
Harbiy xizmatning qanday turlari bor?
Vatanga xizmat qilish eng oliy burch va sharafdir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburdirlar.
Harbiy majburiyat va harbiy xizmat Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq tartibga solinadi.
Ushbu qonunning 4-moddasiga koʻra, harbiy xizmatning quyidagi turlari joriy etiladi:
- ➖muddatli harbiy xizmat;
- ➖safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
- ➖kontrakt boʻyicha harbiy xizmat;
- ➖Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni oʻtagan rezervchilar xizmati.
Endi esa har biriga alohida toʻxtalib, izohlab oʻtamiz. Muddatli harbiy xizmat deganda harbiy xizmatga layoqatli boʻlgan shaxsning kalendar hisobida 12 oy davomida Qurolli kuchlar safida xizmat qilishini tushunish lozim.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy prinsip asosida oylik yigʻinlar tarzida tashkil etiladi hamda chaqiriluvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus hisobvaragʻiga pul badallari kiritilishini nazarda tutadi. Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga 27 yoshga toʻlgunga qadar olinadi.
Kontrakt boʻyicha harbiy xizmat Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga ixtiyoriylik asosida, harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar orqali davlat bilan tuziladigan kontraktga binoan kirgan fuqarolar bajaradigan harbiy xizmat turidir.
Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtagan rezervchilar xizmati — bu urush paytida Qurolli Kuchlar safini toʻldirish va kuchaytirish maqsadida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir. Unga ilgari harbiy xizmatni oʻtagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar jalb qilinadi. Bu xizmat umumiy harbiy majburiyat asosida amalga oshiriladi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi shaxslarni ham oʻz ichiga oladi.
Vatanni himoya qilish – eng ulugʻ va sharafli burchdir. Shu bois, har bir Oʻzbekiston fuqarosi yurt oldidagi ushbu masʼuliyatli vazifani bajarishga doimo tayyor boʻlishi lozim.