Fuqarolik-huquqiy javobgarlik: asoslari va shartlari
Fuqarolik-huquqiy javobgarlik huquqiy tizimda fuqarolar va yuridik shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishning muhim vositasidir.
Fuqarolik-huquqiy javobgarlik yuridik javobgarlikning alohida shakli boʻlib, huquqbuzarga nisbatan sanksiya sifatida qoʻllanilib, uni qoʻshimcha moliyaviy xarajatlar qilishga yoki yangi majburiyatlarni ado etishga majbur qiladi.
Huquqiy javobgarlikning boshqa turlaridan farqli oʻlaroq, fuqarolik-huquqiy javobgarlik oʻzining mulkiy xarakteri va tiklovchi funksiyasi bilan ajralib turadi. Yaʼni fuqarolik-huquqiy javobgarlik bevosita huquqbuzar mulkiga qaratilgan va jabrlanuvchining mulkiy huquqlarini tiklashga yoʻnaltirilgan choralar tizimidir.
Javobgarlikning mulkiy xususiyati toʻliq mulkiy kompensatsiya tamoyiliga asoslanishi, zarar miqdori aniq hisoblanishi va pul bilan ifodalanishi, javobgarlik huquqbuzarning shaxsiy mulki hisobidan amalga oshirilishi hamda mulkiy javobgarlikning shartnomaviy va qonuniy asoslarda belgilanishi bilan namoyon boʻladi.
Tiklovchi funksiya esa huquqbuzarlik natijasida buzilgan mulkiy huquq va manfaatlarni tiklashga, jabrlanuvchining mulkiy holatini huquqbuzarlik sodir etilishidan oldingi holatga qaytarishga qaratilgan funksiya sanaladi. Javobgarlikning tiklovchi funksiyasi orqali fuqarolik muomalasi barqarorligi taʼminlanadi.
Boshqa javobgarlik turlarida boʻlgani kabi fuqarolik-huquqiy javobgarlik choralarini qoʻllashning ham asos va maʼlum shartlari mavjud. Ushbu maqolada aynan ushbu asoslar va shartlar haqida fikr yuritiladi.
Fuqarolik huquqi nazariyasida fuqarolik-huquqiy javobgarlikning asoslari va shartlari quyidagilar hisoblanadi:
1 | Huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik |
2 | Zararning mavjudligi |
3 | Huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik va zarar oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish |
4 | Ayb |
Keling ushbu ularning har biri haqida batafsilroq gaplashamiz.
1. Huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik (gʻayriqonuniy xulq-atvor). Shaxsning qonun hujjatlarida, shartnomada yoki huquq normalari bilan belgilangan tartib-qoidalarga zid xatti-harakati yoki majburiyatlarni bajarmasligi huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik hisoblanadi. Fuqarolik huquqida gʻayriqonuniy xulq-atvor ikki shaklda namoyon boʻladi:
* Faol harakat – shaxs qilmasligi lozim boʻlgan harakatni sodir etadi;
* Harakatsizlik – shaxs bajarishi shart boʻlgan harakatni bajarmaydi.
Gʻayriqonuniy xulq-atvorning oʻziga xos xususiyatlari: huquq normalari yoki shartnoma shartlariga zid boʻlishi, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazishi, aniq bir shaxsga nisbatan sodir etilishi, yuridik faktlar bilan tasdiqlanishi.
Bu javobgarlikning asosiy sharti boʻlib, u quyidagi koʻrinishlarda namoyon boʻladi:
a) shartnoma majburiyatlarini buzish;
b) absolyut va istisno huquqlarni buzish (mulk huquqi va mutlaq huquq);
c) delikt.
Misol: “A” kompaniya “B” kompaniya bilan mahsulot yetkazib berish shartnomasini tuzdi. “A” shartnomada belgilangan muddatda mahsulotni yetkazib bermadi. Bu huquqqa xilof harakatsizlik hisoblanadi.
