
Maishiy shovqin javobgarlikka sabab bo‘ladi
Kundalik hayotda kechki paytlarda baland shovqinlarning yuzaga kelishi tez-tez uchrab turadigan holatlardan biridir. Jumladan, avtomobil va mototsikllardan taralayotgan baland ovozlar, shuningdek, yuqori ovozda musiqa tinglash kabi holatlar bunga misol bo‘la oladi.
Ushbu holatlar qonunga zid hisoblanib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Oʻzbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 192-moddasiga koʻra:
Tungi vaqtda — soat 23.00 dan 06.00 gacha — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shunday qilib, kechki va tungi vaqtlarda baland shovqin chiqarish qonunga zid hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Har bir fuqaro osoyishtalikni saqlashga mas’uldir.