Nikohdan ajralish qanchaga tushadi?
Sudlar tomonidan nikohdan ajratish masalasini ko‘rib chiqishda belgilangan miqdorda davlat boji to‘lash talab etiladi. Agar boj to‘nalmasa, sud arizani qaytaradi.
Davlat boji to‘g‘risidagi qonunga muvofiq:
- nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari
- takroriy nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan BHMning 4 baravari miqdorida davlat boji to‘lanadi.
2023-yil 1-dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.11.2023 yildagi PF-196-son Farmoniga ko‘ra BHM 340 000 so‘m etib belgilangan. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab 375 000 so‘m bo‘ldi.
Demak, 2024-yil avgust holatiga ariza topshirishning o‘zi 680 000 so‘m (takroriy nikohdan ajrashganda esa 1 360 000 so‘m) davlat boji + 34 000 so‘m pochta xarajatini tashkil qiladi.
Sud arizani qanoatlantirganda esa yana BHMning 1,5 baravaridan 4 baravarigacha miqdoridagi boj qo‘shiladi.
Negaki yuqoridagi Qonunga muvofiq, fuqarorlik holati dalolatnomasi hujjati ya’ni, nikoh guvohnomasini bekor qilganlik uchun, asosiga qarab quyidagicha davlat boji to‘lanadi:
- voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi bo‘yicha – er-xotinlarning biridan yoki ikkalasidan BHMning 1,5 baravari
- agar er-xotin birinchi nikohda bo‘lsa, sud qaroriga asosan – BHMning 1,5 dan 3 baravarigacha (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan)
- er-xotindan biri takroriy nikohda bo‘lsa, sud qaroriga asosan – BHMning 3 dan 4 baravarigacha (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan)
Xulosa qiladigan bo‘lsak, ajrashish oqibatida yuzaga keladigan xarajatlar va chiqimlar alohida turlarga qarab belgilanadi.