2. Zarar. Huquqi buzilgan shaxsning mulkiy holatiga yetkazilgan salbiy oqibatlarni zarar sifatida eʼtirof etish mumkin.
Zarar quyidagi muhim xususiyatlarga ega: aniq va haqiqiy boʻlishi, pul bilan baholanishi mumkinligi, qonun tomonidan himoya qilinadigan manfaatlarga tajovuz qilishi, isbotlanish imkoniyati mavjudligi. Zarar ikki koʻrinishda boʻladi:
a) haqiqiy zarar – mol-mulkning yoʻq qilinishi yoki shikastlanishi;
b) boy berilgan foyda – odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olinishi mumkin boʻlgan, lekin olinmay qolgan daromadlar
Misol: Yuqoridagi misolda “B” kompaniya mahsulot oʻz vaqtida yetkazib berilmagani tufayli, haqiqiy zarar – boshqa yetkazib beruvchidan yuqori narxda mahsulot sotib olishga majbur boʻldi, shuningdek boy berilgan foyda – mahsulotni qayta ishlashi va sotishi natijasida olishi mumkin boʻlgan daromaddan mahrum boʻldi.
3. Sababiy bogʻlanish. Huquqqa xilof xatti-harakat bilan yetkazilgan zarar oʻrtasidagi bevosita va zaruriy aloqa sanaladi. Sababiy bogʻlanish quyidagi belgilarga ega boʻlishi kerak:
a) vaqt boʻyicha huquqqa xilof harakat zarar yetkazishdan oldin sodir etilgan boʻlishi;
b) huquqbuzarlik zararning yagona va bevosita sababi boʻlishi;
c) zarar aynan shu harakatning zaruriy va muqarrar natijasi boʻlishi.
Misol: “A” MChJ oʻz ishchilariga xavfsizlik texnikasi qoidalarini oʻrgatmadi (huquqqa xilof harakatsizlik). Natijada ishchi “F” jarohat oldi (zarar). Bu yerda sababiy bogʻlanish mavjud, chunki aynan xavfsizlik qoidalari oʻrgatilmagani baxtsiz hodisaga olib kelgan.
4. Ayb. Huquqbuzarning oʻz gʻayriqonuniy xatti-harakatiga va uning oqibatlariga boʻlgan ruhiy munosabati. Ayb quyidagi shakllarda namoyon boʻladi:
a) Qasd – shaxs oʻz harakatining gʻayriqonuniyligini va zararli oqibatlarini anglaydi va ularni istaydi yoki ongli ravishda yoʻl qoʻyadi
b) Ehtiyotsizlik – shaxs oʻz harakatining zararli oqibatlarini oldindan koʻra bilishi mumkin va lozim boʻlsa-da, yengiltaklik bilan ularning oldini olish mumkin deb hisoblaydi yoki bunday oqibatlarni koʻra bilishi lozim va mumkin boʻlsa-da, ularni koʻrmaydi
Misol: “A” shaxs “B”ning avtomobilini ataylab buzib, uning qimmatbaho qismlarini oʻgʻirladi. Bu yerda “A” oʻz harakatining gʻayriqonuniyligini anglagan va zarar yetkazishni istagan (qasd).
Haydovchi “D” tezlikni oshirib ketdi, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlishi mumkinligini bilsa-da, oʻz haydovchilik mahoratiga ishonib, bunga yoʻl qoʻydi (ehtiyotsizlik).
Istisno holatlarda qonun hujjatlarida aybsiz javobgarlik ham nazarda tutilishi mumkin. Masalan, oshiqcha xavf manbai yetkazgan zarar uchun javobgarlik (FKning 999-moddasi).
Fuqarolik-huquqiy javobgarlik – fuqarolar va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarni tiklash va kompensatsiya toʻlanishini kafolatlashga xizmat qiladigan jamiyatda huquqiy barqarorlikni taʼminlash uchun muhim huquqiy institutdir. Mazkur institutni rivojlantirish va amaliyotda samarali qoʻllash uchun qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qoʻllash amaliyotini mustahkamlash zarur.