Pedagoglar uchun ipoteka subsidiya mexanizmi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda uy-joy bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ipoteka kreditlari tizimini takomillashtirish va aholining ayrim qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator normativ hujjatlar qabul qilinmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 69-son qaroriga ilovada belgilangan Nizom uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom subsidiya olish mezonlarini, hisoblash tartibini va ajratish mexanizmini tartibga soladi.
Kimlarga beriladi?
Subsidiya olish uchun quyidagi mezonlarga ega bo‘lgan pedagoglar murojaat qilishi mumkin:
| 1 | O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi; |
| 2 | 60 yoshdan oshmagan bo‘lishi; |
| 3 | ta’lim tashkilotida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi; |
| 4 | oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi) ega bo‘lishi; |
| 5 | kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi. |
Bunday shaxs Nizomda ariza beruvchi sifatida belgilanadi.
Subsidiya miqdori qancha?
Subsidiya ipoteka krediti uchun shakllantiriladigan boshlang‘ich badalning:
25 foizi miqdorida davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Bu yerda muhim jihat shundan iboratki, subsidiya miqdori ipoteka kreditining maksimal chegaralari bilan bog‘liq.
Ipoteka kreditlari miqdorida o‘zgarish bormi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son Farmoniga muvofiq, ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdori 15 foizga oshirildi.
Xususan:
| № | Hududlar | Hozir (2026 yil uchun) | Oldin (2024-yildan hozirchaga) |
|---|---|---|---|
| 1 | Toshkent shahrida | 480 mln so‘m | 420 mln so‘m |
| 2 | Hududlarda | 380 mln so‘m | 330 mln so‘m |
Demak, subsidiya ham aynan shu maksimal limitlar doirasida hisoblanadi.
Quyidagi misol orqali ipoteka krediti va subsidiya mexanizmini amaliy tarzda tushuntirib beramiz.
Faraz qilaylik, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi pedagog Jamshidbek uy-joy sotib olmoqchi. U oliy malaka toifasiga ega va 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgani sababli subsidiya olish huquqiga ega. Jamshidbek bankka murojaat qilib, maksimal miqdorda ipoteka krediti olishni rejalashtiradi.
Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ipoteka kreditining maksimal miqdori 480 mln so‘m etib belgilangan.
1-bosqich. Boshlang‘ich badalni aniqlash
Amaldagi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badal 25 foizni tashkil etadi.
Shunga ko‘ra, 480 mln so‘m × 25% = 120 mln so‘m.
Demak, Jamshidbek uy sotib olish uchun dastlab 120 mln so‘m boshlang‘ich badal to‘lashi kerak.
2-bosqich. Subsidiya miqdorini hisoblash
69-son qarorga muvofiq, pedagoglarga boshlang‘ich badalning 25 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Shunda 120 mln so‘m × 25% = 30 mln so‘m subsidiya.
Bu summa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jamshidbekning bank hisobiga o‘tkaziladi.
Ariza berish tartibi qanday?
Subsidiya olish uchun ariza Davlat xizmatlari markazi orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali beriladi. Ariza topshirishda:
- ortiqcha hujjatlar talab qilinmaydi;
- ma’lumotlar davlat organlari tomonidan avtomatik tekshiriladi;
- ariza beruvchi faqat kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga javob beradi.
Barcha pedagoglar subsidiya oladimi?
Yo‘q, barcha pedagoglar subsidiya ololmaydi. Nizomning 3-bobiga ko‘ra, ariza beruvchilar ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.
| № | Mas’ul tashkilot | Tekshiriladigan ma’lumot |
|---|---|---|
| 1 | Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi | Ariza beruvchi, shu jumladan, uning turmush oʻrtogʻining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida ikki va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjud yoki mavjud emasligi |
| 2 | Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi | Ariza beruvchining pedagogik faoliyat boʻyicha kamida 15 yil ish stajiga ega yoki ega emasligi, shu jumladan, ariza topshirgan vaqtda faoliyat yuritayotgani |
| 3 | Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi | Tegishliligi boʻyicha ariza beruvchining oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega pedagog ekanligi |
| 4 | Ishtirok etuvchi tijorat banklari | Ariza beruvchining kredit tarixi bank ichki talablariga muvofiqligi |
Shuningdek, uy-joyga ega bo‘lmagan shaxslarga ustuvorlik beriladi.
Mazkur tartibga ko‘ra, ipoteka kreditlari miqdorining oshirilishi va subsidiya mexanizmining joriy etilishi pedagoglarning uy-joy bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Biroq subsidiya avtomatik tarzda berilmaydi. Har bir ariza beruvchi belgilangan mezonlar asosida baholanadi va faqat talablar bajarilgan taqdirda subsidiya ajratiladi.