Renovatsiya nima?
| Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi shoʻbasi oʻqituvchisi Buriyev Yoʻlchi Xudaynazarovich |
Xorijiy adabiyotlarda renovatsiya soʻziga turlicha taʼriflar berilgan. Umumiy maʼnoda bu “buzilgan, shikastlangan yoki eskirgan inshootlarni yaxshilash jarayoni”dir. Odatda renovatsiya ishlari tijorat yoki turar-joy binolarida amalga oshiriladi. Shuningdek, renovatsiya biror narsani yangidan yaratish yoki qayta jonlantirishni anglatishi hamda ijtimoiy sohalarda qoʻllanilishi mumkin.
2026-yil 10-iyun sanasida aynan rinovatsiyaga taalluqli normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mazkur hujjat “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1149-sonli Qonun boʻlib, u mamlakatda shaharsozlik renovatsiyasi (yangilash, qayta qurish va hududlarni zamonaviylashtirish) sohasidagi barcha munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Qonun 2026-yilning 12-dekabr sanasida kuchga kirishi belgilangan boʻlib, unda 9 ta bob va 61 ta moddadan mavjud. Mazkur hujjatning mohiyati va asosiy yoʻnalishlari quyidagi batafsil tahlil qilinadi..
Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi nimalardan iborat?
Mazkur Qonunning asosiy maqsadi shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tizimli ravishda tartibga solishdan iborat. Qonun fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, avariya holatidagi binolarni yangilash hamda hududlarni ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur Qonun yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish (snos), madaniy meros obyektlarini taʼmirlash hamda boʻsh turgan yerlarda yangi massivlar qurish kabi munosabatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Soddaroq qilib tushuntirilganda,renovatsiya jarayoni faqatgina oʻzlashtirilgan, lekin moddiy jihatdan eskirgan obyektlarga nisbatan qaratilganligini koʻrsatadi.
Shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va turlari nimalardan iborat?
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun ikkita asosiy sabab koʻrsatilgan:
– hududdagi turar va noturar joy obyektlarining eskirganligi, yashash uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolganligi;
– hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy xavf soluvchi holatlar, xususan, ekologik, texnogen ofatlar, yongʻin xavfsizligi talablariga javob bermaslik va muhandislik tarmoqlarining yoʻqligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlarda amalga oshiriladi:
- – mavjud obyektning asosiy konstruksiyasini oʻzgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- – mavjud obyektni buzish va uning oʻrnida yangi obyekt qurish;
- yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Loyihalar doirasida har doim hududning kamida toʻrtdan bir qismi (25 foizi) yashil zonalardan iborat boʻlishi majburiydir. Shuningdek, mavjud yashil zonalarni boshqa toifaga oʻzgartirish qatʼiyan taqiqlanadi.
Asosiy prinsiplar va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari nimalardan iborat?
Qonun mulkdorlar (huquq egalari) huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida bir qator qatʼiy prinsiplarni belgilagan, xususan:
Ixtiyoriylik prinsipi. Hech bir huquq egasi renovatsiya dasturiga qoʻshilishga majburlanishi mumkin emas. Davlat organlari huquq egasini oʻz mulkini dasturga kiritishga bevosita yoki bilvosita majburlashga haqli emas (sud qarori qabul qilingan holatlar bundan mustasno).
Huquq egasi huquqlarining ustuvorligi. Davlat organlari bilan ziddiyat va noaniqliklar yuzaga kelganda, masalalar doimo huquq egasining foydasiga talqin etiladi.
Xususiy mulkning daxlsizligi. Hech kim sudning qarorisiz qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas.
Mulk holatining yaxshilanishi. Har qanday renovatsiya natijasida mulkning holati oldingisidan koʻra yaxshiroq holatga keltirilishi shart.
Atrof-muhitga zarar yetkazmaslik. Obyektlarni qayta tiklashda ekologik barqarorlik taʼminlanishi va qimmatbaho daraxtlar kesilmasligi kerak. Moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazish qatʼiyan taqiqlanadi.
