Skip to main content

Korporativ nizo: sud bayonnomani tanlayapti, qonun esa

Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) institutida ishtirokchining jamiyatdan chiqishi masalasi, bir qarashda, oddiy ko‘rinadi: ishtirokchi chiqish haqida jamiyatni ma’lum qiladi, umumiy yig‘ilish bayonnomasi rasmiylashtiriladi – masala yopilgandek. Ammo aynan shu “oddiylik” sud amaliyotida jiddiy huquqiy xatolarga olib kelmoqda.

Xususan, bir sud ishida ishtirokchining jamiyatdan chiqishi bayonnoma bilan yakunlangan huquqiy fakt sifatida qabul qilingan, holbuki, amaldagi qonunchilik bu masalani mutlaqo boshqacha hal qiladi. Natijada, ustavga o‘zgartirish kiritilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan “chiqish” sud tomonidan tan olinib, kreditorlar manfaatlari e’tibordan chetda qolgan.

Bu muammo nafaqat korporativ huquqning ichki mantiqiga, balki davlat reyestrining huquqiy ahamiyatiga ham putur yetkazadi. Chunki agar ishtirokchi reyestrda mavjud bo‘la turib, sud tomonidan “chiqqan” deb tan olinsa, unda savol tug‘iladi: davlat reyestri kim uchun va nima maqsadda yuritiladi?

Mazkur maqolada Jizzax viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining “Madad Agro Bioxim Servis” MChJ ishi bo‘yicha qabul qilgan ajrimi misolida aynan shu masala tahlil qilinadi. Sud ajrimida keltirilgan vajlar ketma-ket ko‘rib chiqilib, ularning amaldagi qonunchilik va huquqiy doktrina nuqtayi nazaridan qanchalik asosli ekani baholanadi.


Ishning qisqacha mazmuni

Nizo “Madad Agro Bioxim Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bankrot deb topilishi bilan bog‘liq. Jamiyat kreditori qarzdorlikni jamiyat ta’sischilaridan biri bo‘lgan “Qo‘sh Imkon” fermer xo‘jaligidan solidar tartibda undirishni talab qilib sudga murojaat qiladi.

Birinchi instansiya sudi da’voni qanoatlantirib, quyidagilarga tayanadi:

  • ➖jamiyat ustav fondi belgilangan bo‘lsa-da, amalda shakllantirilmagan;
  • ➖ta’sischi o‘z ulushini kiritmagan;

“Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, bunday holatda ishtirokchi jamiyat majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgar bo‘lishi mumkin.

Apellyatsiya instansiyasi esa ushbu qarorni bekor qilib, da’voni rad etadi. Sud ajrimida rad etish uchun bir nechta asoslar keltiriladi, jumladan:

  • ➖javobgar jamiyat ustav fondiga ulush qo‘shmagan;
  • ➖u jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan, zarar yetkazmagan;
  • ➖javobgar 2018-yilda umumiy yig‘ilish bayonnomasi asosida jamiyat ta’sischilari safidan chiqqan;
  • ➖shu sababli javobgar jamiyat majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Aynan mana shu masalalar ushbu maqolada alohida-alohida tahlil qilinadi. Chunki sud tomonidan keltirilgan ushbu asoslar yuzaki qaralganda mantiqli tuyulishi mumkin, biroq ular amaldagi moddiy va protsessual huquq normalari bilan solishtirilganda jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.


Ishtirokchining jamiyatdan chiqishi: huquq va uning amalga oshirilish mexanizmi

MChJ ishtirokchisining jamiyatdan chiqishi masalasida sud amaliyotida ko‘pincha huquq bilan mexanizm aralashtirib yuboriladi. Holbuki, “chiqish huquqi mavjudligi” va “chiqish huquqining huquqiy oqibatlari yuzaga kelishi” – ikki mutlaqo boshqa masaladir.

1. Ishtirokchining jamiyatdan chiqish huquqi

“Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq, ishtirokchi:

  • jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligidan qat’i nazar, ushbu Qonunda va jamiyat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda jamiyatdan chiqish huquqiga ega.

