Bugun aliment to‘layman, ertaga bolangdan undiraman
O‘zimizning amaliyotimizda bo‘lib turadigan ayrim oilaviy nizolarda g‘alati bir holatni eshitib qolamiz. Ota bolasiga aliment to‘lashni istamaydi va bolaning onasiga: “Mayli, hozir mendan aliment undir, lekin bolam katta bo‘lgach, men ham undan aliment undiraman”, deydi. Ba’zan bu gap jahl ustida aytilgan ibora bo‘lib qolmay, ayolni aliment talab qilishdan qaytarish uchun bosim vositasiga aylanadi.
Bunday qarashlar jamiyatda qanchalik tarqalganini ko‘rish uchun maqola tayyorlanishi jarayonida anonim ijtimoiy so‘rov o‘tkazdik. Google Forms orqali 600ga yaqin javob qayd etildi. Respondentlarning 54 foizi erkak, 46 foizi ayol bo‘ldi.
Aliment – bolaning haqqi
Avvalo, masalaning insoniy tomoniga qaraylik. Bolaning otasimisiz? Demak, farzandingiz voyaga yetguniga qadar uni moddiy ta’minlashda ishtirok etishingiz tabiiy. Bola ovqatlanadi, kiyim kiyadi, bog‘cha yoki maktabga boradi, kasal bo‘ladi, dori-darmonga ehtiyoj sezadi. Bularning barchasi xarajat. Bu xarajatlarni faqat bola bilan birga yashayotgan ona ko‘tarishi kerak, degan qarash na qonunga, na milliy qadriyatlarimizga mos keladi. Shar’iy jihatdan ham farzandning nafaqasi, ya’ni uni moddiy ta’minlash otaning zimmasidagi mas’uliyat sifatida qaraladi.
Shuning uchun alimentni sobiq xotinga berilayotgan pul deb tushunish noto‘g‘ri. Ota aliment to‘lash orqali bolaning onasiga qarz bermaydi yoki unga yaxshilik qilmaydi. U o‘z farzandining ta’minotidagi ulushini bajaradi.
Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Mazkur Kodeksning 97-moddasi esa bolani ta’minlashda ota va onaning majburiyatlari tengligini belgilaydi. Ota va ona nikohda bo‘ladimi, alohida yashaydimi yoki ajrashganmi – bolaning ta’minot olish huquqi bundan o‘zgarmaydi. Majburiyat ixtiyoriy bajarilmasa, aliment sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i asosida undiriladi.
So‘rov natijalari ham alimentning mohiyati respondentlarning katta qismi tomonidan to‘g‘ri anglanayotganini ko‘rsatdi. “Aliment nima?” degan savolga javob bergan respondentlarning 83,5 foizi uni bolaning ta’minoti uchun ota-onaning majburiyati deb baholagan.

1-rasm. Alimentning mohiyati haqidagi respondentlar qarashi
Bola ona bilan yashagan vaziyatda kundalik xarajatlar qanday taqsimlanishi kerakligi haqidagi savolda ham umumiy mas’uliyat g‘oyasi ustun chiqdi: ya’ni javoblarning 66,1 foizi ota va ona imkoniyatiga qarab birgalikda qatnashishi kerakligini bildirgan. Demak, ko‘pchilik alimentni sobiq er-xotin o‘rtasidagi hisob-kitob emas, bolaning ta’minotiga doir ota-onalik majburiyati sifatida ko‘rmoqda.
“Onasi pulni o‘ziga ishlatib yuboradi” degan fikrlar qanchalik asosli?
Ayrim otalar aliment to‘lashdan bosh tortishiga “Onasi pulni bolaga emas, o‘ziga ishlatadi” degan vajni keltiradi. To‘g‘ri, aliment mablag‘i bolaning ehtiyojlariga to‘liq sarflanmaydigan holatlar uchrashi mumkin. Lekin ayrim holatlarni umumlashtirib, shu vaj bilan bolaning ta’minotidan voz kechish to‘g‘ri emas.
Amaldagi qonunchilik aliment oluvchi ota yoki onadan har oyda har bir xarajat bo‘yicha chek va muntazam moliyaviy hisobot taqdim etishni umumiy qoida sifatida talab qilmaydi. Buning sababi ham tushunarli: bola yashayotgan xonadonda oziq-ovqat, ijara, kommunal xizmat, transport, kiyim-kechak, ta’lim va davolanish xarajatlarini har doim ham alohida ajratib hisoblash mumkin emas. Shu bilan birga, alimentning maqsadi bolaning moddiy ta’minotidir.
