Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni e’tirof etish
| Buriyev Yo‘lchi Xudaynazarovich – Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi sho‘basi o‘qituvchisi |
O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 15 iyundagi O‘RQ–1153-sonli Qonuni mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy hayotida, ayniqsa, fuqarolarning mulk huquqini kafolatlash hamda mustahkamlash yo‘nalishida qabul qilingan hujjatlardan biri bo‘ldi.
Qonunning asosiy maqsadi
Ushbu Qonunning tub mohiyati o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarini jadallashtirishdir.
Ko‘p yillar davomida fuqarolar tomonidan uy-joy qurish yoki tomorqa sifatida foydalanish maqsadida egallab olingan, biroq qonuniy hujjatlari mavjud bo‘lmagan mulklar yashirin iqtisodiyotning yoki harakatsiz kapitalning bir qismi bo‘lib kelayotgan edi. Bunday mulklarni sotish, hadya qilish, merosga qoldirish yoki bankdan kredit olish uchun garovga qo‘yish imkonsiz edi. Qonun bilan amaliyotda yagona va izchil tartibni ta’minlash orqali fuqarolarning ushbu mulklari to‘laqonli iqtisodiy muomalaga kiritiladi.
Moliyaviy yengilliklar
Qonunning eng katta yutuqlaridan biri bu aholining ijtimoiy va moliyaviy holatini inobatga olgan holda joriy etilgan moliyaviy instrumentlardir.
Soliq qarzdorligi bo‘yicha aniq chegara belgilandi. Ilgari mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish uchun har qanday miqdordagi soliq qarzdorligi to‘siq bo‘lishi mumkin edi. Bu esa jarayonni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yardi. Kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, qarzdorlik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk ob’yektlariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayoni to‘xtatilmaydi. Bu fuqarolarga kichik miqdordagi qarzdorliklari sababli mulk huquqidan mahrum bo‘lmaslik kafolatini beradi.
To‘lovlardagi rag‘batlantiruvchi chegirma yo‘lga qo‘yildi. Davlat xizmatlari yoki huquqni e’tirof etish uchun belgilangan 1 martalik to‘lovlarni amalga oshirishda zamonaviy rag‘bat mexanizmi joriy qilindi. Agar fuqaro belgilangan muddat ichida (20 ish kunida) umumiy summaning 50 foizini to‘liq to‘lasa, uning qolgan qismiga chegirma beriladi. Bu mexanizm xuddi yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun belgilangan jarimalarni erta to‘laganlik uchun beriladigan chegirmalarga o‘xshaydi va jarayonning tezkorligini ta’minlaydi.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Hamma fuqaroning ham bir martalik katta to‘lovni amalga oshirishga qurbi yetmasligi mumkin. Shu sababli, to‘lash imkoniyati bo‘lmagan fuqarolarga soliq inspeksiyasi bilan maxsus shartnoma tuzish va mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda qismlarga bo‘lib to‘lash huquqi berildi. Bu ijtimoiy himoyaning namunasidir.
Yana bir muhim o‘zgartirish bu2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyunga qadar yer uchastkasi uchun oshirilgan stavkada (ya’ni, o‘zboshimchalik bilan egallanganligi uchun jarima tariqasida) hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga qo‘llanilmasligi belgilandi.
Muddatlarni maqbullashtirish
Davlat organlari bilan ishlashda eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri bu vaqtning yo‘qotilishi va qog‘ozbozlikdir. Ushbu Qonunda muddatlarni ixchamlashtirish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar ham kiritildi.
Ilgari mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish 150 kungacha (qariyb 5 oy) cho‘zilishi mumkin edi. Endilikda bu muddat 50 kunga tushirildi. Raqamlashtirish va idoralararo elektron hamkorlikni kuchaytirish hisobiga davlat idoralari o‘z ishini tezroq bajarishga undaydi.
Ilgari yer va mulk masalasidagi har qanday tushunmovchilik yoki rad javobi ustidan faqat sudga shikoyat qilish mumkin edi. Sud jarayonlari esa oylar davom etishi, davlat boji va advokatlik xarajatlarini talab qilishi sir emas. Endilikda sudgacha bo‘lgan (apellyasiya yoki mediatsiya komissiyalari) mexanizm yaratilishi fuqarolarning vaqti va pulini keskin tejashga xizmat qiladi.
Yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etishda mahalliy Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga bevosita asos bo‘lishi belgilandi. Bu mahalliy vakillik organlarining nufuzini oshiradi va qaror qabul qilish markazini xalqqa yaqinlashtiradi.
Bino-inshootlar xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni izlash sarsogarchiligini oldini olish maqsadida, ushbu ma’lumotlarni taqdim etishga tuman (shahar) hokimliklari ham mas’ul etib belgilandi. Bu arxiv hujjatlarini tiklashdagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi.
Shaharsozlik va yerga oid qoidalar
Yer uchastkalarini qonuniylashtirishdagi eng murakkab jihatlardan biri bu shaharsozlik normalariga moslik masalasidir. Qonun bu yerda ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Oldingi amaliyotda, agar fuqaroning hovlisi yoki yerining bir qismi muhofaza zonasiga (masalan, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, gaz quvurlari yoki suv havzalari yaqinida) tushib qolsa, butun mulkka huquqni e’tirof etish rad qilinardi. Yangi tartibga ko‘ra esa, faqatgina o‘sha taqiqlangan hududga tushgan qismi chegirib tashlanib, qolgan xavfsiz qismiga nisbatan mulk huquqi e’tirof etiladi. Bu fuqaroni mulk huquqsiz qoldirmaslikning eng oqilona yo‘lidir.
Dastlab ajratilgan hujjatdagi maydondan ko‘ra amalda ko‘proq yerdan foydalanib kelayotgan (masalan, 6 sotix o‘rniga 7 sotix egallangan) holatlar juda ko‘p. Qonunda ushbu ortiqcha egallangan yer uchastkasiga huquqni e’tirof etish mexanizmi takomillashtirildi, ya’ni belgilangan normativlar doirasida qo‘shimcha yerni sotib olish yoki qonuniylashtirishning aniq, shaffof tartibi yaratildi.
Quyidagi jadvalda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarning qiyosiy tahlili keltirilgan:
| Ko‘rsatkichlar | Oldingi holat (Eski tartib) | O‘RQ-1153-son Qonun bilan (Yangi tartib) |
|---|---|---|
| Jarayon davomiyligi | 150 kungacha (qariyb 5 oy). | 50 kungacha (3 baravar tezlashtirildi). |
| To‘lovlardagi imtiyozlar | To‘liq to‘lanishi shart, chegirmalar yo‘q edi. | 20 kun ichida 50% to‘lansa, qolganiga chegirma beriladi. |
| To‘lovni bo‘lib to‘lash | Aniq ijtimoiy mexanizm yo‘q edi. | 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lash mumkin. |
| Muhofaza zonalaridagi mulk | Butun mulkka huquq berish rad etilardi. | Faqat taqiqlangan qismi chegirilib, qolgan qismiga huquq beriladi. |
| Nizolarni hal qilish | Faqat sud orqali (uzoq va serxarajat). | Sudga qadar ko‘rib chiqish (tez va arzon) joriy etildi. |
| Jarima soliqlari | Oshirilgan stavkadagi soliqlar undirilardi. | 2020 yil yanvardan 2024 yil iyungacha bo‘lgan davr uchun qo‘llanilmaydi. |