
Farzandni chet elga chiqishida ota-onaning roziligi kerak
Ota-ona farzandga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga ega. Bu prinsip, ayniqsa, bola bilan bogʻliq muhim masalalarda — masalan, uni chet davlatga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi. Soʻnggi yillarda koʻplab ota-onalar farzandlarini oʻqish, dam olish yoki davolanish maqsadida xorijga olib chiqmoqchi boʻlayotgani bois, bu jarayonda huquqiy aniqlik zarur boʻlib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, voyaga yetmagan shaxsni (yaʼni 18 yoshga toʻlmagan bolani) xorijga olib chiqish uchun ota-onaning roziligi talab etiladi. Bu masala “Oʻzbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 22-bandida tartibga solingan.
Nizomga koʻra, notarial rozilik talab etiladigan holatlar:
- ➖Ota yoki onaning biri farzandni yolgʻiz oʻzi chet elga olib chiqmoqchi boʻlsa, qolgan ota-onaning notarial tasdiqlangan yozma roziligi majburiy hisoblanadi.
Nizom qoidalarga muvofiq notarial rozilik talab etilmaydigan holatlar:
- ➖Ota-ona ikkovlon birgalikda migratsiya organiga bevosita murojaat qilsa, rozilik ogʻzaki berilishi mumkin;
- ➖Ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali yuborilsa, ota-onaning roziligi elektron raqamli imzo bilan beriladi — bu holatda ham notarial ruxsat talab etilmaydi.
Eslatma: Notarial ruxsat — bu nafaqat huquqiy talab, balki bolaning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora hisoblanadi. Bu tartib, ayniqsa, ota-onalar oʻrtasida nizolar yoki ajralish holatlari mavjud boʻlganida, farzandning xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Voyaga yetmagan farzandni xorijga olib chiqish masalasida ota-onaning teng huquqi asosiy mezon sifatida belgilanadi. Shunga koʻra, agar ota yoki onaning biri bolani yakkama-yakka chet elga olib chiqmoqchi boʻlsa, ikkinchisining notarial tasdiqlangan roziligi boʻlishi shart. Elektron platformalar orqali murojaat qilinganda esa, bu rozilikni elektron raqamli imzo bilan berish imkoniyati mavjud.