Mazkur norma ishtirokchiga subyektiv huquq beradi. Ya’ni ishtirokchi jamiyatda majburan ushlab turilmaydi, chiqish uchun boshqa ishtirokchilarning roziligi talab etilmaydi.

Ammo bu norma chiqishning huquqiy mexanizmini to‘liq belgilamaydi. U faqat huquqni e’lon qiladi. Huquqning qanday amalga oshirilishi esa boshqa normalar bilan belgilanadi.


2. Chiqish huquqini amalga oshirishning birinchi bosqichi: rasmiylashtirish

Ishtirokchining chiqishi avvalo irodaviy harakat bilan boshlanadi. Amaliyotda bu quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:

  1. 1. ishtirokchining jamiyat nomiga yozma arizasi;
  2. 2. ushbu ariza asosida umumiy yig‘ilish o‘tkazilishi;
  3. 3. umumiy yig‘ilish bayonnomasida ishtirokchining chiqishi qayd etilishi va qaror qabul qilinishi.

Bu bosqich muhim, ammo u hali huquqiy holatni o‘zgartirmaydi. Bayonnoma ishtirokchining chiqish istagini aks ettiradi, jamiyat ichki boshqaruv hujjati hisoblanadi, lekin uchinchi shaxslar uchun mustaqil huquqiy oqibat tug‘dirmaydi.

Aynan shu nuqtada sud ajrimida xato boshlanadi: bayonnoma huquqiy fakt bilan tenglashtiriladi.


3. Ikkinchi bosqich: ustavga o‘zgartirish kiritish – majburiy talab

Ishtirokchining jamiyatdan chiqishi muqarrar ravishda jamiyat ta’sis hujjatlarida aks etishi kerak. Chunki:

  • ➖ishtirokchilar tarkibi o‘zgaradi;
  • ➖ustav fondidagi ulushlar qayta taqsimlanadi;
  • ➖jamiyatning korporativ tuzilmasi yangilanadi.

Shu sababli, ishtirokchining chiqishi, birinchidan, ustavga o‘zgartirish kiritishni talab qiladi, ikkinchidan, bu o‘zgartirish umumiy yig‘ilish qarori bilan tasdiqlanadi.

Ustavga o‘zgartirish kiritilmagan bo‘lsa, jamiyatning ta’sis hujjatlarida ishtirokchi mavjud bo‘lib qoladi va yuridik jihatdan u jamiyat tarkibidan chiqmagan hisoblanadi.

Bu holatni faqat ichki hujjat – bayonnoma bilan bartaraf etib bo‘lmaydi.


4. Uchinchi bosqich: davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazish

Birinchidan, Fuqarolik kodeksining 43-moddasi oltinchi qismiga ko‘ra taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega boʻladi.

Ikkinchidan, maxsus norma “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 49-moddasi qat’iy qoida o‘rnatadi:

  • Ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Bu norma dispozitiv emas, imperativ xarakterga ega. Ya’ni ustavga o‘zgartirish kiritildi – majburiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, ro‘yxatdan o‘tkazilmaguncha, o‘zgartirishlar uchinchi shaxslar uchun huquqiy kuchga ega emas.

Qonunning 49-moddasi Vazirlar Mahkamasining 09.02.2017 yildagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom orqali konkretlashtiriladi. Mazkur Nizomning 7-ilovasiga ko‘ra:

  • muassislar tarkibidagi o‘zgarishlar, vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab 30 kun ichida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

Demak, ishtirokchining jamiyatdan chiqishi ariza va bayonnoma, ustavga o‘zgartirish kiritish, davlat reyestrida qayta ro‘yxatdan o‘tkazish zanjiri orqali huquqiy yakun topadi. Agar bu zanjirning oxirgi bo‘g‘ini – davlat ro‘yxati – bajarilmagan bo‘lsa, chiqish huquqiy jihatdan tugallanmagan hisoblanadi.


Sud ajrimida keltirilgan vajlar tahlili

Apellyatsiya instansiyasi o‘z ajrimida javobgarni javobgarlikdan ozod qilish uchun bir nechta vajlarni ketma-ket keltiradi. Ushbu vajlar bir qarashda mantiqli tuyulishi mumkin, biroq ularni amaldagi qonunchilik va huquqiy mantiq nuqtayi nazaridan tahlil qilganda jiddiy muammolar yuzaga chiqadi.