So‘rov bu masalada jamiyat qarashi bir xil emasligini ko‘rsatdi. Respondentlarning 58 foizi “onasi o‘ziga ishlatib yuboradi” degan vaj aliment to‘lamaslik uchun asos bo‘la olmaydi, deb javob berdi. 25,9 foiz “ayrim holatlarda mumkin”, 12,4 foiz “ha” degan fikrni bildirdi. Bundan ham qiziq natija hisobot masalasida kuzatildi: javoblarning 46,3 foizi faqat aliment maqsadsiz sarflanayotganiga asosli shubha bo‘lsa hisobot bo‘lishi kerakligini, 29,7 foizi barcha xarajatlar bo‘yicha hisobot berilishini, 25,8 foizi esa bunday hisobot umuman talab qilinmasligini ma’qullagan.
Bu natijalar ikki xil ehtiyoj to‘qnashayotganini ko‘rsatadi: bir tomonda bolaning ta’minoti uzluksiz bo‘lishi kerakligi, ikkinchi tomonda esa mablag‘ning maqsadli sarflanishiga nisbatan ishonch va nazorat talabi mavjud. Biroq nazoratga ehtiyoj aliment majburiyatini to‘xtatib qo‘yish huquqini bermaydi. Alimentning haqiqiy manfaatdori – bola.
Alimentni bankka qo‘yib turish mumkinmi?
Amaliyotimizda “Bolam 18 yoshga to‘lguncha alimentni bankka qo‘yib boraylik, keyin hammasini o‘zi ishlatadi”, degan fikr ham uchraydi. Bu yondashuv alimentning vazifasini jamg‘arma bilan aralashtiradi. Aliment bolaning 18 yoshdan keyingi hayoti uchun yig‘iladigan kapital emas, avvalo uning bugungi ehtiyojlarini qoplash vositasidir.
So‘rovdagi javoblar bu masalada murosali pozitsiya kuchli ekanini ko‘rsatdi. 43,9 foiz respondent bolaning bugungi ehtiyojlari ta’minlangandan keyin alimentning bir qismini jamg‘arish mumkinligini aytgan. 36 foiz bunday fikrga qo‘shilmagan va aliment bolaning bugungi ehtiyojlari uchun sarflanishi kerakligini bildirgan.

2-rasm. Alimentni bankda jamg‘arish haqidagi qarashlar
Jamg‘arish bolaning kundalik ehtiyojlari to‘liq ta’minlanganidan keyin qo‘shimcha moliyaviy reja sifatida ko‘rilishi mumkin. Ammo bir tomonlama ravishda alimentni “muzlatib” qo‘yish va bolaning bugungi xarajatlarini qoplamaslik alimentning mohiyatiga mos kelmaydi.
Ota-ona qancha aliment to‘laydi?
Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘rtasida boshqa kelishuv bo‘lmasa, sud voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun alimentni har oydagi ish haqi va boshqa daromaddan bir bola uchun to‘rtdan bir, ikki bola uchun uchdan bir, uch va undan ortiq bola uchun yarmi miqdorida undiradi. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvoli hamda boshqa e’tiborga loyiq holatlarga qarab ushbu miqdorni kamaytirishi yoki ko‘paytirishi mumkin.
Masalan, otaning oylik daromadi 8 million so‘m va bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor, deylik. Umumiy qoida bo‘yicha 8 000 000 so‘mning to‘rtdan bir qismi – 2 000 000 so‘m. Bir yilda bu 24 million so‘m bo‘ladi. Faqat tushunishni osonlashtirish uchun shu miqdor 18 yil davomida o‘zgarmagan deb faraz qilsak, 432 million so‘m chiqadi. Hayotda daromad va aliment miqdori o‘zgarishi mumkin, shu sababli bu hisob faqat iqtisodiy mohiyatni ko‘rsatadigan shartli misoldir.
Mazkur Kodeksning 99-moddasida har bir bola uchun aliment miqdori MHTEKMning 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi ham belgilangan. 2026-yil 1-sentyabr holatiga MHTEKM 1 360 000 so‘m deb olinganda, eng kam chegara 360 400 so‘mni tashkil etadi. Bu qat’iy “standart aliment” emas, balki qonundagi minimal chegaradir.
