Notijorat yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
| Tolib Raxmonov, Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi o‘qituvchisi |
Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zi xos jihatlari
O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda bozor iqtisodiyoti munosabatlari chuqur shakllanib bormoqda. Ushbu jarayon faqatgina tadbirkorlik subyektlarining faoliyati bilan emas, balki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan, ammo jamiyat hayotida muhim rol o‘ynaydigan yuridik shaxslar bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Bunday yuridik shaxslarga davlat organlari va muassasalari, advokatlik tuzilmalari, jamoat birlashmalari, yuridik shaxs birlashmalari va boshqa shu turdagi yuridik shaxslar kiradi.
Mazkur tashkilotlar jamiyatda muhim ijtimoiy funksiyalarni bajaradi — ular fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish va jamiyatni ijtimoiy rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Shu sababli ularning qonuniy faoliyatini ta’minlashda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni alohida ahamiyatga ega. Aynan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab, yuridik shaxs huquq subyekti sifatida tan olinadi.
Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi ularning huquqiy maqomini belgilaydi, huquq va majburiyatlarini aniqlab beradi, va umuman olganda ularning faoliyatini qonuniyligi belgilaydi. Ushbu jarayon orqali tashkilotlar qonuniy subyekt sifatida iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy munosabatlarga kirishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan yuridik shaxslarning mohiyati. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga (keying o‘rinlarda – FK) 39-moddasida yuridik shaxs tushunchasiga ta’rif berilgan. Xususan, yuridik shaxs — bu mustaqil mulkka ega bo‘lgan, o‘z nomidan mulkiy va nomulkiy huquqlarni amalga oshiruvchi, majburiyatlarni bajaruvchi hamda sudda da’vogar va javobgar bo‘lish qobiliyatiga ega bo‘lgan tashkilotdir[1].
FK ko‘ra yuridik shaxslar ikki turga bo‘linadi: tijoratchi tashkilot va tijoratchi bo‘lmagan tashkilot. Ularning asosiy farqi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida ifodalanadi. Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan (tijoratchi bo‘lmagan) yuridik shaxslar foyda olishni asosiy maqsad qilib qo‘ymagan, ammo huquqiy maqomga ega bo‘lgan tashkilotlardir. Ular ko‘proq ijtimoiy, ma’naviy, huquqiy, madaniy va ekologik maqsadlarda faoliyat yuritadilar.
Tadbirkorlik subyekti bo‘lmagan yuridik shaxslar oid masalalar maxsus qonunchilik hijjatlari bilan tartibga solinadi. Masalan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunlar shular jumlasidandir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslarning o‘ziga xos jihati ularning maqsadida ifodalanadi. Ushbu qoida “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunda ham belgilab o‘tilgan. Ushbu Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishish, maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi[2].
Tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin. Ta’kidlash joizki, tijoratchi boʻlmagan tashkilot oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin. Ushbu normadan ko‘rinib turibdiki, tijoratchi yuridik shaxsning tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishining asosiy sharti makur faoliyat ustavda belgilangan maqsadlariga mosligidir.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning huquqiy asoslari. Tadbirkorlik subyekti bo‘lmagan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi Fuqarolik kodeksi bilan belgilangan. Xususan, Kodeksning 44-moddasiga muvofiq, davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu modda faqat umumiy qoidalarni belgilaydi. Ushbu turdagi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi batafsil maxsus normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 542-son qarori shular jumlasidandir.
Mazkur qaror bilan tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish tartibi oid bir qator ma’muriy reglamentlar tasdiqlangan. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini davlat organlari va tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish misolida ko‘rib chiqamiz.
Ushbu jarayon uchta bosichni o‘z ichiga oladi va asosiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ davlat xizmatlari markazi hisoblanadi.
Birinchi bosqichda, ariza beruvchi davlat organlari va tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi. Bunda ariza berishda yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari to‘g‘ri rasmiylashtirilganligiga alohida e’tibor berilishi lozim. Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshga mazkur turdagi yuridik shaxsga qo‘yilgan talablari lozim bajarish talab etiladi.
Ikkinchi bosqichda, Davlat xizmatlari markazi ikki ish kun mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) taqdim qilingan hujjatlar mazkur Reglament talablariga muvofiq boʻlganda davlat organlari va tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi; 2) taqdim qilingan hujjatlar mazkur Reglament talablariga nomuvofiq boʻlganda davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad qiladi va bu haqida ariza beruvchini xabardor qiladi[3].
O‘z o‘rnida, FK ning 44-moddasiga binoan yuridik shaxsni tashkil etishning qonunda belgilab qoʻyilgan tartibini buzish yoki uning taʼsis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi. Boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan asoslarga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga rad etish taqiqlanadi. Ya’ni rad etish uchun asoslar normativ-huquqiy hujjatlarda aniq ko‘rsatilishi lozim, zero huquqiy demokratik davlatda qonun ustovorligi asosiy tamoyil hisoblanadi.
Uchinchi bosqichda, agar arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar kamchiliklarga bo‘lmasa, va uning faoliyati qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasa, Davlat xizmatlari markazi davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng Davlat organlari va tashkilotlari taʼsis hujjatlarini (nizom) QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻygan holda tasdiqlaydi. Shu bilan birga, Davlat tashkiloti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma hamda uning belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis hujjatlarini ariza beruvchiga taqdim qiladi. Aynan shu paytdan boshlab, yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tgan hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektlari bo‘lgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi ushbu faoliyat shug‘ullanmaydigan yuridik shaxslardan farqli ravishda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning ahamiyati. Umuman olganda, tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazish tashkilotga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- ➖Birinchidan, huquqiy maqomga ega bo‘lish — qonuniy faoliyat yuritish, shartnoma tuzish, mol-mulkka ega bo‘lish, sudda ishtirok etish;
- ➖Ikkinchidan, moliyaviy imkoniyatlar — bank hisob raqamlarini ochish, grantlar, subsidiyalar, homiylik mablag‘larini olish;
- ➖Uchinchidan, soliq tizimida hisobga qo‘yish — shaffof moliyaviy faoliyat yuritish imkonini beradi;
- ➖To‘rtinchidan, javobgarlik tizimini belgilash — tashkilot va rahbarning mas’uliyati aniq belgilangan bo‘ladi;
Aksincha, davlat ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar esa bu huquqlarga ega bo‘lmaydi va ularning faoliyati qonuniy subyekt sifatida tan olinmaydi.
Taklif o‘rnida, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va keng foydalanish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Zero, ushbu texnologik fenomen O‘zbekiston fuqarolik huquqi raqamli transformatsiyasi jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — bu faqatgina rasmiy jarayon emas, balki fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, davlat boshqaruvi samaradorligi va huquqiy davlat qurilishi uchun zarur shart-sharoitdir.
Bunday tashkilotlar iqtisodiy faoliyat yuritmaydi, ammo ijtimoiy, huquqiy, madaniy va ekologik sohalarda beqiyos rol o‘ynaydi. Shu bois ularning huquqiy maqomini belgilash va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish — O‘zbekistonning demokratik islohotlarini chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadamlardan biridir.
Kelgusida bu sohadagi islohotlar, ayniqsa, jarayonni raqamlashtirish va soddalashtirish orqali, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga katta turtki beradi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi, boshqaruv tizimini samaraliroq qiladi va ijtimoiy barqarorlikni kuchaytiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2025-y., 03/25/1070/0536-son
[2] O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida” Qonun // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son
[3] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 542-son qarori // Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son