Hozirda fuqarolarimiz O‘zbekistondan chiqmay turib turli usullar bilan chet el kompaniyalari bilan shartnomasi asosida ishlab ulardan daromad olishadi. Misol uchun IT mutaxassislari o‘z dasturlarini istalgan joyda turib, sotishlari va shu orqali daromad olishlari mumkin. Bunda ularning daromadlaridan soliq undirish masalasi kelib chiqadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet eldan daromad olgan bo‘lsa va daromad O‘zbekiston Respublikasiga kelib tushsa, bu summa daromad solig‘i obektiga aylanadi.
Qarang! Soliq kodeksining 368-moddasiga ko‘ra soliq to‘lovchi jismoniy shaxsning jami daromadlari O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari uchun — O‘zbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlardan tashkil topadi.
Agar bu daromadlar ushbu kodeks 378-moddasi bilan daromad solig‘idan ozod qilish asoslarga mos kelmasa, unda ushbu kodeks 381-moddasiga muvofiq mazkur daromadning 12 foiz miqdorida daromad solig‘i undiriladi. Bunda soliq to‘lovchi soliq deklaratsiyasi orqali bu daromadlar haqida soliq organiga ma’lumot berishi va soliq to‘lashi kerak.
Agar chet eldan daromad oladigan jismoniy shaxs o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, unda soliq to‘lashdan ozod qilinadi.