Quyida sud ajrimida bevosita keltirilgan asoslar alohida ko‘rib chiqiladi.


1-vaj: Jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar isbotlanmagan

Ajrimda sud quyidagicha xulosa qiladi:

  • “Ish hujjatlarida “Madad Agro Bioxim Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan kelib chiqqan zarargа doir dalillar mavjud emas.”

Sud ushbu fikr orqali shuni anglatmoqchiki, agar javobgar jamiyat faoliyati natijasida zarar yetkazgani isbotlanmagan bo‘lsa, u javobgarlikka tortilmasligi kerak. Xo‘sh, bu vaj nimasi bilan muammoli?
Mazkur vaj ishning huquqiy asosiga umuman mos kelmaydi. Sababi da’vo jamiyat tomonidan zarar yetkazilganligi bilan emas, javobgarning aybli xatti-harakatlari bilan ham emas, balki MChJ to‘g‘risidagi Qonunning 3-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan maxsus solidar javobgarlik bilan bog‘liq.

Mazkur norma zarar mavjudligini, aybni, jamiyat faoliyatiga aralashishni talab qilmaydi. Sud esa aynan shu elementlarni asossiz ravishda baholash predmetiga aylantirgan. Boshqacha aytganda, sud aybga asoslangan javobgarlik mezonlarini ayb talab qilinmaydigan korporativ javobgarlikka qo‘llagan.


2-vaj: Jamiyat bankrotligi javobgar harakati bilan bog‘liq emas

Ajrimda sud auditorlik xulosasiga tayangan holda shunday deydi:

“Jamiyatning bankrotlik holatiga kelib qolishiga javobgarning biron-bir uzviy bog‘liq aloqasi mavjud emas”

Sud bu bilan javobgar jamiyatning moliyaviy inqirozida aybdor emasligini asos qilib ko‘rsatadi. Bu vaj ham ishning huquqiy konstruktsiyasidan chetga chiqadi. Chunki da’vo subsidiar yoki delikt javobgarligi asosida qo‘yilmagan, javobgarning bankrotlikka sabab bo‘lgani isbotlanishi shart bo‘lgan holat emas, aksincha da’vo ustav fondiga ulush kiritilmaganligi faktiga asoslangan.

Sud bankrotlik sabablari va auditorlik xulosasini keng tahlil qilib, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan faktlarni asos sifatida keltiradi.


3-vaj. Sudning eng bahsli vaji: “reyestrda qolgan bo‘lsa-da, majburiyat kelib chiqmagan”

Apellyatsiya instansiyasi ajrimida alohida urg‘u bilan quyidagi fikr bayon etiladi:

Garchi, javobgar faqatgina umumiy yig‘ilish bayonnomasi asosida ta’sischilar safidan chiqqanligi, lekin yuridik shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasida ta’sischilar safidan chiqarilmagan bo‘lsa-da, javobgarning 2018 yildan buyon jamiyat oldida biron-bir majburiyati kelib chiqmaganligini ko‘rsatadi.”

Mazkur jumla sud qarorining tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi. Sud, mohiyatan, quyidagi xulosani ilgari surmoqda: “ishtirokchi reyestrda qolgan bo‘lsa ham, agar u jamiyat oldida real majburiyat bajarmagan bo‘lsa, u javobgar emas”

Aynan shu yerda sud uchta huquqiy xatoga yo‘l qo‘yadi.


1️. Reyestrda qolish – huquqiy holat, u “formallik” emas.

Sud ajrimidan ko‘rinadiki, reyestrdagi ma’lumot ikkinchi darajali holat sifatida qabul qilingan. Holbuki, fuqarolik huquqida yuridik shaxslar va ularning muassislari to‘g‘risidagi davlat reyestri: oddiy axborot bazasi emas, balki uchinchi shaxslar uchun ishonchli huquqiy manba hisoblanadi.

Agar shaxs reyestrda ta’sischi sifatida qayd etilgan bo‘lsa, u:

  • – jamiyatning ichki munosabatlaridan qat’i nazar,
  • – uchinchi shaxslar oldida ishtirokchi maqomini saqlab qoladi.

