
Yer soligʻi boʻyicha qanday imtiyozlar mavjud?
Imtiyozlar jamiyatdagi tenglikni taʼminlashda muhim vosita boʻlib, ayniqsa urushda qatnashganlar va xalq orasida fidokorona xizmat qilganlarga berilishi oʻrinlidir. Bunday insonlar jamiyat oldida katta hissa qoʻshgani bois, ularni qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy adolat tamoyiliga toʻgʻri keladi. Shunday ekan, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga binoan, ayrim shaxslarga yer soligʻi toʻlashda imtiyoz mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 436-moddasiga koʻra quyida shaxslar yer soligʻidan ozod qilinadi:
- ➖“Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar.
- ➖urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
- ➖I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar.
- ➖yolgʻiz pensionerlar. Yolgʻiz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi boʻlgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolgʻiz pensionerlar deb tushuniladi.
- ➖boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan koʻp bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalardir.
- ➖Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar.
- ➖energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — qayta tiklanadigan energiya manbalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga.
Yuqoridagi imtiyozlarga ega shaxslar mazkur imtiyozlardan foydalanish uchun imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etishi talab etiladi.