“Keyin bolangdan aliment undiraman”: bu gap qanchalik uchraydi?
Maqolani yozishga turtki bo‘lgan iboraning o‘zi so‘rovnomada alohida savol qilib berildi. “Hozir aliment undiraversang, bolam katta bo‘lgach men ham undan aliment undiraman” degan gapni eshitganmisiz?” degan savolga respondentlar javob berdi. Ularning 12.7 foizi bu gap shaxsan o‘ziga aytilganini, 18,3 foizi yaqinlari yoki tanishlari orasida shunday holat bo‘lganini, 33,2 foizi boshqalardan eshitganini bildirgan.

3-rasm. “Keyin bolangdan aliment undiraman” degan gapning uchrash darajasi
Ayniqsa 31 foiz (12.7 % + 18.3%) respondentning uni shaxsan o‘ziga aytilgan yoki yaqin-tanishlari orasida uchragan deb ko‘rsatgani, masalaning faqat naqadar dolzarbligini anglatadi. Albatta, bu natijani butun aholi uchun statistik umumlashtirish mumkin emas, biroq u mazkur vajning real oilaviy nizolarda ishlatilishini yaqqol ko‘rsatadi.
Bunday gapning ta’siri ham e’tiborga loyiq. Javoblarning 15,2 foizida respondentlar “bundan xavotir olib aliment talab qilmasligim mumkin”, 11,6 foizida “ikkilanib qolishim mumkin” degan. Ya’ni jami 26,8 foiz javobda mazkur gap aliment talab qilish qaroriga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ko‘rinadi.

4-rasm. Mazkur gapning aliment talab qilish qaroriga ehtimoliy ta’siri
Voyaga yetgan farzand ota-onasiga aliment to‘laydimi?
Ha, qonunchilikda voyaga yetgan farzandning ota-onasini moddiy ta’minlash majburiyati mavjud. Lekin bu majburiyat bolalikda olingan alimentni “qaytarish” emas. Oila kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj ota-onasiga ta’minot berishi va ular haqida g‘amxo‘rlik qilishi shart. Demak, ota-onaning bolasidan aliment undirishi uchun farzand voyaga yetgan va mehnatga layoqatli, ota yoki ona esa mehnatga layoqatsiz hamda yordamga muhtoj bo‘lishi kerak.
So‘rovnoma aynan shu huquqiy farq jamiyat ongida hali to‘liq ajralmaganini ko‘rsatdi. “Ota bolasiga 18 yoshgacha aliment to‘lagan bo‘lsa, bola voyaga yetgach shu pullarni qaytarishi kerakmi?” degan savolda javoblarning 41,3 foizi “yo‘q, bolalikda to‘langan aliment qaytariladigan qarz emas” variantini tanladi. 44 foiz respondent “faqat ota yordamga muhtoj bo‘lsa uni ta’minlashda qatnashishi kerak” deb javob berdi. Bu ikki javob mazmunan “berdim – qaytarasan” modelidan uzoq. Shunga qaramay, 13,8 foiz respondent ota talab qilsa, farzand alimentni qaytarishi kerak deb hisoblagan.

5-rasm. Bolalikda to‘langan alimentni “qaytarish” haqidagi qarashlar
Voyaga yetgan farzand qaysi holatda ota-onasiga moddiy yordam berishi kerakligi haqidagi savol esa qadriyat va huquq o‘rtasidagi qiziq farqni ko‘rsatdi. Javoblarning 40,7 foizi “har qanday holatda”, 41,9 foizi esa qonundagi mezonga yaqin ravishda “ota-ona mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj bo‘lsa” deb javob bergan. 12,7 foiz buni faqat farzandning ixtiyoriga bog‘lagan, qolganlar esa ota-ona bolaligida yetarlicha moddiy yordam bergan bo‘lsa, deb shart qo‘ygan. Demak, respondentlarning katta qismida ota-onaga yordam berish axloqiy majburiyat sifatida qonundagi minimumdan ham kengroq tushuniladi. Huquqiy majburiyat masalasida esa Oila kodeksining 109-moddasidagi shartlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Mehnatga layoqatsizlik va yordamga muhtojlik
Ota-onaga aliment masalasida “qarib qoldim” degan holatning o‘zi yetarli emas. Mehnatga layoqatsizlik va yordamga muhtojlik birgalikda baholanadi. Amaldagi umumiy pensiya yoshiga ko‘ra erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yoshdan yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. I yoki II guruh nogironligi ham mehnatga layoqatsizlikni baholashda ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Biroq ota yoki ona bundan tashqari real ravishda yordamga muhtoj bo‘lishi kerak. Sud moddiy ahvol, daromadlar, davolanish va boshqa zarur xarajatlarni ham hisobga oladi.
