Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil “ 12 ” iyundagi 187-sonli buyrugʻiga 1-ILOVA |
Maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlar uchun
NAMUNAVIY ETIKA QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlar uchun namunaviy etika qoidalari (keyingi oʻrinlarda – Qoidalar) maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumiy oʻrta ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun axloq qoidalari, odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor me’yorlariga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Ushbu Qoidalar maktabgacha ta’lim tashkiloti va umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — ta’lim muassasalari) faoliyat olib borayotgan pedagog-xodimlar mavqeining daxlsizligini e’tirof etish, inson va uning qadr-qimmati, huquqlariga hurmatni oshirish, yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarning oldini olish, muloqot madaniyatini rivojlantirish hamda keng jamoatchilikda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarga nisbatan hurmat va ishonchni oshirishga qaratilgan.
2. Mazkur Qoidalar:
– ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda ta’lim muassasasi jamoatchiligining boshqa vakillari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish;
– insoniy qadriyatlarni himoya qilish;
– pedagoglarning kasbiy faoliyati sifatini va oʻz kasbining sharafini qoʻllab-quvvatlash;
– ta’lim muassasalarida ishonch, mas’uliyat va adolatga asoslangan madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
3. Qoidalarning maqsadi – taʼlim muassasalarida sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish, tarbiyalanuvchilar va oʻquvchilarga zamon talablariga muvofiq milliy qadriyatlar asosida taʼlim-tarbiya berish, shaxs va uning qadr-qimmati, huquqlarini hurmat qilish, odob-axloq madaniyati va muloqot qobiliyatini rivojlantirish, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, pedagogik jarayon ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga imkon beradigan doʻstona ish muhitini yaratish hamda taʼlim muassasasi mulkini asrab-avaylashdan iborat.
4. Qoidalar taʼlim muassasalari va uning hududida, ta’limiy-tarbiyaviy faoliyatda, darsda, tanaffusda, darsdan tashqari mashgʻulotlar paytida hamda taʼlim va tarbiya bilan bogʻliq tadbirlar davomida taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining oʻzini tuta bilishini tartibga soladigan meʼyorlar toʻplami hisoblanadi.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tatbiq etiladi, nodavlat va boshqa turdagi oʻquv muassasalari uchun tavsiyaviy xususiyatga ega.
6. Mazkur Qoidalarga rioya qilish taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun taʼlim muassasalari hududi doirasida majburiy hisoblanadi.
2-bob. Pedagog-xodimlarning namunaviy etika qoidalariga rioya qilishi
7. Ta’lim muassasalarida qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va qonun osti hujjatlari hamda umuminsoniy axloqiy me’yorlarga asosan oʻrnatiladi.
8. Qoidalar insonparvarlik, adolat, professionallik, mas’uliyat, bagʻrikenglik, demokratiya, sheriklik va birdamlik kabi asosiy tamoyillarga asoslanadi.
Taʼlim muassasalarida shaffoflik, hamjihatlik, bagʻrikenglik, oʻzaro ishonch, izzat-hurmat, xavfsiz, doʻstona muhitni yaratish pedagog-xodimlarning oʻzaro munosabatlaridagi muhim shartlardan biri hisoblanadi.
9. Taʼlim muassasalari har bir tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarga eʼtiborli, odilona munosabatni taʼminlaydi, taʼlim-tarbiya jarayonida barcha tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarning chuqur bilim va zamonaviy kompetensiyalarni egallashlari uchun teng imkoniyatlarni yaratadi.
10. Taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari taʼlim muassasalarida quyidagi etika qoidalariga amal qilishlari lozim:
- Pedagog-xodimlarning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari;
- oʻzaro munosabatlarda yagona jamoa sifatida hurmat, doʻstlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga rioya etishlari;
- turli xil zoʻravonlik va kamsituvchi xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik;
- pedagog-xodimlar tasdiqlangan mashgʻulotlar jadvali asosida ishga va darsga oʻz vaqtida kelishlari;
- pedagog-xodimlar ish vaqtida kasb madaniyati hamda ta’lim muassasalarining Ustavi bilan tasdiqlangan talablarga koʻra kiyinishlari;
- kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
- kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.
Taʼlim muassasalari Ustavida pedagog-xodimlarning mehnat faoliyati davomida kiyinish madaniyatiga boʻlgan talablar aks ettirilmagan boʻlsa, quyidagilar talab etiladi:
- erkaklar mavsumga qarab — klassik uslubdagi shim, kostyum-shim (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), koʻylak (oq, havorang va shu kabi), boʻyinbogʻ, poyabzal (qora rangda boʻlishi tavsiya etiladi) kiyishi;
- ayollar mavsumga qarab – klassik uslubdagi yubka, kostyum-yubka (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), havo haroratiga qarab klassik uslubdagi shim (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), tanani ochiq koʻrsatib turmaydigan yupqa (harir) boʻlmagan kofta (oq, havorang va shu kabi), koʻylak, past poshnali yoki poshnasiz poyabzal (qora rangda boʻlishi) kiyishi;
(Taʼlim muassasalari Ustavi bilan taʼlim muassasasi rahbariyati va pedagog-xodimlari formasining rangi va qoʻshimcha belgilariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin).
- turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansubligini aks ettiruvchi kiyimlarda boʻlmasligi;
- umumeʼtirof etilgan milliy-anʼanalarga va maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga zid keladigan yoki sport (dars jarayonida maxsus yoki sport kiyimida jismoniy tarbiya va chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanlari oʻqituvchilarining yurishiga ruxsat beriladi, shuningdek, taʼlim muassasasi hududida oʻtkaziladigan turli sport va koʻngilochar tadbirlar bundan mustasno) kiyimlarida boʻlmasligi lozim.
Shuningdek, taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining tashqi koʻrinishi boʻyicha quyidagi talablar belgilanadi:
- tanasining ochiq qismi tatuirovka tushirilmagan yoki pirsing qilinmagan boʻlishi, sochi tartibga keltirilgan va yorqin (gʻayrioddiy) ranglarga boʻyalmagan boʻlishi;
- erkaklarning soqoli olingan boʻlishi;
- ayollar quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurmasligi;
- oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻladigan holatlarga yoʻl qoʻymasliklari;
- pedagog-xodimlar huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tanishib borishi, ularga ogʻishmasdan amal qilishi, mavjud barcha standartlar, bayonlar, tavsiyalardan xabardor boʻlishlari lozim.
11. Taʼlim muassasasi hududida ishtirokchilarning munosabatlari oʻzaro hurmat va xushmuomalalikka asoslanishi lozim. Biror bir taraf tomonidan boshqasining shaxsiyatiga zoʻravonlikni aks ettiruvchi va kamsituvchi xatti-harakatlarning sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
- taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchi va oʻquvchilar manfaatlari yoʻlida barcha maʼlumotni ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillariga yetkazadi;
- pedagog taʼlim muassasasi, oila va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda pozitiv va faolligini namoyish etishi lozim.
12. Pedagog-xodimlarga qoʻyiladigan talablar:
- ta’limiy-tarbiyaviy faoliyat va darslarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli olib borishi;
- mavzudan tashqari mavzularga chalgʻimaslik;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchilar shaxsini hurmat qilish;
- taʼlim muassasalarida yuzaga keladigan har qanday muammoni qonun, oshkoralik va demokratik asosda hal qilish;
- mahalla, jamoat joylarida oʻzini yuksak pedagoglik maqomiga munosib tutish;
- doimiy ravishda oʻz-oʻzini shaxsiy va kasbiy rivojlantirib borish;
- oʻz yoʻnalishi boʻyicha tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarga Davlat taʼlim standartlari darajasida bilim, koʻnikma va kompetensiyalarni shakllantirish;
- ta’limiy-tarbiyaviy faoliyat va darsdan tashqari tadbirlar davomida tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashda faol ishtirok etish;
- “Ustoz-shogird” anʼanasiga sodiq boʻlish;
- oʻzi yashaydigan mahallada maʼnaviy-axloqiy tarbiya, “Mahalla pedagogikasi” muhitini yaratish, mahalla yoshlarini tarbiyalashda kasbiy fidoyilik, tashabbuslar koʻtarib, “mahalla yettiligi”ga koʻmaklashish;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki ruhiy tazyiq oʻtkazish holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarning shaxsiga doir maʼlumotlarni guruhdoshlari va sinfdoshlari oldida muhokama qilmaslik;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarni ommaviy izza qilmaslik;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchining ota-onasi yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsiy adovatning oldini olish;
- taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi axborotlardan uning manfaatlari va obroʻsiga ziyon yetkazish uchun yoki oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmaslik;
- tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarga shaxsan maʼnaviy-axloqiy namuna koʻrsatish, ular bilan doʻstona munosabatda boʻlish;
- taʼlim muassasasi manfaatlariga zid boʻlgan har qanday xulqdan tiyilish va bunday holatlarning oldini olish;
- biror-bir noxush voqea yoki hodisa roʻy bersa, zudlik bilan taʼlim muassasasi rahbariyatini xabardor qilish;
- yoshlar orasida milliy qadriyatlar, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularni zararli odatlardan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot boʻlgan diniy ekstremizm, radikalizm taʼsirlaridan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borish;
- oʻquvchilarni darsdan chiqarib yuborish, darsga kiritmaslik kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik;
- ta’limiy-tarbiyaviy faoliyat davomida tarbiyalanuvchilarga qoʻpol munosabatda boʻlmaslik;
- taʼlim-tarbiya mashgʻulotlarida diniy tashviqot olib bormaslik;
- taʼlim muassasasiga spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan holda kelmaslik;
- taʼlim muassasasining hududi va binosida spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilmaslik;
- taʼlim muassasasi hududi va binosida tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasiga aloqasi boʻlmagan tadbirlarni tashkil etmaslik lozim.
3-bob. Yakuniy qoidalar
13. Maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasasining pedagog-xodimlari ushbu Qoidalar bilan har yangi oʻquv yili boshida “Pedagogik kengash”da tanishtiriladi. 14. Qoidalarda aks ettirilmagan masalalar yuzasidan vujudga kelgan muammoli vaziyatlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil “ 12 ”iyundagi 187-sonli buyrugʻiga 2-ILOVA |
Maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yurituvchi pedagog-xodimlar uchun namunaviy etika qoidalari bilan barcha taʼlim muassasalari pedagog-xodimlarni tanishtirish VARAQASI
“Namunaviy etika qoidalari” bilan tanishdim, unga soʻzsiz rioya qilishni oʻz zimmamga olaman.
__________ viloyati ___________ tumani ____-sonli maktabgacha/maktab taʼlim tashkiloti pedagog-xodimlari.
T/r | F.I.Sh. | Imzo |
1. | ||
2. | ||
… |