Skip to main content

Iqtisodiy konsentratsiya bitimi bu nima?

Iqtisodiy konsentratsiya — bu xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining bozordagi ustun mavqeini shakllantirishiga yoki kuchaytirishiga olib keladigan va tovar hamda moliya bozorida raqobatga taʼsir qiluvchi bitimlar tuzish va boshqa harakatlarni amalga oshirishdir.

Oddiy qilib aytganda, bu bitimlar natijasida bozorning muayyan sektori ustidan nazorat yoki ustun mavqe bitta yoki bir nechta yirik subyektlar qoʻliga oʻtadi.

Bunday iqtisodiy harakatlar ustidan davlat nazorati Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Iqtisodiy konsentratsiya bitimiga real misol

Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, «International Beverages Tashkent» MCHJga Baraka market supermarketlar tarmogʻiga egalik qiluvchi «Urban Retail»ning 100 foiz ulushini olishga rozilik berilgan.

«International Beverages Tashkent» MCHJ XK Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush va Lipton savdo belgilari ostida salqin ichimliklar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotdir.

«Urban Retail» MCHJ XK esa Baraka market savdo belgisi ostida supermarketlar tarmogʻi orqali spirtsiz salqin ichimliklar, oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilot hisoblanadi.

Qoʻmitaning maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, mazkur bitim korporativ tarkibiy oʻzgartirish hisoblanishi va toʻgʻridan toʻgʻri raqobat muhitiga taʼsir koʻrsatmasligi boʻyicha xulosaga kelingan va arizani qanoatlantirish haqida qaror qabul qilingan.

Bitimni tuzish uchun oldindan rozilik olinishi zarur boʻlgan holatlar

Konsentratsiya bitimlari ustidan nazorat xoʻjalik yurituvchi subyektni qoʻshib olish yoki qoʻshib yuborish orqali qayta tashkil etish hamda shaxs yoki shaxslar guruhining Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25 foizidan ortigʻini yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatlar ustav fondidagi uchdan bir qismdan ortiq ulushlarini tasarruf etish huquqini qoʻlga kiritishi holatlarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, agar bitim ishtirokchilaridan birining aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yildagi tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 250 ming baravaridan ortiq boʻlsa yoki ular umumiy hisobda 500 ming baravardan ortiq aktiv yoki tushumga ega boʻlsa, bunday bitimlar boʻyicha iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik olish talab etiladi.

Shu bilan birga, Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunchilik iqtisodiy konsentratsiyaga vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oldindan rozilik talab etilmaydigan holatlar:

Prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan davlat ishtirokidagi korxona bitimlari.

1Subyekt tashkil etilganda muassislarning ulushlari.
2Korxonaning oʻz ulushini qayta sotib olishi.
3Tashkiliy-huquqiy shakl oʻzgarishi (ustav kapitali oʻzgarmasa).
4Investitsiya vositachilari tomonidan keyinchalik sotish uchun aksiyalar/ulushlar olish.
525% dan ortiq ulushga ega boʻlmagan jismoniy shaxslarning bitimlari

Oldindan rozilik olish uchun topshiriladigan hujjatlar:

Iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirishdan oldin rozilik olish uchun ariza beruvchi shaxslar quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

  • ➖oldindan rozilik olish toʻgʻrisidagi ariza,
  • ➖agar murojaatchi norezident boʻlsa — pasport nusxasi yoki yuridik shaxs boʻlsa — davlat roʻyxatidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat,
  • ➖bitim taraflarining oxirgi ikki yil (yoki mavjud muddat) davomida amalga oshirgan faoliyati va mahsulot hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar,
  • ➖moliyaviy va statistika hisobotlari, shaxslar guruhining tarkibi va unga kirish asoslari, shu jumladan asosiy benefitsiar mulkdorlar haqidagi maʼlumotlar.

Shuningdek, ariza koʻrib chiqilishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yigʻim toʻlanadi.

Ariza koʻrib chiqilishi va qabul qilinadigan qarorlar

Ariza raqobatga taʼsir qilmaydigan holatlarda 30 kalendar kun ichida koʻrib chiqiladi. Agar bitim raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganish oʻtkaziladi va koʻrib chiqish muddati 2 oygacha uzaytirilishi mumkin. Bu jarayonga ekspertlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

Raqobat qoʻmitasi ariza asosida quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • ➖iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish toʻgʻrisida
  • ➖iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishni rad etish haqida

Rad etish sabablari quyidagicha boʻlishi mumkin:

  • ➖agar bitim natijasida bozorda ustun mavqe yuzaga kelishi yoki kuchayishi, raqobatning cheklanishi ehtimoli mavjud boʻlsa
  • ➖taqdim etilgan hujjatlar yolgʻon yoki buzib koʻrsatilgan boʻlsa.

Shu bilan birga, agar bitim isteʼmolchilar uchun sezilarli foyda keltirishi isbotlansa, vakolatli organ, raqobat cheklanishi mumkin boʻlsa-da, rozilik berishi mumkin.

Bundan tashqari, vakolatli davlat organi rozilikni maʼlum shartlar asosida, yaʼni raqobatni taʼminlashga qaratilgan choralarni bajarish sharti bilan berishga haqli. Bunday shartlar va ularni bajarish muddati rozilik haqidagi qarorda aniq koʻrsatiladi.

Agar bitim ishtirokchilari ushbu talablarni bajarmasa, ular raqobatning tiklanishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrishlari shart boʻladi.

Vakolatli davlat organining oldindan berilgan roziligisiz tuzilgan, tovar yoki moliya bozorida raqobatning cheklanishiga olib keladigan iqtisodiy konsentratsiyaga doir bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Categories: Biznes huquqi