
Sud qarori ustidan 1 yildan keyin ham shikoyat bersa boʻladimi?
Oʻzbekiston Respublikasida birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilish mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 381¹-moddasiga koʻra, apellyatsiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
Biroq ushbu muddat oʻtib ketgan boʻlsa fuqarolarda kassatsiya tartibida shikoyat berish imkoniyati mavjud.
Ushbu kodeksning 405¹-moddasida, “Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Oʻtkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra kassatsiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, agar iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa tiklanishi mumkin” deb belgilangan.
Ushbu norma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida ham belgilangan boʻlib, unda ham ushbu normalar amal qiladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, kassatsiya tartibida shikoyat berishning muddati 6 oy, biroq siz iltimosnoma kiritib, agar buni sudya maʼqullasa, muddat tiklanishi mumkin.