Tashabbuskorlar va loyihani amalga oshirish bosqichlari nimalardan iborat?
Renovatsiya loyihalarini boshlash tashabbusi uch xil subyekt tomonidan kiritilishi mumkin:
- 1. Davlat tashabbusiga koʻra (hokimliklar orqali).
- 2. Huquq egalari tashabbusiga koʻra (mulkdorlar kelishuvi asosida).
- 3. Uchinchi shaxslar tashabbusiga koʻra (investorlar yoki qurilish tashkilotlari).
Loyihani tasdiqlashdan oldin eng muhim shart – bu hududdagi har bir obyekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining (80%) notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligini olishdir. Agar bu rozilik olinmasa, loyiha dasturga kiritilmaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat va Toshkent shahar Kengashlari loyihani jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazgach (kamida 15 kun), uni maʼqullaydi. Shundan soʻng, maxsus tuzilgan renovatsiya kengashlari tomonidan dastur tasdiqlanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi sohasida davlat boshqaruvi va jamgʻarmalar nimalardan iborat?
Renovatsiyani tizimli boshqarish uchun Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi hamda hududiy kengashlar tuziladi. Moliyaviy taʼminotni yoʻlga qoʻyish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika jamgʻarmasi, hokimliklar huzurida esa hududiy jamgʻarmalar tashkil etiladi. Respublika jamgʻarmasi asosan olis va chekka hududlardagi avariya holatidagi uylarni renovatsiya qilishga qaratilgan boʻlsa, hududiy jamgʻarmalar mahalliy loyihalarni tayyorlash va davlat tashabbusidagi dasturlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Mablagʻlar davlat budjeti, xalqaro moliya institutlari, investorlar ulushi va yer auksionlaridan tushadigan mablagʻlar hisobidan shakllanadi.
Huquq egalari bilan kelishuv bitimi va ochiq muhokamalar nimalardan iborat?
Renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgandan soʻng 2 oy ichida huquq egalari bilan ochiq muhokama oʻtkazilishi shart. Hokimliklar va investorlar aholiga loyiha maqsadi va istiqbollarini tushuntiradi. Bu jarayon majburiy ravishda audio va videoga yozib olinadi. Dastur tasdiqlangach, loyihani amalga oshiruvchi yuridik shaxs – Direksiya va har bir mulkdor oʻrtasida notarial tartibda yakkama-yakka kelishuv bitimi tuziladi. Agar mulkdor bilan kelishuvga erishilmasa, u holda mulk egasini majburlash maqsadida uning uyiga boruvchi kommunikatsiya tarmoqlarini (suv, gaz, svet) uzib qoʻyish yoki unga munosib hayot kechirishiga monelik qilish qatʼiyan taqiqlanadi. Nizo faqat sud tartibida hal qilinadi. Agar mulk egasi vafot etgan boʻlsa va meros ishi hal boʻlmagan boʻlsa, qonunda merosxoʻrlar bilan ishlash, meros mulkini saqlash va vaqtinchalik jamgʻarma ixtiyoriga oʻtkazishning aniq tartib-taomillari belgilab berilgan.
Kompensatsiya turlari va ularning miqdorini belgilash tartibi qanday?
Renovatsiya hududidagi mulki buzilayotgan fuqarolar va tadbirkorlar uchun juda keng qamrovli kompensatsiya mexanizmlari joriy etilgan. Kompensatsiyalar quyidagi shakllarda taqdim etilishi mumkin:
- 1. Shaharsozlik renovatsiyasi hududida yangi quriladigan turar yoki noturar joy obyektini mulk qilib berish. Yangi beriladigan joyning maydoni avvalgisidan kam boʻlmasligi va tayyor taʼmirlangan holatda berilishi shart.
- 2. Boshqa hududdan tayyor turar yoki noturar joy mulk qilib berish.
- 3. Pul mablagʻlari shaklida qoplab berish.
Kompensatsiya tarkibiga nimalar kiradi?
- – Turar va noturar joyning bozor qiymati.
- – Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati.
