
Kasanachilik shartnomasi bu nima?
Kasanachilik — bu mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan o‘z yashash joyida yoki unga, uning oila a’zolariga tegishli bo‘lgan yoki ijaraga olingan boshqa xonalarda, ish beruvchining buyurtmalari asosida tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladigan mehnat faoliyatidir.
Kasanachi sifatida ishlash uchun jismoniy shaxs kamida o‘n olti yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Biroq, agar ish turi kasanachi bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzishni talab etsa, faqat o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslar kasanachilik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Kasanachilikni amalga oshirishga faqatgina kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq zarur xonalar (shu jumladan turar joylar)ga ega bo‘lsa hamda ishni bajarish uchun amaliy ko‘nikmalari yoki tegishli tayyorgarligi mavjud bo‘lsa, ruxsat etiladi. Bunda kasanachilik amalga oshirilayotgan turar joylarni yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab etilmaydi.
Kasanachilik faoliyati uy sharoitlarida bajarilishi mumkin bo‘lgan, yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va xizmatlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish yoki ko‘rsatish imkonini beradigan sanoat tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida, tashkilotlar va ularning buyurtmalari asosida tashkil etiladi.
Kasanachi bilan mehnat shartnomasi?
Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida umumiy shartlar bilan birga quyidagilar ham nazarda tutilishi lozim:
- ➖Ish bajarish uchun zarur bo‘lgan xom ashyo, materiallar va jihozlarni topshirish tartibi; tayyor mahsulotlarni topshirish va qabul qilish tartibi;
- ➖moddiy javobgarlik shartlari;
- ➖mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari; kasanachiga ta’til berish va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlash;
- ➖energiya, suv, aloqa uchun qilinadigan xarajatlarni kompensatsiya qilish tartibi;
- ➖asbob-uskunalarning ta’miri va ularni inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi;
- ➖kutilmagan holatlar (elektr energiyasi yoki suv bo‘lmaganda) haqida ish beruvchini xabardor qilish tartibi va boshqalar.
Shuningdek, mazkur shartnomada boshqa shartlar ham keltirilishi mumkin.
Kasanachi o‘z mehnatini bajarishda oila a’zolaridan yordam olishi mumkin, bunda ular bilan alohida mehnat munosabatlari vujudga kelmaydi, lekin ish sifatiga bo‘lgan javobgarlik kasanachining zimmasida bo‘ladi.
Ish vaqti va haq to‘lash
Ish beruvchi ishlab chiqarish topshirig‘i hajmini belgilaganda kasanachi tomonidan bu ishni mehnat qonunchiligida belgilangan normal yoki qisqartirilgan ish vaqtida bajara olishini inobatga olishi kerak. Kasanachi esa o‘z ish vaqtini, ish jadvalini mustaqil ravishda belgilaydi va ishni belgilangan hajmda bajarganligi uchun bir hissa miqdorida ish haqi oladi. U kechasi, dam olish yoki bayram kunlari ishlagan taqdirda qo‘shimcha haq olmaydi, chunki u ish vaqtini o‘zi taqsimlaydi.
Kasanachining yillik mehnat ta’tillari kamida 21 kalendar kun bo‘lishi kerak. Ta’til vaqti ish beruvchi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Kasanachilarning ishiga, odatda, ishbay tartibda haq to‘lanadi. Ish haqi miqdori mehnat qonunchiligiga muvofiq, kasanachining bajargan ish hajmi, sifati hamda o‘z vaqtida topshirilganligidan kelib chiqib belgilanadi. Ish haqi, agar kasanachi mehnat majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan eng kam ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas va hech qanday yuqori chegaraga ega emas.
Kasanachilarning mehnatiga haq to‘lash har bir ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan xizmat bo‘yicha yoki belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Shuningdek, mehnat shartnomasida bo‘nak tarzida haq to‘lash shartlari ham belgilanishi mumkin.