Oila kodeksining 110-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bola ota-onasiga ixtiyoriy moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasa, aliment miqdorini sud belgilaydi. Sud “ota ilgari bolasiga qancha aliment to‘lagan?” degan hisob-kitobni olib, o‘sha summani qaytarmaydi. Bolalarning oilaviy va moddiy ahvoli baholanadi, ota faqat bitta farzandga da’vo qilgan bo‘lsa ham, uning barcha voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalari hisobga olinadi.
Mazkur Kodeksning 110-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli boladan undiriladigan alimentning eng kam miqdori MHTEKMning 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan. MHTEKM 1 360 000 so‘m deb olinganda bu 159 800 so‘mni tashkil etadi. Bu har bir ota-ona aynan shuncha oladi degani emas: sud holatga qarab yuqoriroq miqdor belgilashi mumkin.
So‘rovning yakuniy savoli alimentga munosabatning umumiy ruhini ochib berdi. Respondentlarning 81,9 foizi “Bu mening farzandim, uni ta’minlash ota-onalik mas’uliyatim” degan qarashni tanlagan. 7 foiz “Sud majbur qilgani uchun to‘layman”, 4,2 foiz esa “Bola bilan yashamayapman, shuning uchun uning xarajatlari uchun javobgar emasman” variantini tanlagan. Qolgan javoblar erkin shaklda berilgan.
Bu natija maqolaning asosiy tezisini qo‘llab-quvvatlaydi: jamiyatdagi respondentlarning katta qismi alimentni jazolash yoki sobiq turmush o‘rtog‘iga beriladigan pul emas, ota-onalik mas’uliyati deb biladi. Shu bilan birga, boshqa savollarda kuzatilgan 12–19 foizlik qat’iy qarama-qarshi javoblar va 27,5 foiz respondentning “keyin bolangdan undiraman” degan gap ta’sirida aliment talab qilmasligi yoki ikkilanishi mumkinligini bildirgani huquqiy tushuntirishga ehtiyoj saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Ota bolasiga qarz bermaydi
Farzand dunyoga kelishi bilan ota-onaning zimmasida unga nisbatan mas’uliyat paydo bo‘ladi. Ota bilan onaning munosabati yaxshi yoki yomon bo‘lishi, ular birga yashashi yoki ajrashib ketishi bolaning bu mas’uliyatga aloqasini o‘zgartirmaydi. Shuning uchun “Alimentga bersang, keyin bolangdan undiraman” deb aytish orqali alimentdan voz kechishga undash huquqiy jihatdan ikki mustaqil majburiyatni bir-biriga aralashtirishdir.
Aliment – sobiq xotinga berilayotgan sovg‘a emas. U bolaning bugungi ehtiyojlari uchun ota-onaning qo‘shayotgan hissasidir. Voyaga yetgan farzandning mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj ota-onasiga ta’minot berishi esa boshqa davrda, boshqa shartlar asosida yuzaga keladigan alohida majburiyat.
Shu bois bunday gapdan cho‘chib, bolaning qonuniy ta’minotidan voz kechishga shoshilmaslik kerak. Ota bolasiga qarz bermaydi. U o‘z farzandini ta’minlaydi. Farzand ham ulg‘aygach bolaligida olingan alimentni “qaytarib bermaydi”. Qonunda nazarda tutilgan shartlar yuzaga kelsa, mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj ota-onasiga ta’minot beradi.
So‘rov haqida izoh. So‘rov 2026-yil sentyabr oyida Google Forms orqali o‘tkazilgan. Formada 571 ta javob qayd etilgan, savollarga javob berish ixtiyoriy bo‘lgani sababli tahlilda savolga qarab 560–571 ta haqiqiy javobdan foydalanildi.