjat (shartnoma, qaror, order yoki kadastr qiymati) mavjud bo‘lsa, shu qiymat asos qilib olinadi. Agar bunday hujjat bo‘lmasa, u holda inventar (kadastr) qiymat asosida hisob-kitob qilinadi.
Soliq kodeksining 381-moddasiga binoan, bu farqdan 12 foizlik stavka bilan jismoniy shaxslar daromad solig‘i (JShDS) undiriladi.
Misol:
- ▪️Uyning kadastr qiymati: 50 000 000 so‘m
- ▪️Sotish narxi: 300 000 000 so‘m
- ▪️Farq (daromad): 250 000 000 so‘m
- ▪️Soliq: 250 000 000 × 12% = 30 000 000 so‘m
Demak, soliq faqat daromadga nisbatan undiriladi, sotuv summasining o‘ziga emas.
Amaliy holatlar
- ➖Agar uy meros yoki hadya tariqasida o‘tilgan bo‘lsa, 36 oylik muddat uyni meros (yoki hadya) qabul qilib olingan, soddaroq aytganda nomiga o‘tgan kundan boshlab hisoblanadi.
Misol uchun, agar siz uyni 2022-yil aprel oyida meros qilib olgan bo‘lsangiz, 2025-yil aprelidan keyin uni sotish soliqdan ozod bo‘ladi. - ➖Agar uy yangi qurilishdan sotib olingan bo‘lsa, Qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnomadagi mulk huquqining o‘tgan sanasi (kadastrda qayd etish sanasi) asos qilib olinadi.
Uy-joyni sotishdan oldin, quyidagilarni yodda tutish lozim:
- 1. Mulk sizning nomingizda kamida 36 oy bo‘lishi kerak — shunda soliq to‘lanmaydi.
- 2. Soliq daromadning 12 foizi miqdorida undiriladi.
- 3. Hujjatlardagi mulk huquqi o‘tgan sana aniqlik kiritishda asosiy ahamiyatga ega.
- 4. Hujjatlarni saqlang — ular soliq bazasini to‘g‘ri aniqlashda muhim sanaladi.