Skip to main content

Qayta tayyorlov diplomi endi mutaxassislik diplomi bilan tengmi?

Maktablarda yillar davomida eng ko‘p bahs qilinadigan masalalardan biri – bu qayta tayyorlash diplomiga ega o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlash masalasi bo‘lib kelmoqda.

Amaliyotda ko‘p hollarda “siz asl mutaxassis emassiz”, “qayta tayyorlovsiz”, “avval mutaxassislarga dars beriladi” degan qarashlar uchrab kelgan. Hatto ayrim hollarda qayta tayyorlov bo‘yicha ishlayotgan, oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar ham dars soatlarini taqsimlashda ikkinchi darajali deb qaralgan.

Aslida esa amaldagi qonunchilikda bunday cheklov mavjud emas edi. Biroq Nizomda bu masala ochiq va aniq ifodalanmagani sababli turlicha talqinlar yuzaga kelayotgan edi.

Endilikda ushbu noaniqlikka chek qo‘yildi.

Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat raqami 3271) 15-bandi yangi norma bilan to‘ldirildi.

Mazkur o‘zgartirish aynan qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega pedagoglarning huquqiy maqomini aniq belgilab berdi.


Qanday o‘zgarish kiritildi?

Nizomning 15-bandiga quyidagi norma qo‘shildi:

“…qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar, agar ularda qayta tayyorlash mutaxassisligi bo‘yicha ikkinchi—oltinchi xatboshilarda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lsa, tegishli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega bo‘ladi.”

Bu jumla qisqa ko‘rinsa ham, amaliyot uchun juda katta ahamiyatga ega. Uning mazmuni shundan iboratki, endilikda qayta tayyorlov diplomi o‘z-o‘zicha alohida, pastroq toifa sifatida qaralmaydi.

Agar o‘qituvchi qayta tayyorlov bo‘yicha dars berayotgan fanidan:

  • ➖oliy malaka toifasiga ega bo‘lsa;
  • ➖milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa;
  • ➖birinchi malaka toifasiga ega bo‘lsa;
  • ➖ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lsa;
  • ➖yoki oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchi bo‘lsa, unda u aynan shu ko‘rsatkichga ega bo‘lgan mutaxassis bilan bir xil ustuvorlikka ega hisoblanadi.

Buni misolda tushuntiramiz

1-misol. Maktabda tarix fanidan ikkita o‘qituvchi ishlaydi.

A o‘qituvchi: tarix mutaxassisi, birinchi malaka toifasi.

B o‘qituvchi: asl mutaxassisligi filologiya, tarix bo‘yicha qayta tayyorlov diplomiga ega va tarix fanidan birinchi malaka toifasiga ega.

Yangi tahrirdagi 15-bandga ko‘ra, A va B o‘qituvchilar dars soatlarini taqsimlashda teng ustuvorlikka ega.


2-misol.  Ikki nafar matematika o‘qituvchisi mavjud.

A o‘qituvchi: matematika mutaxassisi, birinchi malaka toifasi.

B o‘qituvchi: fizika mutaxassisi, matematika bo‘yicha qayta tayyorlov diplomiga ega hamda matematika fanidan oliy malaka toifasi.

Bu holatda qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchi oliy malaka toifasiga ega bo‘lgani sababli A o‘qituvchiga nisbatan ustuvorlikka ega bo‘ladi.


3-misol. Qayta tayyorlov diplomiga ega o‘qituvchi hech qanday malaka toifasiga ega emas.

Bu holatda u oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchi sifatida baholanadi va shu toifadagi mutaxassisdan keyin dars olishga haqli bo‘ladi.


Mazkur o‘zgartirish maktablarda yillar davomida turlicha talqin qilinib kelgan masalalardan biriga huquqiy aniqlik kiritdi.

Endilikda qayta tayyorlov bo‘yicha diplomga ega pedagoglarni faqat “qayta tayyorlovdan o‘tgan” degan asos bilan dars soatlarini taqsimlashda kamroq dars berish mumkin emas.

Agar qayta tayyorlov mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchida 15-bandda nazarda tutilgan tegishli ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lsa, u xuddi shu ko‘rsatkichlarga ega mutaxassis bilan teng ustuvorlik asosida dars soatlari taqsimotida ishtirok etadi.

Categories: Pedagogik soha