Skip to main content

Attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchilarga dars berilmaydimi?

Hozirda respublika bo‘ylab maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, jumladan, dars taqsimotlari boshlandi. Ko‘pchilik o‘qituvchilar orasida esa bir savol dolzarb bo‘lib turibdi: “Attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchi dars bera oladimi?”

Keling, qonunchilik nima deydi — birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizom” ushbu masalaning asosiy tartibga soluvchisi hisoblanadi.

Mazkur Nizomning 44-bandiga ko‘ra:

  • ➖Agar oliy ma’lumotli (mutaxassis) o‘qituvchi navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmasa, ish beruvchi (direktor) malaka yetishmasligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega.
  • ➖Demak, ish beruvchi bu huquqdan foydalansa, o‘qituvchi ishdan bo‘shatiladi va, tabiiyki, unga dars berilmaydi.
  • ➖Lekin bu majburiyat emas, faqat huquq ekanini unutmaslik kerak.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qaror bilan mazkur nizom 441-band bilan to‘ldirildi. Ushbu o‘zgartirish avvalgi tartibni aniqroq belgilab berdi: agar ish beruvchi attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchini darhol ishdan bo‘shatmasa, pedagog ketma-ket ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb qilinadi.

Bu tartib o‘qituvchiga malakasini tasdiqlash va faoliyatini davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Biroq, ushbu ikki imkoniyatdan birortasida ham muvaffaqiyatga erishilmasa yoki uzrsiz sabab bilan attestatsiyada qatnashilmasa, ish beruvchi malaka yetishmasligi asosida mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Dars taqsimotida vaziyat qanday?


Agar o‘qituvchi birinchi marta majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan bo‘lsa, u o‘z fani bo‘yicha bemalol dars olishi mumkin. Bu “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (ro‘yxat raqami 3271) 15 va 16-bandlarida ham o‘z aksini topgan.

Unga ko‘ra, oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchilar attestatsiya natijasi qoniqarli bo‘lmagan taqdirda ham, ular tarifikatsiya asosida dars berish huquqiga ega. Bu tartib, birinchi navbatda, ta’lim jarayonining uzluksizligini ta’minlash va o‘qituvchiga keyingi attestatsiyada malaka toifasini olish uchun zarur tayyorgarlik ko‘rish imkonini yaratish maqsadida belgilangan. Demak, birinchi marta attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog dars yuklamasidan chetlashtirilmaydi

Categories: Pedagogik soha