- – Yer uchastkasidagi koʻp yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati.
- – Koʻchish va vaqtinchalik ijarada yashash bilan bogʻliq barcha xarajatlar.
- – Tadbirkorlar uchun olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan 2 yillik foyda.
Renovatsiya tufayli yetkazilgan noqulayliklar uchun huquq egasiga hisoblangan kompensatsiya umumiy miqdorining 12 foizi (12%) miqdorida qoʻshimcha bir martalik pul toʻlab beriladi.
Alohida eʼtiborga molik jihati shundaki, yer uchastkasida 15 yildan beri hujjatsiz (lekin uzluksiz, halol va ochiq) yashab kelayotgan va soliqlarini toʻlab kelgan fuqarolarga ham ularning obyektlari qiymati qoplab beriladi. Oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar qonuniylashtirilgach, ularning ham bozor qiymati toʻliq qoplanadi. Agar yangi uy qurilguncha fuqaro vaqtinchalik uyda yashab tursa, bu jarayon 24 oydan oshib ketsa, Direksiya har bir kechikkan kun uchun 0,05 foiz penya toʻlaydi.
Yer munosabatlari va qurilishni boshqarish tartibi qanday?
Renovatsiya dasturi eʼlon qilingandan soʻng, mazkur hududda boʻsh yerlarni auksion orqali sotish yoki davlat organlariga ajratish vaqtinchalik toʻxtatiladi. Yangi qurilish va rekonstruksiya loyihalariga ham taqiq qoʻyiladi. Mulkdorlar bilan kelishuv qilingach, koʻchmas mulk obyekti va yer uchastkasi Direksiyaga oʻtadi. Direksiya oʻz navbatida yerni ijara huquqi asosida (faqat loyihani amalga oshirish davri uchun) oladi. Direksiya yer berilganidan soʻng 2 oy ichida qurilishni boshlashi shart; aks holda yerni olib qoʻyish asoslari paydo boʻladi va yangi investor topish uchun tanlov eʼlon qilinadi. Qurilish bitgandan soʻng, yangi bino egalariga mulk huquqi bilan birga, yerga boʻlgan doimiy foydalanish huquqlari ham tegishli tartibda oʻtadi. Shuningdek, loyihada fuqarolar nafaqat kompensatsiya oluvchi, balki oʻz mulkini kiritish orqali loyihaning hissadori (investori) sifatida qatnashib, olinadigan daromaddan foyda koʻrishlari ham kafolatlangan.
Jamoatchilik va davlat nazorati tartibi qanday?
Shaharsozlik renovatsiyasi jamoatchilik uchun toʻliq ochiq va shaffof boʻlishi qonun bilan mustahkamlangan. Bu maqsadda Maxsus “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi ishga tushiriladi (Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul). Fuqarolar ushbu platforma orqali obyektlarning holati, qurilish jarayonlari, huquq egalarining roziligi qay darajada olinganligi va muddatlarni onlayn tarzda kuzatib borishlari mumkin. Platforma barcha uchun qulay, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilgan boʻlishi kerak. Davlat nazorati esa Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda uni hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi, ular loyihaning zilzilabardoshlik, ekologik va energiya samaradorligi normalariga mosligini tekshiradi.
Javobgarlik masalalari
Mazkur qonun talablariga rioya etmagan holda binolarni buzish va yerlarni olib qoʻyish qatʼiyan man etiladi va bunday qonunbuzarlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan. Agar taraflar oʻrtasida shartnoma shartlari, kompensatsiya miqdori boʻyicha nizo kelib chiqsa, u ixtiyoriy ravishda yoki qatʼiy sud tartibida koʻrib chiqiladi va sud xususiy mulk daxlsizligi kafolatlarini taʼminlashi shart. Qonun kuchga kirgach, oldindan investorlarga berilib ketgan, ammo ishlari boshlanmagan eski hududlarda huquq egalarining 80 foizi norozi boʻlsa, ushbu yerlar zudlik bilan davlat (hokimlik) zaxirasiga qaytarib olinishi kafolatlangan.