Sud esa reyestrdagi holatni e’tibordan chetda qoldirib, ichki hujjat – bayonnomani ustun qo‘yadi. Bu yondashuv Fuqarolik kodeksining 43-moddasiga bevosita zid.


2️. “Majburiyat kelib chiqmagan” degan vaj – predmetdan tashqari

Sudning yana bir xatosi shundaki, u javobgarning: “2018 yildan buyon jamiyat oldida majburiyati kelib chiqmagan” degan holatni hal qiluvchi ahamiyatga ega deb baholaydi.

Biroq bu ishda yuqorida aytilganidek, javobgarning jamiyat oldidagi majburiyati emas, javobgarning kreditorlar oldidagi korporativ javobgarligi muhokama qilinmoqda. MChJ to‘g‘risidagi Qonunning 3-moddasi ikkinchi qismi ishtirokchining jamiyat ichidagi faoliyati bilan emas, ustav fondiga ulush kiritilgan-kiritilmaganligi bilan bog‘langan.

Shu sababli “jamiyat oldida majburiyati bo‘lmagan” degan vaj, ish predmeti doirasidan tashqarida bo‘lib, huquqiy baholashga ta’sir qilmasligi kerak edi.


3. Sud “reyestrda qolgan bo‘lsa-da” degan ibora bilan o‘ziga zid xulosa chiqarmoqda

Ajrimdagi eng muammoli nuqta – sudning o‘ziga xos “ikkilamchi mantiqi”dir.

Sud bir vaqtning o‘zida javobgar reyestrda qolganini tan oladi, lekin shu bilan birga uni ishtirokchi sifatida tan olmaslikka urinadi. Bu mantiqiy va huquqiy jihatdan mos kelmaydi. Chunki:

  • ➖agar shaxs reyestrda ta’sischi bo‘lsa – u ishtirokchi;
  • ➖agar u ishtirokchi bo‘lsa – unga qonunda nazarda tutilgan oqibatlar tatbiq etiladi;
  • ➖agar oqibatlar tatbiq etilmasa – reyestrning o‘zi huquqiy ahamiyatini yo‘qotadi.

Sud esa ushbu zanjirni uzib, huquqiy aniqlik tamoyilini buzadi.


Mazkur vaj sud amaliyotida mustahkamlansa ishtirokchilar ustavga o‘zgartirish kiritmasdan, reyestrda qolgan holda javobgarlikdan qochishi mumkin, kreditorlar davlat reyestriga ishonib ish yuritish imkonidan mahrum bo‘ladi.

Shu bois, sudning: reyestrda qolgan bolsada, majburiyat kelib chiqmagan degan xulosasi na moddiy huquq, na protsessual huquq nuqtayi nazaridan qabul qilib bo‘ladigan yondashuv emas.

Tahlil qilingan sud ajrimi MChJ ishtirokchisining jamiyatdan chiqishi masalasida huquq bilan uning amalga oshirilish mexanizmi o‘rtasidagi farq e’tibordan chetda qolayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Sud ishtirokchining chiqish huquqini tan olgan holda, ushbu huquqning qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilgan-oshirilmaganini tekshirmagan.

Ishtirokchining jamiyatdan chiqishi faqat umumiy yig‘ilish bayonnomasi bilan yakunlanmaydi. Bu jarayon majburiy ravishda ustavga o‘zgartirish kiritilishi va ushbu o‘zgartirishlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan huquqiy kuchga ega bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan o‘zgartishlar esa uchinchi shaxslar, jumladan kreditorlar uchun huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.

Sud ajrimida reyestrda ta’sischi sifatida qolgan shaxsning javobgarligini rad etish orqali Fuqarolik kodeksining 43-moddasida mustahkamlangan uchinchi shaxslarni himoya qilish tamoyili amalda inkor etilgan. Natijada ichki korporativ hujjat davlat reyestridan ustun qo‘yilib, huquqiy aniqlik va ishonchlilikka putur yetkazilgan.

Shu bois MChJ ishtirokchisining jamiyatdan chiqishi masalasida sudlar huquqni emas, huquqiy mexanizmni mezon sifatida qabul qilishi zarur.

Categories: Fuqarolik huquqi