
Sudda vakil sifatida ishtirok etishingiz mumkin!
Hozirda yuridik sohada bilimlari yetarlicha boʻlgan va sudda vakil sifatida ishtirok etishni istaydigan shaxslar bor. Jumladan, yuridik sohada taʼlim olayotgan va oʻz bilimlarini amaliyotda sinab koʻrmoqchi boʻlgan talabalar juda koʻp va ular sudda vakil sifatida ishtirok etishlari mumkin. Bu ular uchun amaliy tajriba va oʻz sohalarida daromad topishlari uchun ajoyib imkoniyat. Sudya tomonidan ishda qatnashishiga ruxsat berilgan barcha shaxslar fuqarolik va iqtisodiy sudlarda shartnomaviy vakil sifatida ishtirok etishi mumkin.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 61-modda 4-qism 6-bandiga koʻra ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosiga koʻra sud tomonidan ruxsat berilgan shaxslar ishda shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy)vakil boʻlishlari mumkin.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksning 67-moddasi 2-qism 7-bandida belgilangan tartibda ishni koʻrib chiqayotgan sud tomonidan ishda jismoniy shaxslarning vakillari sifatida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilgan shaxslar fuqarolik ishida shartnomaviy vakil sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Buning uchun sudda taraflardan birining vakili sifatida ishtirok etishni istovchi shaxs oʻzi xizmat koʻrsatayotgan fuqaro yoki yuridik shaxsdan ishonchnoma olishi va uni notariusda tasdiqlatishi kifoya.
Demak, yuqoridagi normalardan kelib chiqib, sizda advokatlik litsenziyasi boʻlmasa ham fuqaroviy va iqtisodiy nizolarda shartnomaviy vakil sifatida ishtirok etishingiz va taraflardan birining manfaatini himoya qilishingiz mumkin boʻladi.