Skip to main content

Uy-joyni ta’mirlash uchun subsidiya ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyulda qabul qilingan 462-sonli “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga koʻra, “Kambagʻal oilalar” reyestrida  turuvchi, 30 yoshdan oshgan ayollarga uy-joyini ta’mirlash uchun  subsidiya beriladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizom bilan tasdiqlangan 5-ilovaga muvofiq, bir martalik BHMning 50 baravariga boʻlgan miqdorda ijtimoiy yordam beriladi.

Izoh: BHM 1baravari – 412 ming soʻm, ya’ni 20 million 600 ming soʻmgacha miqdorda.

Ijtimoiy yordam uy-joyni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallarini xarid qilish uchun tegishli tovarlarni (xizmatlar va ishlar)ni yetkazib beruvchilarga shartnomaga muvofiq to‘lanadi.

Mazkur yordamdan foydalanish uchun unga haqiqatda muhtojlik mavjudligi “mahalla yettiligi” tomonidan yordam oluvchilarga mulk huquqi yoki boshqa huquqlar asosida tegishli bo‘lgan uy-joylarga borgan holda o‘rganish o‘tkazilib, dalolatnoma tuziladi.

Bunda, mazkur dalolatnomada yordam oluvchiga tegishli uy-joyni ta’mirlanishi lozim bo‘lgan qismlari hamda yangisiga almashtirilishi lozim bo‘lgan jihozlar (eshik-rom, shifer va boshqalar) aniq ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yordam oluvchiga tegishli uy-joyni ta’mirlash uchun xarid qilinadigan tovarlar, shu jumladan qurilish mollari xaridini amalga oshirishda tovar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilarni maxsus axborot portalida e’lon joylashtirmasdan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda o‘tkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlanadi.